Pokiston Mudofaa vazirligi Hindiston bilan urushga tayyorligini e’lon qildi. Vazirlik tegishli e’lonni o‘zining X ijtimoiy tarmog‘iga joyladi.

Pokiston o‘z murojaatida Hindiston hududlaridan birini tor-mor qilish bilan tahdid qilgan. Mudofaa vazirligi raketa uchirilgani aks etgan videoni sahifasiga joylagan.
Rahmat, Modi (Hindiston bosh vaziri Narendra Modi), sen millatimizni birlashtirding. Urushni xohlaysanmi? Pokiston tayyor, deyiladi rasmiy murojaatda.
O‘z navbatida, Pokiston mudofaa vaziri mazkur vaziyat xavotir uyg‘otishi kerakligini qayd etdi.
Dunyo ikki yadroviy davlat — Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi qarama-qarshilik kuchayib borayotganidan xavotirga tushishi kerak, dedi mudofaa vaziri Xavaja Asif.
Uning fikricha, bu mojaro “keng ko‘lamli urush”ga aylanib ketishi mumkin. Shu bilan birga, Asif nizoni muzokaralar yo‘li bilan hal qilish mumkinligiga umid bildirdi.
Davlatlar o‘rtasidagi munosabatning keskinlashishi sababi
Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar 22-aprel kuni bir guruh terrorchilar bahsli Jammu va Kashmir hududida tinch aholi va sayyohlarga hujum qilganidan keyin keskinlashdi. Terakt oqibatida 27 kishi halok bo‘lgan (ulardan 25 nafari Hindiston fuqarolari). Hujum uchun javobgarlikni Kashmir Resistance guruhi o‘z zimmasiga olgan.
Shundan so‘ng Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Pokiston fuqarolaridan mamlakatni tark etishni talab qildi. Hindiston Pokistonni terrorchilarni qo‘llab-quvvatlashdi ayblab, keskin choralar ko‘rdi. Jumladan, Attari nazorat-o‘tkazish punkti yopildi. 1960-yilgi Hind daryosi suvlaridan foydalanish bo‘yicha bitim darhol to‘xtatildi.
Pokiston fuqarolari uchun vizasiz kirish tartibi bekor qilindi. Ilgari berilgan barcha vizalar nollashtiriladi. Pokistonliklarga mamlakatni 48 soat ichida tark etish topshirildi. Bundan tashqari pokistonlik harbiy maslahatchilar bir hafta ichida Hindistondan chiqib ketishi lozim.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Kashmirda sodir bo‘lgan terrorchilik harakati oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani, jiddiy jarohat olgani munosabati bilan Hindiston prezidenti Draupadi Murmu va bosh vaziri Narendra Modiga ta’ziya yo‘llagan.
Izoh (0)