Ko‘pchilikda kartoshka, tuxum, makaron va boshqa mahsulotlarni pishirgandan so‘ng, qaynoq suvni rakovinaga to‘kib yuborish odat tusiga kirgan. Biz shu yo‘l orqali suv quvurlarini tozalaymiz, deb hisoblaymiz. Ammo bu haqiqatdan yiroqdir.

Muammo shundaki, zamonaviy maishiy kanalizatsiya tizimining aksariyati yuqori haroratga mo‘ljallanmagan plastik polimer materiallardan tayyorlangan. Masalan, sifonlar va quvurlar ko‘pincha polivinilxlorid (PVX)dan ishlab chiqariladi, bu material 65°C dan yuqori haroratda yumshay boshlaydi. Keskin harorat farqlari esa materiallarning deformatsiyasiga olib keladi, rezinali ulagichlar esa kuchli qizishdan keyin o‘zining germetik xususiyatini yo‘qotadi.
Shuningdek, quvur va sifonlar yana bir keng tarqalgan material — polipropilendan ishlab chiqarilib, uning harorati 80°C bilan cheklangan. Polipropilen va PVX qisqa muddatli yuqori haroratlarga (95°C gacha) bardosh bera oladi, lekin davomiy qaynagan suv aks ta’sir qiladi, ayniqsa, drenaj quvuri diametri kichik (40–50 mm) va ovqat bo‘laklari tufayli qisman toraygan bo‘lsa, quvurlar deformatsiyalanadi. Issiq suvni xavfsiz to‘kish uchun uni kamida 10 daqiqa sovitish yoki rakovinada sovuq suv bilan aralashtirish tavsiya etiladi.

Katta miqdorda qaynagan suvni to‘kkaningizda, kanalizatsiya tizimidagi rezinali ulagichlar harorat ta’sirida kengayadi va o‘zining siqib turib ushlash xususiyatini yo‘qotadi. Quvurlar ham qizib, egilib ketadi. Natijada rakovinadan suv sizib chiqishi, oshxona mebellariga zarar yetkazishi yoki hatto pastdagi qo‘shnilarni suv bosishi mumkin.
Yog‘ va oziq-ovqat qoldiqlaridan kelib chiqadigan iflosliklarni maxsus tozalovchi vositalarsiz faqat suv bilan tozalash deyarli imkonsiz. Aksincha, bunday harakatlar quvurlar va ularning ulanish qismlariga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

Kanalizatsiya quvurlarida ifloslanishlarning oldini olish uchun:
- Ovqat va yog‘ qoldiqlarini rakovinaga to‘kmang;
- Sochlarning kanalizatsiyaga tushishiga yo‘l qo‘ymang;
- Qurilish aralashmalari va nam salfetkalarni hojatxonaga tashlamang.
Vannaxonadagi rakovina va hojatxonaga issiq suv to‘kilganda nima bo‘ladi?
Ular santexnik-fayans, chinni, keramogranit va zanglamaydigan po‘latdan tayyorlanadi. Albatta, ushbu materiallar yuqori haroratlarga chidamli, lekin shunga qaramay qaynagan suvni to‘kish tavsiya etilmaydi. Chunki keramika materiallari turli harorat o‘zgarishlariga sezgir bo‘lib, mikro yoriqlar vujudga kelishi mumkin.
Izoh (0)