AQSH prezidenti Donald Tramp noqonuniy muhojirlar uchun “o‘zini o‘zi deportatsiya qilish” dasturi ishga tushishini aytdi. Bu haqda NBC News xabar berdi.

Tashabbusga ko‘ra, muhojirlarga stipendiya va mamlakatni ixtiyoriy tark etish uchun aviachipta taklif etiladi. Tramp mazkur dasturda qatnashib, “o‘zini yaxshi tutgan” muhojirlarga kelajakda AQSHga qaytish imkoniyati berilishi mumkinligini aytdi.
Biz ularga ozgina pul va samolyot chiptasini beramiz, keyin ular bilan ishlaymiz. Agar ular o‘zlarini yaxshi tutsalar va biz ularning qaytishini istasak, ularni iloji boricha tezroq qaytarishga harakat qilamiz, dedi siyosatchi.
AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi ixtiyoriy deportatsiyani targ‘ib qilish maqsadida reklama kampaniyasini yo‘lga qo‘ydi. Tramp ma’muriyati AQSH tarixidagi eng yirik deportatsiya operatsiyasini tayyorlamoqda. Jumladan, yiliga bir milliongacha odamni mamlakatdan chiqarib yuborish rejalashtirilgan. Mamlakatdagi noqonuniy muhojirlarning umumiy soni esa taxminan 11 millionga baholanmoqda. Biroq bunday keng qamrovli rejalarni amalga oshirishda huquqiy va moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelinishi mumkin.
AQSHda noqonuniy bo‘lib turganlarning deportatsiya qilinishi
AQSH prezidenti Donald Tramp maʼmuriyati noqonuniy migrantlarni sudsiz deportatsiya qilishga ruxsat bergan. Tramp saylovoldi kampaniyasidayoq muhojirlarni ommaviy deportatsiya qilishga va’da bergan. 2025-yil fevralida Kosta Rika O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston va Hindiston kabi davlatlarning AQSHdan deportatsiya qilingan 200 nafar fuqarosini qabul qilishga rozi bo‘ldi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Ahror Burhonov diplomatik vakolatxonalar O‘zbekistonning barcha fuqarolariga, ular qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, har tomonlama yordam ko‘rsatishini aytdi. 2025-yil fevralida 7 nafari Nyu York—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonga olib kelindi. Mart oyi boshlarida yana 10 nafar fuqaro AQSHdan O‘zbekistonga qaytarildi.
Deportatsiya qilinadigan O‘zbekiston fuqarolari soni 975 kishini tashkil etmoqda. Umumiy hisobda, turli davlatlardan 1 445 549 nafar chet el fuqarosi chiqarib yuboriladi. AQSHdan 2023-yil sentyabrdan 2024-yil sentyabrgacha O‘zbekistonga 572 kishi deportatsiya qilingan.
AQSHda migrantlar uchun o‘z-o‘zini deportatsiya qilishga mo‘ljallangan ilova ishga tushirilgan. CBP Home deb nomlangan mobil ilova noqonuniy migrantlarga hibsga olinmasdan, mamlakatni mustaqil ravishda tark etish imkonini beradi. Ular keyinchalik qonuniy ravishda qaytib kelishi mumkin bo‘ladi.
Izoh (0)