O‘zbekiston va Pokiston yetakchilari strategik sheriklikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Toshkentda rasmiy tashrif bilan kelgan Pokiston bosh vaziri tantanali kutib olingandi. Marosimdan so‘ng tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazildi. Muzokaralarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qabul qilingan “yo‘l xaritasi” asosida tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan choralar ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.


Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovarlar ro‘yxatini kengaytirish, fitosanitariya va karantin talablarini, bojxona tartib-taomillarini o‘zaro soddalashtirish, standartlarni yaqinlashtirish, elektron savdo platformalarini integratsiya qilish, xaridlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlash, banklararo hisob-kitoblar mexanizmlarini takomillashtirish va boshqalar ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
-Y4f-VDjq.jpg)
Yetakchi kompaniyalarning farmatsevtika, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, geologiya va mineral resurslar, to‘qimachilik, charm sanoati va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi.
Hududlar o‘rtasidagi ishbilarmonlik va madaniy aloqalarni rag‘batlantirish maqsadida davlat rahbari O‘zbekistonda ikki mamlakat hududlari forumini o‘tkazishni taklif etdi.

O‘zbekiston va Pokiston yetakchilari transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish va tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalariga ham alohida to‘xtaldi. Keyingi bir necha yilda O‘zbekiston—Afg‘oniston—Pokiston multimodal yo‘lagi orqali yuk tashish hajmi 5 barobar ko‘paygani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yuk aylanmasi hajmini yanada oshirish maqsadida qo‘shma transport-logistika kompaniyasini tashkil etishga kelishib olindi. Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amalda ilgari surish maqsadida birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish muhim ekani ta’kidlandi.
Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini joriy yil iyul oyida Lahor shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.



Tomonlar madaniy-gumanitar va turizm almashinuvini yanada kengaytirish muhimligini qayd etdilar. Shu ma’noda, o‘zaro Madaniyat haftaliklari va turizm dasturlari taqdimotlarini o‘tkazishga kelishib olindi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. BMT, Qo‘shilmaslik harakati, Islom hamkorlik tashkiloti, SHHT va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
O‘zbekiston prezidenti va Pokiston bosh vaziri terrorizm, radikalizm, islomofobiya va xavfsizlikka tahdid solayotgan boshqa zamonaviy xatarlarga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligini ta’kidladi.

Hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish maqsadida Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini ta’sis etish va uning birinchi yig‘ilishini kelgusi yilda o‘tkazishga kelishib olindi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Pokiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 25-fevral kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgandi. Uni Toshkent xalqaro aeroportida bosh vazir Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi. Qisqa suhbatdan so‘ng Shahboz Sharif Abdulla Aripov hamrohligida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga bordi va Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi. 26-fevral kuni Toshkent shahridagi Xalqaro kongress markazida Pokiston bosh vaziri rasmiy kutib olishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Sammit yakunida qo‘shma deklaratsiya va qator ikki tomonlama hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan. Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida yetakchilar O‘zbekiston—Pokiston qo‘shma biznes forumida ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston—Pokiston munosabatlari
Pokiston – O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib, 1991-yilning 20-dekabrida tan olgan. O‘zaro diplomatik munosabatlar esa 1992-yil 10-maydan boshlab o‘rnatilgan. Ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar keyingi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi.
2019-yildagi 122 million dollarlik savdo aylanmasi 2023-yilga kelib 387 million dollarga yetdi. 2024-yilda tovar ayirboshlash hajmi 400 million dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni 130 taga yetdi. Karachi va Toshkentda savdo uylari ochildi. Toshkent va Lahor o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar tiklandi.
Faol siyosiy muloqotlar, samarali parlamentlararo va idoralararo almashinuvlar davom etmoqda.
Izoh (0)