Hindiston Kashmirdagi sayyohlarga uyushtirilgan qurolli hujumdan so‘ng pokistonliklarga berilgan vizalarni bekor qildi. Pokiston Hindiston aviakompaniyalari uchun havo hududini yopdi va savdoni to‘xtatdi. Bu haqda ikki mamlakat OAVlari xabar bermoqda.

Hindiston Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, Pokiston fuqarolariga berilgan barcha vizalar 27-apreldan boshlab bekor qilinadi. Tibbiy vizalar 29-aprelgacha amal qiladi. Hindistonda bo‘lib turgan Pokiston fuqarolari viza muddati tugashidan oldin mamlakatni tark etishlari shart.
Ular Hindistonni Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi quruqlik chegarasida joylashgan yagona faoliyat yuritayotgan chegara nazorat punkti — Attari-Vagah orqali tark etishlari kerak. Belgilangan muddat o‘tgach, chegara nazorat punkti yopiladi.
Bunga javoban Pokiston Hindiston bilan barcha savdoni to‘xtatdi va “Hindistonga tegishli yoki undan foydalanayotgan” barcha aviakompaniyalar uchun o‘z havo hududini yopdi. Shuningdek, Islomobod Hindiston fuqarolariga Pokistonni tark etishni buyurdi va o‘z navbatida SAARC vizadan ozod qilish dasturi bo‘yicha berilgan vizalarni to‘xtatishini e’lon qildi.
Bundan tashqari, Pokiston Islomoboddagi mudofaa, harbiy-dengiz kuchlari va aviatsiya bo‘yicha hind maslahatchilarini persona non grata deb e’lon qildi.
22-aprel kuni Jammu va Kashmir shtatining Hindiston nazoratidagi qismida joylashgan Paxalgam shahri yaqinida qurollangan shaxslar sayyohlar guruhiga o‘t ochdi. 26 kishi halok bo‘ldi. Hujum uchun javobgarlikni o‘zini “Kashmir qarshiligi” deb atovchi ilgari noma’lum bo‘lgan harbiylashgan guruh o‘z zimmasiga oldi.
Hindiston hujumni Pokiston bilan bog‘lamoqda. Hindiston bosh vaziri Narendra Modi hujumni terakt deb atadi va aybdorlar “albatta javobgarlikka tortilishini” ta’kidladi. Pokiston hukumati hujumchilar bilan aloqasi borligini qat’iyan rad etmoqda.
Hujumdan so‘ng Hindiston Pokiston bilan diplomatik munosabatlar darajasini pasaytirdi va Pokiston harbiy attashelarini chiqarib yuborish, quruqlikdagi tranzit punktini yopish hamda suv resurslaridan birgalikda foydalanish to‘g‘risidagi shartnomaning amal qilishini to‘xtatish kabi bir qator choralarni e’lon qildi.
Pokistonning Islomobod va boshqa shaharlarida o‘nlab namoyishchilar Hindistonning shartnomani to‘xtatishiga qarshi norozilik namoyishiga chiqib, o‘z hukumatidan javob choralarini ko‘rishni talab qilishdi.
Izoh (0)