Hindiston va Pokiston harbiylari Jammu va Kashmirdagi chegara nazorat chizig‘ida bir-biriga qarata o‘q uzdi. Bu haqda NDTV xabar berdi.

Hindiston tomoniga ko‘ra, 24-aprel kuni Pokiston harbiylari chegara postlarini o‘qqa tutgan. Hodisa oqibatida qurbonlar va jarohatlanganlar qayd etilmagan.
Otishmaga samarali javob qaytarildi, deya ma’lum qildi Hindiston tomoni.
News18 portalining yozishicha, Pokiston chegaradagi otishma haqidagi ma’lumotni tasdiqlagan. Pokiston tomonidan qurbonlar haqida xabar berilmagan. Davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar 22-aprel kuni bir guruh terrorchilar bahsli Jammu va Kashmir hududida tinch aholi va sayyohlarga hujum qilganidan keyin keskinlashdi.
Terakt oqibatida 27 kishi halok bo‘lgan (ulardan 25 nafari Hindiston fuqarolari). Hujum uchun javobgarlikni Kashmir Resistance guruhi o‘z zimmasiga olgan. Shundan so‘ng Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Pokiston fuqarolaridan mamlakatni tark etishni talab qilgan.
Hindiston Pokistonni terrorchilarni qo‘llab-quvvatlashda ayblab, keskin choralar ko‘rgan. Jumladan, Attari nazorat-o‘tkazish punkti yopildi. 1960-yilgi Hind daryosi suvlaridan foydalanish bo‘yicha bitim darhol to‘xtatildi. Bitim tuzilgan yili tomonlar siyosiy ziddiyatlarga qaramay, suv resurslarini teng taqsimlashga kelishib olgan edi. Pokiston bu harakatni urush e’lon qilish deb baholadi.
Pokiston Mudofaa vazirligi bunga javoban Hindiston bilan urushga tayyorligini va uning hududlaridan birini tor-mor qilish bilan tahdid qildi. Pokiston Hindiston uchun havo hududini yopdi.
Izoh (0)