Hindiston yaqin 24-36 soat ichida Pokistonga qarshi harbiy harakatlarni amalga oshirish niyatida. Bu haqda ishonchli razvedka ma’lumotiga tayanib Pokistonning axborot va radioeshittirish vaziri Attaullah Tarar ma’lum qildi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Hindiston go‘yoki Kashmirdagi teraktga Pokistonning aloqadorligi haqidagi asossiz va uydirma da’volar bahonasida hujumni boshlaydi.
Mintaqada Hindiston o‘zini sudya, hay’at va jallod sifatida ko‘rsatishga urinishi — bu mas’uliyatsizlik bo‘lib, keskin qoralanadi. Pokiston o‘zi ham terrorizm qurboni bo‘lgan davlat sifatida bu teraktning azobini yaxshi tushunadi va uni dunyoning istalgan nuqtasida, istalgan shaklda qat’iy qoralab kelgan, dedi Attaullah Tarar.
Vazir xolis ekspertlar komissiyasi ishtirokida terakt bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishni taklif qildi. Biroq Hindiston bu taklifni rad etganini bildirdi.
Afsuski, Hindiston vaziyatga aqlan yondashish o‘rniga, butun mintaqa va undan tashqarida falokatli oqibatlarga olib keladigan to‘qnashuv yo‘lidan borishga qaror qilganga o‘xshaydi. Ishonchli tergovlardan bosh tortishning o‘zi Hindistonning haqiqiy niyatlarini fosh etuvchi yetarli dalildir, deya ta’kidladi Pokiston vaziri.
Siyosatchi “sun’iy ravishda qo‘zg‘atilgan jamoatchilik fikriga asoslanib”, strategik qarorlar qabul qilish achinarli va qoralanishga loyiq ekanini bildirdi.
Pokiston Hindistonning bunday harbiy avantyurasiga shubhasiz va qat’iy javob berilishini yana bir bor ta’kidlaydi. Xalqaro hamjamiyat vaziyatning keskinlashuvi va undan kelib chiqadigan oqibatlar to‘g‘ridan to‘g‘ri Hindiston zimmasida ekanini anglashi lozim. Xalqimiz Pokiston suvereniteti va hududiy yaxlitligini har qanday sharoitda himoya qilishga bo‘lgan qat’iy azm-u qarorini yana bir bor tasdiqlaydi, deya xulosa qildi u.
Davlatlar o‘rtasidagi keskinlik
Pokiston va Hindiston o‘rtasidagi keskinlik 22-aprel kuni kuchaydi. Sababi bir guruh terrorchilar bahsli Jammu va Kashmir hududida tinch aholi va sayyohlarga qarata o‘t ochdi. Hujum oqibatida 30 ga yaqin odam halok bo‘ldi. Hindiston hujumni Pokiston bilan bog‘ladi Pokiston hukumati hujumchilar bilan aloqasi borligini qat’iyan rad etmoqda.
Shundan so‘ng Hindiston Pokistonga qarshi keskin choralar ko‘rdi. Jumladan, quruqlikdagi Attari nazorat-o‘tkazish punkti yopildi. Pokistonliklarga mamlakatni tark etish topshirildi. 1960-yilgi Hind daryosi suvlaridan foydalanish bo‘yicha bitim darhol to‘xtatildi.
Bitim tuzilgan yili tomonlar siyosiy ziddiyatlarga qaramay, suv resurslarini teng taqsimlashga kelishib olgan edi. Pokiston bu harakatni urush e’lon qilish deb baholadi va Hindiston uchun havo hududini yopdi.
Hindiston va Pokiston chegarasida ketma-ket otishmalar sodir bo‘ldi. Shu bilan birga, Pokiston Mudofaa vazirligi mamlakat Hindistonga qarshi harbiy harakatlarni boshlamasligini ta’kidlamoqda.
Dunyo ikki yadroviy davlat — Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi qarama-qarshilik kuchayib borayotganidan xavotirga tushishi kerak, dedi Pokiston mudofaa vaziri Xavaja Asif.
Izoh (0)