Qozog‘istonda Ural—Mang‘istov poyezdi yo‘nalishi bo‘yicha ayollar vagoni ishga tushirilmoqda. Bu haqda “Qozog‘iston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 1-iyundan boshlab Ural—Mang‘istov yo‘nalishidagi 614/613-sonli poyezd tarkibiga ayollar vagoni qo‘shiladi. Shunday qilib, yangi vagonning kiritilishi bilan bu xizmat ko‘rsatiladigan yo‘nalishlar soni 12 taga yetadi.
Ayollar vagonlariga chiptalar faqat ayollarga sotiladi. Bunday vagonlarda faqat ayol provodniklar xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, yetti yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalarning ham safarga chiqishiga ruxsat beriladi.
Ayollar vagoniga chiptalarni vokzal kassalarida, kassirga joy tanlash kerakligini oldindan aytib, yoki maxsus sayt orqali onlayn xarid qilish mumkin. Onlayn rasmiylashtirish paytida “AYN” (ayollar) qisqartmasiga e’tibor qaratish lozim, bu chipta faqat ayollar vagoniga sotilishini bildiradi.
Chiptalar sotuvi poyezd jo‘nashdan 45 kun oldin boshlanadi, bu esa yo‘lovchilarga o‘z safarlarini oldindan rejalashtirish imkonini beradi.

Qozog‘istonning qaysi poyezdlarida allaqachon “ayollar kupesi” mavjud?
Ayollar vagonlari quyidagi yo‘nalishlarda qatnaydi:
77/78-son Olmaota—Mang‘istov;
351/352-son Olmaota—Mang‘istov;
45/46-son Pavlodar—Turkiston;
37/38-son Mang‘istov—Semey;
47/48-son Atirau—Astana;
33/34-son Aqto‘be—Olmaota;
4/3-son Astana—Olmaota;
71/72-son Astana—Shimkent;
354/353-son Astana—Semey;
24/23-son Aqto‘be—Olmaota;
25/26-son Olmaota—Shimkent;
614/613-son Oral—Mang‘istov (1-iyundan boshlab).
Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda 2021-yildan boshlab ayollar uchun sinov tariqasida alohida vagonlar yo‘lga qo‘yilgan edi. Ular Olmaota—Mang‘istov va Olmaota—Oskemen yo‘nalishidagi qatnovchi poyezdlar tarkibiga kiritilgan. Yo‘lovchilarga manzur bo‘lgani va talabning ortishi sabab keyinchalik, boshqa yo‘nalishlarda ham paydo bo‘ldi.
Izoh (0)