Hindiston bosh vaziri Narendra Modi mamlakat qurolli kuchlariga Paxalgamdagi 26 nafar tinch aholi halok bo‘lgan teraktga javob qaytarish usuli, maqsadlari va muddatlarini belgilashda to‘liq erkinlik berdi. Bu haqda The Times of India xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, qurolli kuchlar rahbarlari ishtirok etgan oliy darajadagi uchrashuvda bosh vazir Modi “milliy qat’iyat terrorizmga qaqshatqich zarba berishdan iborat” ekanligini bildirgan.
“Bosh vazir Modi Hindiston qurolli kuchlarining professional qobiliyatlariga to‘liq ishonch bildirdi. Bosh vazir ularga javobimiz usuli, maqsadlari va muddatlarini belgilashda to‘liq operativ erkinlik berilganini aytdi”, deya xabar qildi PTI axborot agentligi.
Davlatlar o‘rtasidagi keskinlik
Pokiston va Hindiston o‘rtasidagi keskinlik 22-aprel kuni kuchaydi. Sababi bir guruh terrorchilar bahsli Jammu va Kashmir hududida tinch aholi va sayyohlarga qarata o‘t ochdi. Hujum oqibatida 30 ga yaqin odam halok bo‘ldi. Hindiston hujumni Pokiston bilan bog‘ladi Pokiston hukumati hujumchilar bilan aloqasi borligini qat’iyan rad etmoqda.
Shundan so‘ng Hindiston Pokistonga qarshi keskin choralar ko‘rdi. Jumladan, quruqlikdagi Attari nazorat-o‘tkazish punkti yopildi. Pokistonliklarga mamlakatni tark etish topshirildi. 1960-yilgi Hind daryosi suvlaridan foydalanish bo‘yicha bitim darhol to‘xtatildi.
Bitim tuzilgan yili tomonlar siyosiy ziddiyatlarga qaramay, suv resurslarini teng taqsimlashga kelishib olgan edi. Pokiston bu harakatni urush e’lon qilish deb baholadi va Hindiston uchun havo hududini yopdi.
Hindiston va Pokiston chegarasida ketma-ket otishmalar sodir bo‘ldi. Shu bilan birga, Pokiston Mudofaa vazirligi mamlakat Hindistonga qarshi harbiy harakatlarni boshlamasligini ta’kidlamoqda.
Dunyo ikki yadroviy davlat — Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi qarama-qarshilik kuchayib borayotganidan xavotirga tushishi kerak, dedi Pokiston mudofaa vaziri Xavaja Asif.
Izoh (0)