O‘zbekistonda 2030-yil 1-yanvarga qadar parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini (ekin maydonlaridan tashqari) to‘lashdan ozod etish belgilanmoqda. Senatning 29-apreldagi yalpi majlisida bu ko‘zda tutilgan qonun ma’qullandi.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan Soliq kodeksiga parrandachilik sohasini rivojlantirish, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarining faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashga hamda raqamli markirovkalash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Parrandachilik sohasini rivojlantirish, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarining faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonun loyihasi Oliy Majlis qonunchilik palatasining 13-fevraldagi majlisida birinchi o‘qishda muhokama qilinib, konseptual jihatdan qabul qilingandi.
Shavkat Mirziyoyev 2024-yil iyunida chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishganda parrandachilik sohasini rivojini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar ham belgilandi.
O‘zbekistonda 2025-yil 1-apreldan “Parranda boqish — daromad topish” loyihasi amalga oshirilmoqda. Parrandachilik sohasida aholi xonadonlari bilan kooperatsiya asosida ishlash tizimini moliyalashtirish uchun 2025-yil 1-fevralga qadar Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 50 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lari “Mikrokreditbank” ATBning ustav kapitalini oshirishga yo‘naltiriladi.
O‘zbekistonda 2024-yil 1-iyuldan parranda go‘shtini eksport qilishda mavjud barcha cheklovlar bekor qilindi.
Izoh (0)