Hindiston razvedka xizmatlari Jammu va Kashmirda mamlakatning boshqa hududlari aholisi, sayyohlar, politsiya va temir yo‘l xodimlariga qarshi yangi terrorchilik hujumlari sodir etilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Bu haqda News18 telekanali o‘z manbalariga asoslanib xabar bermoqda.

22-aprel kuni Jammu va Kashmir shtatining Hindiston nazoratidagi qismida joylashgan Paxalgam shahri yaqinida qurollangan shaxslar sayyohlar guruhiga o‘t ochishi oqibatida 26 kishi halok bo‘ldi. Hujum uchun javobgarlikni o‘zini “Kashmir qarshiligi” deb atovchi ilgari noma’lum bo‘lgan harbiylashgan guruh o‘z zimmasiga oldi.
“Ogohlantirishda aytilishicha, Pokistonning idoralararo razvedkasi va u bilan bog‘liq terrorchilik tashkilotlari sayyohlar, mahalliy bo‘lmagan aholi, politsiya xodimlari va kashmirlik panditlarga (o‘qituvchilar, ruhoniylar - tahr.), ayniqsa Srinagar va Ganderbal tumanlarida ko‘proq hujumlar uyushtirishni rejalashtirmoqda”, deya ta’kidlaydi telekanal manbalari.
Shuningdek, razvedkadagi manbalar temir yo‘l infratuzilmasi va temir yo‘l xodimlariga qaratilgan ehtimoliy terrorchilik hujumlari haqida ham ogohlantirdi.
Hindiston hujumni Pokiston bilan bog‘lamoqda. Hindiston bosh vaziri Narendra Modi hujumni terakt deb atadi va aybdorlar “albatta javobgarlikka tortilishini” ta’kidladi. Pokiston hukumati hujumchilar bilan aloqasi borligini qat’iyan rad etmoqda.
Hujumdan so‘ng Hindiston Pokiston bilan diplomatik munosabatlar darajasini pasaytirdi va Pokiston harbiy attashelarini chiqarib yuborish, quruqlikdagi tranzit punktini yopish hamda suv resurslaridan birgalikda foydalanish to‘g‘risidagi shartnomaning amal qilishini to‘xtatish kabi bir qator choralarni e’lon qildi. Pokiston bu harakatni urush e’lon qilish deb baholadi.
Pokiston Mudofaa vazirligi bunga javoban Hindiston bilan urushga tayyorligini va uning hududlaridan birini tor-mor qilish bilan tahdid qildi. Pokiston Hindiston uchun havo hududini yopdi.
Pokistonning Islomobod va boshqa shaharlarida o‘nlab namoyishchilar Hindistonning shartnomani to‘xtatishiga qarshi norozilik namoyishiga chiqib, o‘z hukumatidan javob choralarini ko‘rishni talab qilishdi.
24-aprel kuni Hindiston va Pokiston harbiylari Jammu va Kashmirdagi chegara nazorat chizig‘ida bir-biriga qarata o‘q uzgani xabar qilindi.
Izoh (0)