Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi Attari integratsiyalashgan nazorat-o‘tkazish punkti yopiladi. Qaror Hindiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Janubiy Kashmirda yuz bergan teraktdan so‘ng e’lon qilindi. Times of India nashriga ko‘ra, u darhol kuchga kiradi.

Pokiston fuqarolari, agar ularning amaldagi hujjatlari bo‘lsa, 2025-yil 1-maygacha aynan shu yo‘nalish orqali ortga qaytishlari mumkin. Pokiston va Hindiston o‘rtasidagi munosabatlar tarang bo‘lgani sababli rasmiy chegara punktlari soni juda cheklangan. Ulardan eng asosiylaridan biri aynan Attari hisoblanadi.
Teraktdan so‘ng Hindiston bir nechta sanksiyalarni joriy etdi:
- 1960-yilgi Ind daryosi suvlaridan foydalanish bo‘yicha bitim darhol to‘xtatiladi va Pokiston “transchegaraviy terrorchilikni qo‘llab-quvvatlashdan to‘liq voz kechgunga qadar” qayta tiklanmaydi. Shu vaqtga qadar bu bitim siyosiy va harbiy tarangliklarga qaramay, Pokiston uchun suv resurslarini barqaror ta’minlab kelgan.
- Pokiston fuqarolari uchun SAARC doirasidagi vizasiz kirish tartibi bekor qilindi. Bundan tashqari, ilgari berilgan barcha SPES vizalari nollashtiriladi. Ayni paytda Hindistonda SPES vizasi asosida bo‘lib turgan Pokiston fuqarolari mamlakatni 48 soat ichida tark etishi kerak.
- Pokiston Oliy komissiyasining Nyu Dehlidagi mudofaa, armiya, flot va aviatsiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari persona non grata deb e’lon qilindi. Ularga mamlakatni tark etish uchun bir hafta muhlat berildi.
- Hindiston o‘zining Islomoboddagi Oliy komissiyasidan mudofaa, flot va aviatsiya kuchlari bo‘yicha maslahatchilarini chaqirib oladi. Tegishli oliy komissiyalardagi bu lavozimlar tugatilgan hisoblanadi.
- Hindiston tashqi ishlar vaziri Vikram Misri barcha qarorlar Kashmir janubida 20 dan ortiq odam halok bo‘lgan va 10 dan ortiq kishi jarohatlangan teraktdan keyin qabul qilinganini tasdiqladi.
Kashmirdagi terakt
22-aprel kuni Hindiston shimolidagi Jammu va Kashmir hududida sodir bo‘lgan otishmada o‘nlab sayyohlar halok bo‘ldi. Fojia Paxalgam shahrida yuz bergan. Sayyohlar Boysaron vodiysidagi so‘qmoq bo‘ylab ko‘tarilayotganda, qurollangan shaxslar ularga qarata o‘t ochgan. Kamida 27 kishi, jumladan, ikki nafar chet ellik halok bo‘lgani ma’lum. Otishmadan so‘ng huquq-tartibot idoralari xodimlari va tibbiyot xodimlari voqea joyiga yetib kelgan.
Mahalliy hokimiyat hodisani terakt deb baholagan. Hindiston ichki ishlar vaziri Amit Shoh teraktga aloqador shaxslar jazosiz qolmasligini ta’kidlagan. Hujum uchun javobgarlikni Kashmir Resistance guruhi o‘z zimmasiga olgan. Hindiston Pokistonni terrorchilarni qo‘llab-quvvatlashda ayblagan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Kashmirda sodir bo‘lgan terrorchilik harakati oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani, jiddiy jarohat olgani munosabati bilan Hindiston prezidenti Draupadi Murmu va bosh vaziri Narendra Modiga ta’ziya yo‘llagan.
Izoh (0)