Hindiston 30-aprel kun Pokiston aviakompaniyalari uchun havo hududini to‘liq yopdi. Bu haqda Deutsche welle xabar berdi.

Hindiston rasmiylariga ko‘ra, tegishli chora Pokiston tomonidan ilgari qabul qilingan xuddi shunday taqiqqa javobdir. Aviakompaniyalar va Pokistonga aloqador samolyotlar uchun taqiq 23-maygacha amal qiladi. Ikki davlat o‘rtasidagi keskinlik 22-aprel kuni kuchaygandi. Shu kuni Hindistonning Jammu va Kashmir hududidagi Pahalgam shahri yaqinida terakt yuz bergan. Bir nechta qurollangan shaxs mahalliy aholi va sayyohlarga qarata o‘t ochgan.
Oqibatda 25 nafar hindistonlik va bir nepal fuqarosi halok bo‘lgan. Hujum uchun javobgarlikni terrorchi tashkilot hisoblangan “Lashkar-i-Tayba” bilan bog‘liq “Qarshilik fronti” guruhi o‘z zimmasiga olgan. Hindiston hujumni Pokiston bilan bog‘lagan. Ayblangan davlat hujumchilar bilan aloqadorligini qat’iyan rad etgan.
Shundan so‘ng Hindiston Pokistonga qarshi keskin choralar ko‘rgan. Jumladan, quruqlikdagi Attari nazorat-o‘tkazish punkti yopilgan. Pokistonliklarga mamlakatni tark etish topshirilgan. 1960-yilgi Hind daryosi suvlaridan foydalanish bo‘yicha bitim darhol to‘xtatilgan.
Bitim tuzilgan yili tomonlar siyosiy ziddiyatlarga qaramay, suv resurslarini teng taqsimlashga kelishib olgan edi. Pokiston bu harakatni urush e’lon qilish deb baholadi va Hindiston uchun havo hududini yopgan. Hindiston va Pokiston chegarasida ketma-ket otishmalar sodir bo‘lgan. Shu bilan birga, Pokiston Mudofaa vazirligi mamlakat Hindistonga qarshi harbiy harakatlarni boshlamasligini ta’kidlagan.
Hindiston yaqin 24-36 soat ichida Pokistonga qarshi harbiy harakatlarni amalga oshirish niyatida, degan 30-aprel kuni Pokistonning axborot va radioeshittirish vaziri Attaullah Tarar.
Vazir xolis ekspertlar komissiyasi ishtirokida terakt bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishni taklif qilgan. Biroq Hindiston bu taklifni rad etganini bildirgan. Tarar vaziyat keskinlashishi va uning oqibatlari Hindiston zimmasida bo‘lishini qayd etgan.
Izoh (0)