Toshkent shahrida AVO bank va Compliance Academy hamkorligida jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishga oid anjuman o‘tkazildi.
Muloqotda O‘zbekiston va Qozog‘iston ekspertlari, BMT, EAG, Dow Jones kabi xalqaro tashkilotlar va AVO bank yetakchi mutaxassislari maʼruza qildi. Mavzu respublikadagi barcha banklardan kelgan vakillar bilan muhokama etildi. Bugun bank sohasida raqamli transformatsiya, ichki nazoratni kuchaytirish va sunʼiy intellektdan keng foydalanish dolzarbligi aytildi.
Anjuman avvalida AVO bank boshqaruvi raisi Artyom Popov chiqish qildi. Bank rahbari muammoga qarshi kurashishda sifatli ichki nazorat tizimini yaratish muhimligiga urg‘u berdi.
“Moliyaviy texnologiyalar tez rivojlanyapti. Bugun bank ichki nazorat tizimi nafaqat ularga yetib olishi, balki o‘zib ketishi shart. Biz AVO bankda real vaqt rejimida anomaliyalarni aniqlay oladigan, soxta ijobiy faollashuvlar sonini keskin kamaytiradigan tranzaksion xatarlarni baholash modelini joriy etdik. Hammaga maʼlumki, raqamlashtirish bank faoliyati landshaftini o‘zgartirib yubordi. Shuni inobatga olib, xavfsizlikni taʼminlash uchun tizimlarning shaffof arxitekturasini yaratdik. Bizda qaror qabul qilishning barcha bosqichlari qayd etib boriladi. Bu tizim harakatlarini nazorat qilish, undan chetlashish yoki biror-bir jarayon to‘xtatilib qo‘yilishini asoslash imkonini beradi, — dedi bank raisi.
AML (Anti-Money Laundering – pul yuvishga qarshi kurash) anjumani komplayens va moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurashish sohasidagi muhim tadbir bo‘ldi. Muloqotda bank mijozlarini raqamli identifikatsiyalash masalasi ham keng muhokama etildi. FATF standartlari, Qozog‘istonda AML jarayonlarini raqamlashtirish tajribasi, muammoga qarshi kurashishda sunʼiy intellektdan foydalanish choralari bo‘yicha qizg‘in fikr almashildi.
“AVO bank bu sohadagi maʼsuliyatini his etgan holda qonunchilik va nazorat organlari talablariga rioya etishga qaratilgan choralarni ko‘rmoqda. Bank ichki nazorat tizimlarini muntazam ravishda takomillashtirib, xodimlar malakasini oshiryapti. Shubhali operatsiyalarni o‘z vaqtida aniqlash hamda oldini olish maqsadida zamonaviy tahlil vositalarini joriy etmoqda”, deydi AVO bank komplayens nazorat departamenti direktori Ardak Mukasheva.
Anjumanda Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash bo‘yicha Yevroosiyo guruhi (EAG) ijrochi kotibi Sergey Teterukov ham o‘z maʼruzasi bilan qatnashdi. Mutaxassis muammoga qarshi kurashishda O‘zbekiston erishgan natijalarga to‘xtaldi.
“Pul yuvish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish juda keng soha. U — xavf-xatarlarni baholash, nazorat choralari, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati, moliyaviy razvedka bo‘limlari ishi, xususiy sektor muassasalarining faoliyati, aktivlarni muzlatish qoidalari va prinsiplaridan iborat. Agar O‘zbekiston haqida gapirsak, mamlakat 2022-yili bizning tashkilot tomonidan baholashdan o‘tkazilgan. O‘shanda respublikaning moliyaviy razvedka sohasidagi ishlari yuqori baholangan edi. Terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida ham yaxshi natijalarga erishilgan”, — dedi ekspert.
Tahlillarga ko‘ra, hozirda jinoiy daromadlarni legallashtirishda eng ko‘p foydalaniladigan kanallardan biri xalqaro savdo operatsiyalaridir. Bunga savdo bilan bog‘liq shartnomlarni qalbakilashtirish, tovarlarni xarid qilish yoki sotish narxlarini soxtalashtirish orqali pullarni xorijga olib chiqib ketish holatlarini misol keltirish mumkin.
Shu bilan birga, soliqdan qochish yo‘li bilan olingan noqonuniy daromadlar ofshor hududlarga o‘tkazish orqali ham legallashtiriladi. Nominal shaxslarga rasmiylashtirilgan hujjatlardan foydalanib, pullarni chet elga olib chiqish holatlari ham xalqaro darajada keng qo‘llaniladigan usullardan bo‘lib qolmoqda.
Tadbirda Markaziy bank departament direktori o‘rinbosari Behzod Salimov pul yuvish va terrorizm moliyalashtirishga qarshish kurashishga oid qiziqarli maʼruza qildi. Mutaxassis fikricha, bunday tadbir tashkil etilgani ishtirokchilar uchun juda foydali.
“Soha mutaxassilari doimiy muloqotda bo‘lib turishi kerak. Chunki yangi texnologiya paydo bo‘lishi bilan xatarlar tez o‘zgaradi. Bunday tadbirlar yangi texnologiyalar va ularda vujudga kelayotgan xatarlarni o‘rganish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi”, — dedi Markaziy bank vakili.
Behzod Salimovning aytishicha, O‘zbekiston noqonuniy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha qator xalqaro institutlar bilan hamkorlik qilib keladi. EAG, FATF, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqalar mamlakatga doimiy ravishda texnik ko‘mak ko‘rsatib keladi.
Turli seminarlar o‘tkazilib, soha mutaxassislari malakasi oshiriladi, metodik qo‘llanmalar ishlab chiqiladi.
Anjumanda jinoiy yo‘l bilan orttirilgan “kir” pullarni “tozalash” va terrorizmni moliyalashtirish muammosiga yechimlar bo‘yicha ham fikrlar bildirildi. Bank tizimining ertangi faoliyatida kutilayotgan tendensiyalar muhokama etildi.
Muloqot ishtirokchilari barcha moliyaviy tashkilotlar uchun muhim bo‘lgan tadbirni tashkil etgan AVO bank jamoasiga minnatdorlik bildirdi. Aytib o‘tish kerak, bugun AVO bank zamonaviy talablarga javob beradigan raqamli bank sifatida tanilib, yangi avlod bankiga aylanib bormoqda. U mijozlar uchun tezkor va xavfsiz moliyaviy xizmatlarni taqdim etishda davom etmoqda.
Maʼlumot uchun, Compliance Academy — Qozog‘istonda jinoiy yo‘l bilan topilgan mablag‘larni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish hamda komplayens sohasidagi yetakchi malaka oshirish markazi. Bugungi kunga kelib, Qozog‘iston moliya bozori va MFCAning 700dan ortiq mutaxassislari jinoiy yo‘l bilan topilgan mablag‘larni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish dasturi doirasida taʼlim olib, sertifikatlangan. Compliance Academy faol rivojlanib, hamkorlik aloqalarini kengaytirib bormoqda. Moliyaviy monitoring va komplayens sohasidagi ilg‘or xalqaro standartlarni amaliyotga tatbiq etmoqda.
AO “AVO bank”
Reklama huquqi asosida
Izoh (0)