AQSH davlat kotibi Marko Rubio Hindistonni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va Pokistonni Kashmirdagi terakt yuzasidan tergov o‘tkazishga chaqirdi. Bu haqda NBC News xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Rubio ikkala davlatni keskinlikni kamaytirish uchun hamkorlikka chaqirgan. U Hindiston tashqi ishlar vaziri Subrahmanyam Jayshankar va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif bilan telefon orqali muloqot qilgan. Shundan so‘ng davlat departamenti Hindistonni ekstremizmga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Rubio pokistonlik amaldorlarni bu shafqatsiz hujum bo‘yicha tergovda hamkorlik qilishga chaqirdi, deyiladi Davlat departamenti bayonotida.
AQSH yuz bergan teraktni qoralagan, Pokistonni tanqid qilmagan. Hindiston esa hujumda betaraf tergov o‘tkazishga chaqirgan Pokistonni ayblamoqda.
Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi ziddiyat 22-aprel kuni kuchaydi
Shu kuni Hindistonning Jammu va Kashmir hududidagi Pahalgam shahri yaqinida terakt yuz bergan. Bir nechta qurollangan shaxs mahalliy aholi va sayyohlarga qarata o‘t ochgan. Oqibatda 25 nafar hindistonlik va bir nepal fuqarosi halok bo‘lgan. Hujum uchun javobgarlikni terrorchi tashkilot hisoblangan “Lashkar-i-Tayba” bilan bog‘liq “Qarshilik fronti” guruhi o‘z zimmasiga olgan. Hindiston hujumni Pokiston bilan bog‘lagan. Ayblangan davlat hujumchilar bilan aloqadorligini qat’iyan rad etgan.
Shundan so‘ng Hindiston Pokistonga qarshi keskin choralar ko‘rgan. Jumladan, quruqlikdagi Attari nazorat-o‘tkazish punkti yopilgan. Pokistonliklarga mamlakatni tark etish topshirilgan. 1960-yilgi Hind daryosi suvlaridan foydalanish bo‘yicha bitim darhol to‘xtatilgan. Bitim tuzilgan yili tomonlar siyosiy ziddiyatlarga qaramay, suv resurslarini teng taqsimlashga kelishib olgan edi. Pokiston bu harakatni urush e’lon qilish deb baholagan. Ikkala davlat bir-biri uchun havo hududini yopgan.
Hindiston va Pokiston chegarasida ketma-ket otishmalar sodir bo‘lgan. Shu bilan birga, Pokiston Mudofaa vazirligi mamlakat Hindistonga qarshi harbiy harakatlarni boshlamasligini ta’kidlagan.
Hindiston yaqin 24-36 soat ichida Pokistonga qarshi harbiy harakatlarni amalga oshirish niyatida, degan 30-aprel kuni Pokistonning axborot va radioeshittirish vaziri Attaullah Tarar.
Vazir xolis ekspertlar komissiyasi ishtirokida terakt bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishni taklif qilgan. Biroq Hindiston bu taklifni rad etganini bildirgan. Tarar vaziyat keskinlashishi va uning oqibatlari Hindiston zimmasida bo‘lishini qayd etgan.
Izoh (0)