1971-yil Pokiston o‘z tarixidagi eng qaqshatqich mag‘lubiyatga uchradi. Sharqiy Pokiston mustaqil bo‘lib chiqib, Bangladesh davlati vujudga keldi. Ham ozodlik harakati, ham hind armiyasi bosimi sabab 90 ming pokistonlik harbiy qurollarini tushirdi va taslim bo‘ldi. Natijada mamlakat o‘z hududining 15 foizi, iqtisodining yarimi, aholisining esa 55 foizini qo‘ldan chiqardi. Qolaversa, Qo‘shma Shtatlar va Xitoy ham aytarlik qo‘llov ko‘rsatmadi. Bularning bari poytaxt Islomobodda tushkunlik va xavotir kayfiyatini urchitdi. Ular davlatchilik qil ustida turganini his qilishardi. Oradan uch yil o‘tib, Hindiston ilk yadroviy sinovni o‘tkazdi. Bu esa Islomobod uchun so‘nggi tomchi bo‘ldi.

Pokiston bosh vaziri Zulfiqor Ali Bhutto 1972-yili olimlar bilan uchrashib, o‘zining tarixiy so‘zlarini aytdi:
“Hindiston yadro quroliga ega bo‘lsa, biz ham ega chiqamiz. Bu yo‘lda o‘t-o‘lan yeyishga to‘g‘i kelsa ham.
Ammo bu vaqtga kelib, mamlakat yadro fizikasi borasida salmoqli yutuqlarga erishib bo‘lgandi. 1956-yilda tashkil etilgan Pokiston atom energiya komissiyasi (PAEC) urandan tinch maqsadlarda foydalanishni boshlab, tarmoq uchun muzyorar vazifasini bajardi.
Shunday qilib, 1974-yili PAEC homiyligida Project-706 dasturi yo‘lga qo‘yildi. Unga dunyoning turli qismlarida mehnat qilayotgan pokistonlik olimlar, jumladan yadro fiziklari jalb etildi. Mas’um Ahmad, Ishfaq Ahmad, Munir Ahmad Xon kabilar shular jumasidan. Ammo ular orasida eng katta vazifani Abdul Qodir Xon bajardi.

Yoshligi og‘ir kechgan, etnik nizolar va ta‘qiblar sabab 11 yoshida oilasi bilan Hindistondan Pokistonga ko‘chib o‘tgan olim ortiq kamsitilishni istamasdi. 1947- hamda 1971-yillarga oid og‘riqli xotiralar uni vataniga xizmat qilishga undardi. Bu Xonni Yevropadagi komfort hayotini tashlab kelishga, shuningdek, juda xavfli ishga qo‘l urishga undadi.
O‘sha vaqtlari Abdul Qodir Xon Niderlandiyaning tinch maqsadlar uchun atom energetikasi bilan shug‘ullanadigan Urenco kompaniyasida mehnat qilardi. Bu unga uranni boyitish texnologiyalari, jumadan sentrifugalar konstruksiyasi haqida maxfiy ma'lumotlarni qo‘lga kiritish imkonini berdi. Bu esa keyinchalik Pokiston yadroviy dasturida muhim rol o‘ynadi.
Xon maxfiy ma’lumotlardan nusxa olib, 1975-yili vataniga qaytdi. Pokiston hukumati u va jamoasi uchun Kaxuta shahrida laboratoriya qurib berdi. KRL nomini olgan ilmiy tadqiqot markazi yuqori darajada boyitilgan uran ishlab chiqarish uchun gaz sentrifugalari bilan jihozlandi. Garchand tinch maqsadlar uchun atom energetikasida qo‘llaniladigan texnologiyalarning aksariyati yadroviy qurol yasashga ham yaroqli bo‘lsa-da, ochiq bozorda sotilmaydigan murakkab komponentlar bor edi. Xon cheklovlarni aylanib o‘tish uchun xalqaro sxemani joriy qildi. Yevropaning ilg‘or texnologiyalari Pokistonga shu tariqa olib kelindi.

Shu tariqda PAEC va KRL parallel ish boshladi. Munir Ahmad Xon boshchiligidagi olimlar yadroviy bomba dizayni, portlovchi modda turlari ustida ish olib bordi, A.Q. Xon jamoasi esa uranni boyitish bilan shug‘ullandi. Ularning mehnati samarasi bilan 1983-yili bomba laboratoriya sharoitida simulyatsiya qilindi. Ammo amaliy sinovlar olib borilmadi. Bunga siyosiy omillar sabab.
Pokiston yadro dasturi G‘arbda kuchli xavotir uyg‘otdi. Shu bois avvaliga ayrim texnologik cheklovlar, so‘ng esa sanksiyalar kiritildi. Islomobod Qo‘shma Shtatlarning iqtisodiy va harbiy yordamidan mahrum bo‘ldi. Unga texnologik yordam bergan davlatlar ham ikkilamchi sanksiyalar tahdidiga duch keldi. Biroq Qizil armiya Afg‘onistonga bostirib kirgach, vaziyat o‘zgardi. Pokiston Oq uyning sovetlarga qarshi asosiy ittifoqchilaridan biriga aylandi. Bu esa cheklovlarning yumshatilishiga olib keldi.

Islomobod namoyishkorona sinovlar o‘tkazish bilan oraga sovuqchilik tushirishni istamasdi. Biroq sovet qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqilgach, munosabatlar yana taranglashdi. Ammo 2001-yil voqealaridan so‘ng, Pokistonning ahamiyati oshdi. Shu bois Vashington asosiy sanksiyalarni olib tashladi yoki yumshatdi.
Ilk sinov
Pokiston ilk yadroviy sinovni 1998-yilning 28-may sanasida o‘tkazdi. Balujiston viloyatining Chagai tog‘ tizmasida 15-25 kilotonna quvvatga ega bomba portlatildi. Bu uchun maxsus tunnel barpo qilindi. Ammo jarayon shu bilan yakunlanmadi. Olimlar detonatsiya tizimlarini sinash, portlash geometriyasini o‘lchash uchun 0,2-0,6 kilotonna quvvatli kichik bombalardan yana 4 ta portlatdi. Shunday qilib, mamlakat o‘zining ashaddiy raqobatchisiga qarshi “tiyib turish vositasi”ga rasman ega chiqdi.
Ammo Islomobod ommaviy qirg‘in quroliga ega chiqishni “chin dildan” istagan deb bo‘lmaydi. Pokiston hukumati muzokara o‘tkazish so‘rovi bilan Dehliga 8 marta murojaat qilgan. Ammo hindlar o‘z dasturidan voz kechmadi. Shunga qaramay, tomonlar ayrim masalalarga kelishib oldi. Bir-birining yadroviy inshootlariga hujum qilmaslik, yadroviy obyektlar ro‘yxatini har yilning 1-yanvar sanasida almashish, ballistik raketa sinovlari oldidan bir-birlarini ogohlantirish, yadroviy zarba sifatida yanglish talqin qilinadigan holatlar haqida xabardor qilish uchun ishonch telefoni kabilar shular jumlasidan.
Isroil Pokistonga zarba bermoqchi edi
Islomobod musulmon dunyosining ilk yadroviy quroliga ega chiqishga yaqin turgandi. Bu esa nafaqat Dehli, balki Tel-Avivni ham xavotirga soldi. Isroilliklar radikal qadam tashlashga qaror qildi. Rejaga binoan Isroil samolyotlari Pokiston yadroviy obyektlarini bombardimon qilishi, Hindiston esa ularga texnik xizmat ko‘rsatishi kerak edi. Ammo Pokiston razvedka xizmatlari bu rejadan xabar topdi. Prezident Ziyo ul-Haq diplomatik kanallar orqali chora ko‘rib, buning oqibatlaridan ogohlantirdi. Jumladan Isroilga Tel-Avivni nishonga olish bilan tahdid qilindi.
Ammo vaziyat jiddiyligicha saqlanib qoldi. Ayrim manbalarga ko‘ra, Isroilning F-16 qiruvchilari Hindiston hududida ikki marta ko‘zga tashlangan. Shu bois Pokiston yadro inshootlarining havo mudofaasi kuchaytirildi, laboratoriyalar yer osti bunkerlariga ko‘chirildi. Biroq Qo‘shma Shtatlarning bosimidan so‘ng yahudiy davlatining rejasi amalga oshmadi. Oq uy bunday qadam mintaqaga “o‘t qo‘yadi” deb hisoblardi.

“Usamadan xavfliroq”
Qo‘shma Shtatlarning Jorj V. Bush davridagi davlat kotibi Kolin Pauell A.Q. Xonga ta’rif berib, u “Usama bin Ladendan ham xavfliroqligi”ni aytgandi. Uning bunday deyishiga sabab bor. 1990 yillar boshida olim o‘z atrofida xalqaro sxema shakllantirdi. Xon yadroviy texnologiyalarni boshqa davlatlarga noqonuniy tarzda tarqatish (proliferatsiya) bilan shug‘ullangan. Eng katta mijoz Shimoliy Koreya hisoblanadi.
Pokiston o‘z yadroviy quroliga ega chiqqani bilan, ularni nishonga yetkazish vositasi, ya'ni raketalar yo‘q edi. Koreyslar bu borada ishonchli hamkor hisoblangan. Xon mamlakatni sentrifuga texnologiyalari bilan ta’minlash, olimlar uchun treninglar o‘tkazish orqali Shimoliy Koreya yadro dasturini tezlashtirib yubordi. 2006-yili Pxenyan ilk yadro sinovini amalga oshirdi. Islomobod esa ballistik raketa texnologiyasiga ega bo‘ldi.

“Xon tarmog‘i”ning yana bir mijozi Eron hisoblanadi. Mamlakat 1987-1989 yillarda P-1 sentrifugasining dizayni va asbob-uskunalarini qabul qilib oldi. Bu Natanz yadro boyitish obyektining asosi o‘laroq xizmat qildi. Pokistonlik olimning yordamidan Liviya ham foydalandi. Tripoliga nafaqat sentrifuga texnologiyalari, balki butun boshli zavodni qurish uchun chizmalar topshirildi. Ammo 2003-yili AQSH va Britaniya razvedkasi Dubay shahrida “Xon tarmog‘i”ga aloqador konteynerni qo‘lga oldi. Bu esa ikki o‘rtadagi aloqalarni fosh qilib qo‘ydi. Shundan so‘ng Qazzofiy mamlakat yadroviy va kimyoviy qurol dasturini to‘xtatayotgani haqida oshkora ma’lum qildi.
Ushbu sxemaga aloqador mashhur ismlar orasida Saddam Husayn ham keladi. Garchand bu haqda tasdiqlangan ma’lumotlar bo‘lmasa-da, Iroq prezidenti Xonning taklifiga shubha bildirgani, MRB uni shu orqali tuzoqqa tushirmoqchi degan gumonga borgani haqida mish-mishlar yuradi. Biroq u ommaviy qirg‘in qurollarini ishlab chiqish iddaosidan baribir chetda qolmadi. G‘arb 2003-yili Iroqqa bostirib kirdi.
Xonning qismati
Tarixdagi eng yirik proliferatsiya sxemasi fosh bo‘lgach, Islomobod bosim ostida qoldi. Yetakchi davlatlar, xalqaro tashkilotlar Xonni mahkamaga tortishni talab qildi. Biroq olim Pokiston jamiyatida allaqachon milliy qahramon darajasiga chiqib ulgurgandi. Shu bois Islomobod ham six, ham kabob kuymaydigan choraga qo‘l urdi. Prezident Parviz Musharraf 2004-yili A.Q. Xonni poytaxtdagi villasida uy qamog‘iga oldi. U Oliy sudning 2009-yilgi hukmiga qadar tashqi dunyodan uzilib qoldi. Ozodlikka chiqib esa siyosiy faoliyatga kirishdi. Ammo u tuzgan partiya parlamentdan birorta ham joy ololmadi. Shundan so‘ng Xon ilm-fan sohasida maslahatlar berdi, kitob yozish bilan shug‘ullandi. Ammo qandli diabet, yurak muammolari sabab 2010-yillarda salomatligi yomonlashdi.
2021-yilning 10-oktyabr kuni Pokistonni ilk musulmon yadroviy davlatga aylantirgan, ashaddiy raqibi Hindistonga qarshi eng kuchli tiyib turish vositasi bilan ta’minlagan olim vafot etdi. O‘sha vaqtlarda keng tarqalgan COVID-19 infeksiyasi uni ham chetlab o‘tmadi.
Mamlakatning eng yirik Faysal masjidi Xonning janozasi uchun eshiklarini ochdi. Uning dafn marosimida prezident boshchiligida siyosiy va harbiy tashkilot qatnashdi. Olimning xizmatlari sharafiga davlat madhiyasi yangrab, faxriy qorovul saf tortdi.
Izoh (0)