Nyu York-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha 30-aprel kuni maxsus charter reysi tashkil etiladi. Bu haqda Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston migratsiya siyosati va fuqarolarni repatriatsiya qilish sohasida Qo‘shma Shtatlar bilan hamkorlikni faol ravishda kuchaytirmoqda. Bu jarayonda xorijda bo‘lgan o‘zbekistonliklarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Erishilgan ikki tomonlama kelishuvlar doirasida joriy yilning 30-aprel kuni AQSH hududida qonuniy asoslarsiz bo‘lib turgan va deportatsiya qilinadigan xorijliklar ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston fuqarolarini vatanga qaytarish maqsadida Nyu York-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha maxsus charter reysi tashkil etiladi.
Mazkur repatriatsiya tashabbusi xorijda og‘ir vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolarining huquqlarini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, xalqaro me’yorlar, majburiyatlar va inson huquqlari doirasida amalga oshiriladi.
Gap viza talablarini buzgan yoki AQSHda qonuniy qolish muddati tugagan fuqarolar haqida bormoqda. Repatriatsiya jarayoni insonparvarlik va huquqiy tamoyillar asosida tashkil etilib, fuqarolarning munosib va xavfsiz qaytishini ta’minlaydi.
Charter reysni tashkil etish ikki davlatning konsullik va migratsiya xizmatlari bilan yaqin hamkorlikda olib borilmoqda. Barcha choralar repatriatsiya qilinayotgan fuqarolarning huquqlarini maksimal darajada hurmat qilgan holda, O‘zbekiston va AQSHning amaldagi qonunchiligiga qat’iy rioya etgan holda ko‘rilmoqda.
Ta’kidlanishicha, mazkur qadam O‘zbekistonning migratsiya oqimlarini tartibga solish, xorijdagi fuqarolarining huquqiy himoyasini, ijtimoiy va huquqiy moslashuvini ta’minlash hamda ularning xavfsiz va insoniy sharoitlarda vataniga qaytishini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan keng qamrovli siyosatining bir qismidir.
O‘zbekiston o‘z migratsiya siyosatini rivojlantirishda davom etadi va fuqarolarini har qanday vaziyatda qo‘llab-quvvatlash va himoya qilishga intiladi.
AQSHda noqonuniy bo‘lib turganlar deportatsiya qilinishi
AQSH prezidenti Donald Tramp maʼmuriyati noqonuniy migrantlarni sudsiz deportatsiya qilishga ruxsat bergan. Tramp saylovoldi kampaniyasidayoq muhojirlarni ommaviy deportatsiya qilishga va’da bergan. 2025-yil fevralida Kosta Rika O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston va Hindiston kabi davlatlarning AQSHdan deportatsiya qilingan 200 nafar fuqarosini qabul qilishga rozi bo‘ldi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Ahror Burhonov diplomatik vakolatxonalar O‘zbekistonning barcha fuqarolariga, ular qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, har tomonlama yordam ko‘rsatishini aytdi. 2025-yil fevralida 7 nafari Nyu York—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonga olib kelindi. Mart oyi boshlarida yana 10 nafar fuqaro AQSHdan O‘zbekistonga qaytarildi.
Deportatsiya qilinadigan O‘zbekiston fuqarolari soni 975 kishini tashkil etmoqda. Umumiy hisobda, turli davlatlardan 1 445 549 nafar chet el fuqarosi chiqarib yuboriladi. AQSHdan 2023-yil sentyabrdan 2024-yil sentyabrgacha O‘zbekistonga 572 kishi deportatsiya qilingan.
AQSHda migrantlar uchun o‘z-o‘zini deportatsiya qilishga mo‘ljallangan ilova ishga tushirilgan. CBP Home deb nomlangan mobil ilova noqonuniy migrantlarga hibsga olinmasdan, mamlakatni mustaqil ravishda tark etish imkonini beradi. Ular keyinchalik qonuniy ravishda qaytib kelishi mumkin bo‘ladi.
Izoh (0)