Jurnalist va siyosiy tahlilchi Sofiya Nina Burna-Asefi The Diplomat nashrida chop etilgan maqolasida Markaziy Osiyoda AQSH, Xitoy va Rossiya o‘rtasida koridorlar yaratish uchun raqobat kuchayib borayotgani, bu raqobatning mintaqa davlatlariga taʼsiri haqida mulohaza yuritadi.
Osiyoda va undan tashqaridagi hududlarda ham AQSH, Xitoy va Rossiya o‘rtasida raqobatdosh “koridorlar” yaratish planlari bilan ifodalangan shiddatli raqobat paydo bo‘lmoqda.
“Koridor” atamasi so‘nggi yillarda hukumatlar va tahlilchilar doiralarida ham mashhur so‘zga aylandi. “Koridor” tushunchasining maʼnosini to‘liq baholash uchun taʼrifning konturini tuzish maqsadga muvofiqdir. Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Rossiya tomonidan qo‘llaniladigan koridor yondashuvlari bir-biridan juda farq qilsa-da, bu strategiyaning asosini tashkil etuvchi bir-biriga bog‘langan uchta komponent mavjud.
Saymon Kertis va Yan Klausning transmilliy koridorlar taʼrifi hamda Jon Agnev va Alison Uilyamsning transkontinental nazariyalaridan foydalanib, koridor yondashuvini quyidagicha taʼriflash mumkin: Birinchisi, davlat hokimiyatini vaqt va makon bo‘yicha hududiylashtirish va proyeksiyalash; ikkinchisi, sivilizatsiyaning vaqt va makonga tarqalishi; uchinchisi — transmilliy temiryo‘llar, avtomobil yo‘llari, ko‘priklar, portlar, quvurlar va dengiz yo‘llarini qurish orqali davlat va uning qon aylanish tizimini kosmosga qadar kengaytirish, ko‘paytirish va o‘zgartirish.
Ushbu koridor yondashuvining markazida transmilliy yo‘lak qurish va xalqaro tartibni qayta shakllantirish o‘rtasida aniq bog‘liqlik mavjudligiga umumiy ishonch va tushunish yotadi. Ushbu konsepsiyaning birinchi zamonaviy namunasi Xitoy boshchiligidagi “Bir makon, bir yo‘l” loyihasidir.
Xitoy yo‘llari
2013-yilda Xitoy raisi Si Szinpin tomonidan Qozog‘istondagi sammitda eʼlon qilinganidan beri “Bir kamar, bir yo‘l” loyihasining asosiy ish hududi Osiyo bo‘lib kelgan. Ushbu loyiha oltita koridordan tashkil topgan, eng katta va eng rivojlangan koridor Xitoy—Pokiston iqtisodiy yo‘lagidir.
“Bir kamar, bir yo‘l” loyihasidan asosiy maqsad Xitoyning “dunyoning anʼanaviy ustaxonasi” bo‘lishdan yuqori texnologiyali va yuqori qiymatli iqtisodiyotga aylanishi, biotexnologiya, farmatsevtika kabi ko‘plab sanoat tarmoqlarida yetakchilik qilishidir. Sunʼiy intellekt (AI), robototexnika, avtomatlashtirilgan transport vositalari va aerokosmik sanoatni rivojlantirish ham bu koridorning muhim dasturlari hisoblanadi. Shunday qilib, Pokiston, O‘zbekiston (Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li va “Bir kamar, bir yo‘l” doirasidagi Xitoy—Markaziy Osiyo—G‘arbiy Osiyo yo‘lagi orqali), Qozog‘iston (Yangi Yevrosiyo quruqlik-ko‘prik koridori va Xitoy—Markaziy Osiyo—G‘arbiy Osiyo yo‘lagi), va Osiyoning boshqa mamlakatlari ishlab chiqarish markazlari sifatida ishlaydi va tranzit yo‘nalishlari bo‘lib xizmat o‘tab beradi.
“Bir kamar, bir yo‘l” ushbu koridor sxemasini harakatga keltiradi. Pekin bu loyiha bilan erishish maqsad qilingan muhim narsa bu global savdoni Xitoy tomonga o‘zgartirishdir. Bu muvaffaqiyatli bo‘lsa, Xitoyning xalqaro salmog‘i va yetakchilik imkoniyatlarini oshiradi. Shuningdek, u iqtisodiy tortishish kuchi markazini sharqqa siljitadi va u bilan birga Osiyo, Afrika va Yevropani ham oziga torta boshlaydi.
AQSH va uning sheriklari uchun buning oqibatlari juda chuqur bo‘ladi. Si Szinpin bu loyihalarni “Xitoy orzusi” deb atagan — bu tushuncha Xitoyning xalqaro jamiyatda yangi yetakchi roli haqidagi orzudir. Yumshoq kuchga, shuningdek, qattiq quvvat va moddiy chidamlilik Xitoyning yangi obrazi bo‘lib shakllanishi kerak. Barcha koridorlar kabi, “Bir kamar, bir yo‘l” ham rivojlanayotgan dunyo bo‘ylab Xitoy sivilizatsiyasini rivojlantirish va bu mamlakatlarni “raqamli koridorlar” orqali Xitoy texnologiyasi bilan bog‘lash vositasidir.
Ammo barcha orzular haqiqatga aylanmaydi. So‘nggi o‘n yil ichida bu rejalar davom etayotgan bo‘lsa-da va “Bir kamar, bir yo‘l” ni tashkil etuvchi oltita yo‘lak oldinga siljigan bo‘lsa-da, Xitoyning “orzu”si amalga oshishi mavhum bo‘lib turibdi. Ayrim “Bir kamar, bir yo‘l” loyihalariga qarshilik Osiyoda va loyihaga jalb qilingan boshqa mamlakatlarda kelib chiqdi. Bu qarshiliklar asosan hamkorlikni qabul qiluvchi mamlakatning mahalliy siyosati, mahalliy ishchilar va mahalliy biznesning tijorat manfaatlaridan kelib chiqib ro‘y berdi.
Xitoy va Rossiya ham bir geografik hududda koridorlar o‘rnatishdan manfaatdor ko‘rinadi. CPEC loyihasi (China-Pakistan economic corridor — Xitoy—Pokiston ekonomik korridori) ikkinchi bosqichiga kirar ekan, 8-iyul kuni Pokistonning Xayber-Paxtunxva viloyati gubernatori Faysal Karim Kundi hukumatda CPEC koridorini O‘zbekistonga uzaytirish rejalari borligini maʼlum qilgan. “Taklif etilayotgan kengayish Ravalpindidan Kohatga (Pokiston) va Kohatdan Parachinarga (Pokiston) yo‘l tashkil etish va oxir-oqibat O‘zbekiston bilan bog‘lanishni maqsad qilgan”, degan Kundi o‘z bayonotida.
Rossiyaning rejalari
Rossiya uchun Osiyodagi transmilliy yo‘laklar tashqi siyosat maqsadlarida asosiy ustuvor yo‘nalishga aylandi. 2022-yil fevralida Ukrainaga keng miqyosli bostirib kirish va undan keyingi xalqaro sanksiyalardan beri Rossiya Osiyoda Yevropani aylanib o‘tib, yangi bozorlar topadigan transport loyihalarini ishlab chiqmoqda va qo‘llab-quvvatlamoqda.
Rossiyaning Osiyodagi transmilliy koridorlari orasida 2000-yilda Eron, Rossiya va Hindiston tomonidan tashkil etilgan 7200 kilometr uzunlikdagi hukumatlararo transport loyihasi bo‘lgan Shimol—Janub xalqaro transport koridori bor. Bu loyiha ishtirokchilari ro‘yxatida hozirda Ummon, Turkiya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Qozog‘iston, Afg‘oniston va Pokiston bor. Yana bir koridor — Shimoliy dengiz yo‘li, u Rossiyaning shimoliy qirg‘oq chizig‘i bo‘ylab joylashgan, mamlakatni Tinch okeani bilan bog‘laydigan dengiz yo‘llari to‘plamini tashkil etadi. Bu yo‘lak Rossiya qonunchiligida “g‘arbdagi Qora darvoza va Bering bo‘g‘ozi o‘rtasidagi Arktika dengiz yo‘llari to‘plami” deya taʼriflangan. Uchinchi yo‘nalish esa Shimoliy yo‘lak bo‘lib, u Yevropani Xitoy bilan Rossiya va Qozog‘iston yoki Mo‘g‘uliston orqali taxminan 5400 kilometr uzunlikdagi poyezd yo‘nalishi orqali bog‘laydi.
Rossiya uchun koridor yondashuvi siyosiy elita tomonidan “Katta Yevrosiyo hamkorligi”ni qurish vositasi sifatida tushuniladi. Ushbu hamkorlikning maqsadi ikki tomonlama: “Bir makon, bir yo‘l”ni Rossiya boshchiligidagi iqtisodiy bojxona ittifoqi, shu jumladan Rossiya, Qozog‘iston, Armaniston, Qirg‘iziston va Belarus aʼzolari sifatidagi Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi (YOII) bilan hamkorlikka tortish va bog‘lash; Shuningdek, Xitoy bilan raqobatlashish va undan uzoqlashish, kuzatuvchilar va YeOII aʼzolarini Eron, Hindiston va Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘lash.
Iyul oyida bo‘lib o‘tgan Rossiya-Hindiston ikki tomonlama sammitida Hindiston bosh vaziri Narendra Modi va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida INSTC uchun yangi transport yo‘nalishlarini yaratish, Chennay—Vladivostok dengiz liniyasini rivojlantirish va yagona bojxona tartibini yaratish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Tovarlarning to‘siqsiz harakatlanishi uchun intellektual raqamli tizimlarni qo‘llash bo‘yicha memorandum imzolandi. Bundan bir oy oldin Putin Pokistonga INSTCga aʼzo bo‘lishni taklif qilgan. Rossiya Afg‘onistonning transport loyihalariga ham o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Rossiya ommaviy axborot vositalarining yozishicha, Rossiya transafg‘on temiryo‘li loyihasini moliyalashtirish va texnik-iqtisodiy asoslash ishlarini olib borishga tayyorligini bildirgan.
G‘arbning harakatlar
Qo‘shma Shtatlar va uning hamkorlari aloqa loyihalariga ko‘proq eʼtibor berib, tashqi siyosat yo‘nalishlarini ham o‘zgartirdilar. Ushbu guruh tomonidan eʼlon qilingan asosiy yo‘laklarga AQSH, Yevropa Ittifoqi va Hindiston bilan Hindiston—Yaqin Sharq—Yevropa iqtisodiy koridori, shuningdek, AQSH prezidenti Jo Bayden tomonidan 2021-yilda birinchi marta ishga tushirilgan “Global infratuzilma va investitsiyalar bo‘yicha hamkorlik (PGII)“ yo‘laklari kiradi. Ushbu loyihalar Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l”iga javob sifatida ko‘riladi. Ushbu loyihalarni jadallashtirish va qo‘shimcha mablag‘larning kiritilishi transmilliy yo‘laklarning buyuk davlat geosiyosiy strategiyasida katta rol o‘ynashini eʼtirof etishdan boshqa narsa emas. AQSH, shuningdek, Rossiyani chetlab o‘tuvchi boshqa transmilliy yo‘laklarni, masalan, Xitoydan Markaziy Osiyo va Kaspiy dengizi orqali Ozarbayjonga, Gruziya orqali Qora dengizga cho‘ziladigan O‘rta yo‘lak loyihasi, multimodal quruqlik va dengiz transporti yo‘nalishini maʼqulladi.
Qo‘shma Shtatlarning koridor yondashuvi va Xitoyning yondashuvi o‘rtasida ikkita asosiy farq bor. AQShning PGII flagman koridori “Bir makon, bir yo‘l”ga raqobatchi sifatida tan olingan bo‘lsa-da, u ko‘pincha “demokratik davlatlarni rivojlanayotgan mamlakatlarga o‘z infratuzilmasini yangilashda yordam berish uchun birlashtirish maqsadi” bilan tashkil etilgani iddao qilinadi. Shu bilan birga AQSH koridori xususiy tashabbus hisoblanadi. “Bir makon, bir yo‘l” esa davlat tomonidan boshqariladigan tashabbusdir. Shuning uchun AQSHga qarashli PGII dasturini moliyalashtirish “Bir makon, bir yo‘l” ga nisbatan ancha past.
G‘arbning “Bir makon, bir yo‘l”ga raqobatchi deb hisoblangan yana bir yirik loyihasi — bu EI Global Gateway Initiative dasturidir. Ushbu tashabbus 2021- yildan 2027-yilgacha asosiy tarmoqlarga, shu jumladan transportga 300 milliard yevrogacha davlat va xususiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida YeI va Yevropa taraqqiyot moliya institutlari tomonidan 2023-yilda start berilgan investitsiya dasturidir. O‘rta koridor loyihasi ushbu jamg‘arma tomonidan yo‘naltirilgan asosiy loyihalardan biri bo‘lib, 2025-yilda qabul qilinadigan, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan Mintaqaviy transport dasturi bo‘lib, unda Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo mintaqasida “mavjud va kelajakda transport bilan bog‘liq loyihalarni ilgari surish uchun texnik yordam taklif qiladi”.
AQSH va uning hamkorlari uchun koridor yondashuvining asosiy maqsadi xorijda G‘arb manfaatlari va taʼsiriga putur yetkazilmasligini taʼminlashdir. Bu Xitoyning jahon iqtisodiyotidagi o‘sib borayotgan taʼsirini boshqarish va nazorat qilishni anglatadi.
Xulosa
Osiyoda yangi geosiyosiy va geoiqtisodiy voqeliklar yuzaga kelmoqda. Osiyoni “koridorlashtirish” uchun barcha gegemon kuchlar tomonidan infratuzilmaga sarmoya kiritish, biz bilganimizdek, xalqaro tartibni o‘zgartirish davom etmoqda. Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” koridori so‘nggi o‘n yildan beri faol davom etayotgan bo‘lsa-da, hali ham AQSH va G‘arb ittifoqchilarida u bilan raqobatlashishga umid bor.
Ushbu dinamikani hal qilishda birinchi qadam G‘arb o‘z modelidan qanday qilib Osiyoga o‘zining iqtisodiy taʼsirini ular uchun to‘g‘ri bo‘lgan tarzda kengaytirish va loyihalash uchun foydalanishi mumkinligini anglab yetishidir. Ikkinchidan, siyosatchilar G‘arb global janubdagi kompaniyalarga G‘arb bozorlariga kirish imkonini beradigan yangi taʼminot zanjirlarini qayerda tuzishi mumkinligini o‘rganishi kerak. Uchinchi va oxirgi qadam — Osiyodagi infratuzilma loyihalariga investitsiyalarni ko‘paytirish, bu esa transport xarajatlari va foydani maksimal ko‘paytirishga yordam beradi.
Ushbu raqobatdosh transmilliy yo‘laklar kelgusi o‘n yillikni shakllantiradigan strategiya va geosiyosiy raqobat haqida yangi fikrlash tarzini shakllantirmoqda.
Izoh (0)