Qozog‘istonda ayrim fuqarolar urushga borishga da’vat etuvchi varaqalar olgani, ularda Rossiya Mudofaa vazirligi va aloqa ma’lumotlari ko‘rsatilganini aytmoqda. Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi holat yuzasidan tekshiruv boshladi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda urushga da’vat varaqalari aks etgan fotosuratlar tarqatilmoqda. Bunday suratlarni fuqarolar Tengrinews tahririyatiga ham yuborgan. Bunday varaqalar Ostona, Olmaota, Atirau ko‘chalarida olingani aytilgan.
Huquq-tartibot idoralari nima deydi?
Milliy xavfsizlik qo‘mitasi hozirda ko‘rsatilgan varaqalarni internetga joylashtirish holatlari bo‘yicha tekshiruv o‘tkazmoqda.
Shu bilan birga, ularning shaharlar va hududlarda jismoniy tarqalishi haqidagi ma’lumotlar tasdiqlanmadi, deydi MXQ.
Shunga asosan varaqalar faqat internet orqali yuborilgan bo‘lishi mumkin. Ichki ishlar vazirligi ham varaqalar tarqatish holatlarini aniqlamaganini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda pul mukofoti evaziga boshqa davlatlar qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzishni taklif qiluvchi materiallarni joylashtirish holatlari mavjud, deya qo‘shimcha qildi vazirlik.
Ushbu holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi va maxsus organlar tomonidan tekshiruv o‘tkazilmoqda.
Qozog‘istonda urushda qatnashganlarga qanday jazo qo‘llanadi?
Ichki ishlar vazirligi fuqarolarga Qozog‘iston qonunchiligiga rioya qilishni va jiddiy huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlarda ishtirok etmaslikni qat’iy tavsiya qiladi.
Qozog‘istonda fuqarolarning yollanish alomatlari bo‘lmagan holda boshqa davlatning qurolli to‘qnashuvi yoki harbiy harakatlarida qasddan noqonuniy ishtirok etishi uchun 5 yildan 9 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan (Jinoyat kodeksining 172-moddasi).
Agar ishtirok yollanma jangchi sifatida baholansa (Jinoyat kodeksining 170-moddasi), jinoyat og‘irligiga qarab, 7 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish, shuningdek, Qozog‘iston fuqaroligidan mahrum qilish (yoki fuqaroligidan mahrum qilmasdan) va mol-mulkni musodara qilish jazolari ko‘zda tutilgan.
Yaqinda Ichki ishlar vazirligi qozog‘istonliklarni pul mukofoti olish maqsadida xorijdagi harbiy harakatlarda qatnashganlik uchun javobgarlik haqida ogohlantirgan.
2022-yildan buyon Qozog‘istonda fuqarolarining xorijdagi jangovar harakatlarda ishtirok etgani uchun 97 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan: beshtasi 170-modda va 92-modda bo‘yicha. Ya’ni kamida 97 nafar qozog‘istonlik xorijdagi harbiy mojarolarda qatnashgan.
Izoh (0)