Singapur — bu hashamatli osmono‘par binolari, futuristik bog‘lari va qat’iy qoidalari bilan mashhur davlat. Balki siz bu yerda Marina Bay Sands kazinosida omadingizni sinab ko‘rish mumkinligini bilasiz, ammo oddiy saqichni olib kirish qonun bilan taqiqlanganini bilmasligingiz mumkin. ICA (Immigration & Checkpoints Authority) saytida saqich “Taqiqlangan va nazorat qilinadigan tovarlar” ro‘yxatida qayd etilgan. Nega bu ziyonsiz mahsulot bunday “sharafga” sazovor bo‘ldi?

MRT va saqich
Singapurda ma’lum turdagi saqichlarni chaynashga ruxsat beriladi. 1992-yildagi taqiq oddiy saqichlarga tegishli edi. 2004-yilda taqiq qisman bekor qilindi va terapevtik ta’siri bor (masalan, nikotinli) va dorixonalarda sotiladigan stomatologik saqichlarni sotish va iste’mol qilishga ruxsat berildi. Muammo saqichni noto‘g‘ri utilizatsiya qilganda boshlanadi. Saqichlarni noto‘g‘ri utilizatsiyalash 1992-yilda import va sotishga taqiq qo‘yishning sababi bo‘lgan. Gap shundaki, vandallar metroda (MRT) eshik sensorlarini saqich bilan yopishtirib, transport tizimining ishlashini to‘xtatib qo‘ygan. Bundan tashqari, trotuarlardan, jamoat joylaridan va h.k. saqichni tozalash bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan. Bu katta resurslarni talab qilgan. Natijada hokimiyat jamoat transportining tozaligi va uzluksiz ishlashini saqlab qolish uchun radikal choralar ko‘rishga qaror qildi.

Tupurish yoki saqichni noto‘g‘ri joyga yopishtirganda birinchi marta qoidani buzganlik uchun 1000 singapur dollarigacha (taxminan 750 AQSH dollari) jarima solinishi mumkin. Shuning uchun Singapurni hazilomuz ravishda “Jarima shahri” deb atashadi.
Tozalik milliy g‘oya sifatida
Singapur o‘z tozaligi va orastaligi bilan faxrlanadi. Bu dunyodagi eng toza shaharlardan biri hisoblanadi. Tozalik va tartib nafaqat parvarishlangan bog‘lar hamda parklarda, balki chiqindilar va hatto hojatxonadan foydalanishga oid qat’iy qoidalarda ham namoyon bo‘ladi. Bu perfeksionizm ortiqcha ko‘rinishi mumkin, ammo bu Singapur milliy g‘oyasining bir qismi — ideal, qulay va xavfsiz jamiyatga intilishdir.
Bunday qat’iylik aholisi zich bo‘lgan davlat uchun majburiy chora hisoblanadi. Cheklangan maydon sharoitida tozalik va tartibni saqlash jamoat gigiyenasi va salomatligi masalasiga aylanadi. Aks holda, shahar kasalliklarni tarqatadigan nosanitar joyga aylanish xavfi bor.

Shaxsiy mas’uliyat va jamoat manfaati
Singapurda saqich chayishning taqiqlanishi, shubhasiz, keskin chora, biroq bu jamiyat farovonligi uchun shaxsiy mas’uliyatning qanchalik muhimligini namoyon etadi. Boshqa Osiyo mamlakatlarida, masalan, Yaponiyada deyarli hech qanday jamoat chiqindi qutilari yo‘q. Chunki u yerda yaponcha “o-souji” (tozalash) tushunchasi ya’ni odamlar o‘zlaridan keyin tozalashlari kerakligi haqida madaniyat mavjud.

Shunday qilib Singapur va Yaponiya, har xil yo‘llar bilan bo‘lsa ham, o‘z xalqini onglilik va atrof-muhitga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqiradi. Savol shundaki, qaysi biri samaraliroq: Singapurdagi kabi umumiy nazorat va qat’iy jarimalar yoki Yaponiyadagi kabi mas’uliyat hissini tarbiyalash?
Singapurga saqich taqiqi sababli sayohat qilishdan qo‘rqish shart emas. Bu faqatgina o‘ziga xos va taraqqiy etgan shaharning umumiy manzarasidagi kichik bir detal xolos. Balki, Singapur o‘z mehmonlariga taklif etayotgan tozalik va tartibdan zavqlanish kerakdir. Va bu tajribani o‘z shahrimizni yaxshilash uchun olib kelish darkor.
Izoh (0)