Pokiston armiyasini kuchaytirdi va Hindiston tomonidan muqarrar harbiy bosqinni kutmoqda. Bu haqda Pokiston mudofaa vaziri Xavaja Muhammad Asif Reuters agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Biz kuchlarimizni oshirdik, chunki Hindiston bosqini muqarrar bo‘lib qoldi. Bunday vaziyatda strategik qarorlar qabul qilish zarur edi va ular qabul qilindi, dedi Asif.
Vazir Hindistonning so‘nggi bayonotlari tobora tajovuzkor bo‘lib borayotganini ta’kidladi. U Pokiston armiyasi Hindistondan hujum xavfi yuqori ekani haqida hukumatni allaqachon ogohlantirganini aytdi. Biroq Asif Hindiston bosqinining muqarrarligini ko‘rsatuvchi aniq sabablarni ochiqlashdan bosh tortdi.
Vazirning ta’kidlashicha, yuqori jangovar shay holatda bo‘lgan Pokiston “davlatning mavjudligiga tahdid” yuzaga kelgan taqdirda yadro qurolidan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Biz Fors ko‘rfazi va Xitoydagi do‘stlarimizga vaziyat haqida xabar berdik, shuningdek, Buyuk Britaniya, AQSH va boshqa davlatlarni ham xabardor qildik, deya aniqlik kiritdi Asif.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Fors ko‘rfazidagi ba’zi davlatlar mojaroning har ikki tomoni bilan muzokaralarni allaqachon boshlagan, biroq mazkur davlatlar nomini ochiqlamagan.
Bungacha Pokiston temiryo‘l vaziri Hanif Abbosiy ham keskin nutq so‘zlab, Hindistonga “yadroviy qasos” bilan tahdid qilgandi. U Pokistonda 130 ta yadro kallaklari mavjudligi, ular “faqat Hindiston uchun mo‘ljallangani”ni qayd etgan.
Bizning yadro qurolimiz xo‘jako‘rsinga emas. Uning joylashuvi butun mamlakat bo‘ylab tarqalgan va u darhol qo‘llanishga tayyor. Barcha ballistik raketalar Hindistonga qaratilgan, degan Abbosiy (India Today’dan iqtibos).
Davlatlar o‘rtasidagi keskinlik
Pokiston va Hindiston o‘rtasidagi keskinlik 22-aprel kuni kuchaydi. Sababi bir guruh terrorchilar bahsli Jammu va Kashmir hududida tinch aholi va sayyohlarga qarata o‘t ochdi. Hujum oqibatida 30 ga yaqin odam halok bo‘ldi. Hindiston hujumni Pokiston bilan bog‘ladi Pokiston hukumati hujumchilar bilan aloqasi borligini qat’iyan rad etmoqda.
Shundan so‘ng Hindiston Pokistonga qarshi keskin choralar ko‘rdi. Jumladan, quruqlikdagi Attari nazorat-o‘tkazish punkti yopildi. Pokistonliklarga mamlakatni tark etish topshirildi. 1960-yilgi Hind daryosi suvlaridan foydalanish bo‘yicha bitim darhol to‘xtatildi.
Bitim tuzilgan yili tomonlar siyosiy ziddiyatlarga qaramay, suv resurslarini teng taqsimlashga kelishib olgan edi. Pokiston bu harakatni urush e’lon qilish deb baholadi va Hindiston uchun havo hududini yopdi.
Hindiston va Pokiston chegarasida ketma-ket otishmalar sodir bo‘ldi. Shu bilan birga, Pokiston Mudofaa vazirligi mamlakat Hindistonga qarshi harbiy harakatlarni boshlamasligini ta’kidlamoqda.
Dunyo ikki yadroviy davlat — Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi qarama-qarshilik kuchayib borayotganidan xavotirga tushishi kerak, dedi Pokiston mudofaa vaziri Xavaja Asif.
Izoh (0)