Sirdaryo viloyatiing Shirin shahrida 2,1 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan metan zapravka aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, “A.B” MCHJ rahbari T.K. jamiyatga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompress shoxobchasining gaz hisoblash uskunasiga tashqi taʼsir ko‘rsatgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (o‘g‘irlik juda ko‘p miqdorda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Dastlabki tergov davomida jamiyat tomonidan yetkazilgan zarar to‘liq undirilishi taʼminlandi.
“Svet” va gazdan noqonuniy foydalanayotgan metan zapravkalar
Aprel oyida Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi metan zapravkada bir oyda 1,8 milliard so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlangan edi. May oyida Qoraqalpog‘istonda 222,6 mln so‘mlik gazni muvofiqlik sertifikatisiz sotgan zapravka jarimaga tortilgandi.
May oyida Farg‘ona viloyatidagi metan zapravkada 1 milliard so‘mdan ziyod tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi. Avgust oyida esa O‘zbekiston tumanidagi metan gaz to‘ldirish shoxobchasida 792,5 million so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati fosh etilgandi.
Bundan tashqari, Angrendagi metan zapravkada 1,1 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan, Samarqanddagi metan zapravkada 6,6 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlangan.
Izoh (0)