Pokistonlik astronavt Xitoyning “Tyangun” kosmik stansiyasidagi birinchi chet ellikka aylanadi. Hozirda Pekin orbitada ustunlik uchun Qo‘shma Shtatlar bilan qizg‘in kurash fonida kosmik diplomatiyani kuchaytirmoqda.

Pokistonlik fazogirning missiyasi haqida aniq to‘xtamga kelinmagan bo‘lsa-da, bu Pekin va Islomobod o‘rtasidagi yaqin kosmik aloqalarni mustahkamlashi aniq.
O‘tgan yili Pokiston Yevropa kosmik agentligi, Fransiya va Italiya yuklari bilan birga Xitoy kemasida Oyga sun’iy yo‘ldosh yubordi, deb xabar bermoqda Xitoy davlat matbuoti.
"Tyangun" 1998-yilda ishga tushirilgan Xalqaro kosmik stansiya bilan bir qatorda hozirda faoliyat yuritayotgan ikkita kosmik stansiyadan biridir. U 2021-yilda ish boshlaganidan beri faqat xitoylik astronavtlarga o‘z bag‘rini ochgan.
Missiya “Xitoy kosmik stansiyasining baynalmilallashuvidagi muhim qadamdir,” dedi astrofizik va Gonkong universiteti professori Kventin Parker.
Chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Xitoy kosmik agentligi pokistonlik astronavt foydali yuklar bo‘yicha mutaxassis bo‘lishini, missiya davomida kundalik vazifalarni, shuningdek, Pokiston uchun ilmiy tajribalarni bajarishini ma’lum qildi.
Ikki davlatning kosmik aloqalari o‘sib borayotgan bir paytda ularning Yer sharidagi iqtisodiy hamkorligi va savdosi ham birvarakayiga kuchayib bormoqda.
Pekinning “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi yirik loyihasi bo‘lgan Xitoy-Pokiston iqtisodiy yo‘lagi doirasida Xitoy Pokiston shimoli va janubidagi infratuzilmaga, jumladan, janubi-g‘arbiy Gvadar shahridagi chuqur suv porti, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi ko‘plab texnologik loyihalarga katta sarmoya kiritdi.
Missiya chorshanba kuni e’lon qilindi. Ikki davlat o‘rtasida kosmik hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma esa fevral oyida imzolangan edi.
Missiyaning asosiy maqsadi 29-aprel kuni Yerga qaytishi rejalashtirilgan Shenchjou-19 ekipaji bilan orbitada aylanishni yakunlashdir, dedi Xitoy boshqariluvchi koinot agentligi rasmiylari matbuot anjumanida.
Kosmosda astronavtlar ilmiy va amaliy tajribalar o‘tkazishadi. Bunda kosmik chiqindilardan himoya qiluvchi qurilma, transport vositasidan tashqari yuk va uskunalar o‘rnatilishi kutilmoqda.
Missiya, shuningdek, kosmik stansiyada kichik hayvonlar va organizmlar ustida tajribalar o‘tkazilishini ham nazarda tutadi. Xususan, bu hayvonlar qatoriga zebra baliqlari, planariya deb nomlanuvchi yassi chuvalchanglar va streptomitses bakteriyalari kiradi.
Izoh (0)