Avstraliyaning Xobart shahri portida elektrokema suvga tushirildi. Ishlab chiqaruvchilar uni dunyodagi eng yirik deya ta’kidlamoqda. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Incat kompaniyasi tomonidan qurilgan Hull 096 kemasining uzunligi 130 metrni tashkil etadi. Kemaning loyihaviy sig‘imi 2100 yo‘lovchi va 225 ta transport vositasiga mo‘ljallangan.
Ta’kidlanishicha, kema faqat akkumulyatorlardan olinadigan elektr energiyasi bilan ishlaydi. Ularning og‘irligi 250 tonnani tashkil etadi va 40 megavatt-soatdan ortiq o‘rnatilgan quvvatga ega. Energiyani saqlash tizimi sakkizta elektr suv dvigateliga ulangan va uning quvvati har qanday oldingi dengiz qurilmasidan to‘rt baravar yuqori.
Kemasozlik kompaniyasi ushbu loyihani o‘zlarining barcha loyihalari orasida eng murakkabi va dadili deb baholagan.
“Biz Tasmaniyada qirq yildan ortiq vaqt davomida jahon darajasidagi kemalarni qurib kelmoqdamiz va Hull 096 biz amalga oshirgan eng dadil, murakkab va muhim loyiha hisoblanadi”, dedi Incat raisi Robert Klifford.

Kliffordning ta’kidlashicha, Incat “Avstraliyada va xorijda jahon bozori uchun iloji boricha ko‘proq ekologik toza kemalar” qurishga intilmoqda.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Hull 096 nafaqat dunyodagi eng yirik elektr kema, balki “shu paytgacha qurilgan bu turdagi eng katta elektr transport vositasi hamdir”.
“Hull 096 shuni isbotlaydiki, past emissiyali keng ko‘lamli transport yechimlari nafaqat mumkin, balki hozirning o‘zida foydalanishga tayyor”, dedi Incat bosh direktori Stiven Keysi.
Izoh (0)