O‘zbekistonda bir yil ichida minga yaqin odam ishlayotgan vaqtda jarohatlangan. Bu haqda 28-aprel kuni Bandlik vazirligi tashkil etgan mehnat muhofazasini raqamlashtirishga oid anjumanda maʼlum qilindi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.

Rasmiy raqamlarga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekistondagi ish jarayonlarida 868 ta baxtsiz hodisa yuz bergan. Oqibatda jami 976 kishi jarohatlangan. Shundan 261 kishi halok bo‘lgan, 685 nafari og‘ir tan jarohati olgan, 30 nafari yengil jabrlangan.
Vazir o‘rinbosari Raʼno Turdiboyeva “Daryo” muxbiri bilan suhbatda tadbir 28-aprel — Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni munosabati bilan tashkil etilganini aytdi.

“Har yilning 28-aprelida ish joyida halok bo‘lganlarni xotirlaymiz. Shu bilan birga, hamma ish beruvchi va xodimlar eʼtiborini mehnat muhofazasini taʼminlash muhimligiga qaratishga chaqiramiz. Anjumanda soha mutaxassislari ilmiy muloqot qilishdi. Eng yaxshi ish beruvchilar uchun uyushtirilgan tanlov g‘oliblari taqdirlandi. Xodimlariga yaxshi mehnat sharoiti yaratgan korxonalarga ham borib, boshqalarga namuna qanday bo‘lish kerakligini ko‘rsatamiz. Bularning bari baxtsiz hodisalarni kamaytirish va ishchilarga sifatli sharoit yaratishga targ‘ib bo‘ladi”, dedi vazirlik masʼuli.

Anjumanda raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektning mehnatni muhofaza qilish tizimidagi o‘rni muhokama qilindi. Ishlab chiqarishdagi xavf-xatarlarni avtomatlashtirilgan tarzda aniqlash, monitoring qilish va oldini olishga xizmat qiluvchi ilg‘or texnologik yondashuvlar to‘g‘risida gap bordi. Konferensiya yakunida ish joyida olamdan o‘tganlar xotirasiga bag‘ishlab, daraxt ekish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Qonunchilikka ko‘ra, marhumni dafn etish uchun davlat byudjeti hisobidan, Ijtimoiy himoya agentligi tomonidan bir martalik nafaqa to‘lanadi. Bugungi kunda mazkur nafaqa qiymati 1 million 712 so‘m.
2024-yilda 155,1 ming oilaga yaqin qarindoshlari vafot etishi sababli 241,6 milliard so‘m dafn marosimlari uchun yordam pullari to‘langan.
Izoh (0)