Yaponiyaning Tokio va Osaka orasida qatnaydigan eng gavjum “Sinkansen” tezyurar poyezdlar yo‘nalishi bir metrli ilon tufayli izdan chiqdi. Bu haqda The Guardian gazetasi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ilon elektr uzatish liniyasi simiga o‘ralib qolgan. Natijada qisqa tutashuv yuz bergan. Bu esa yuzlab yo‘lovchilarni tashiyotgan poyezdlarning to‘xtab qolishiga sabab bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da, vagonlarning o‘zida elektr ta’minoti uzilmagan - chiroqlar va konditsionerlar ishlashda davom etgan.
Ta’kidlanishicha, vaziyat 30-aprelda mamlakatda “Oltin hafta” - yaponlar butun mamlakat bo‘ylab sayohat qiladigan bayramlar ketma-ketligi boshlanishi atrofida yuz bergan. Odatda bu davrda mahalliy aholi qarindoshlariga mehmonga boradi yoki ta’tilga chiqadi. Osakada esa “Ekspo-2025” xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda.
“Men oyiga bir necha marta sinkansendan foydalanaman, ammo elektr uzilishi tufayli to‘xtab qolishga birinchi marta duch keldim”, deydi Tokioga qaytayotgan 46 yoshli Satoshi Tagava.
Ma’lumot uchun, Tokio, Nagoya va Osakani bog‘lovchi yo‘nalishda kuniga 370 dan ortiq poyezd qatnaydi va o‘rtacha 430 000 yo‘lovchini tashiydi. Soatiga 285 km tezlikda harakatlanadi.
Ushbu holat “Sinkansen” poyezdlarini kechiktirgan birinchi holat emas.
O‘tgan yilning aprel oyida ham Nagoya-Tokio poyezdi vagonidagi 40 santimetrli ilon yo‘lovchilarni vahimaga solgan edi. Xodimlar jonivorni topa olmagan va vagon almashtirilgan, bu esa 17 daqiqalik kechikishga olib kelgan.
2009-yilda ham ilon elektr uzatish liniyasiga chiqib qolgani tufayli elektr ta’minoti uzilgan va Tokio bilan Fukushima orasidagi poyezdlar to‘xtab qolgan.
Izoh (0)