Rossiyaning AvtoVAZ kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga Lada Granta va Iskra modellari bilan qaytishni rejalashtirmoqda. “TASS”ning xabar berishicha, bu haqda kompaniya rahbari Maksim Sokolov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AvtoVAZ eksport bozorlarida o‘z ishtirokini tiklash va kengaytirishni boshlaydi.
“Birinchi navbatda, albatta, bu Belarus bozori, 2022-yilgacha bo‘lgan savdo hajmlarimizni tiklash rejalashtirilgan O‘zbekiston va Qozog‘iston”, deb ta’kidlagan Maksim Sokolov.
Kompaniya rahbarining ta’kidlashicha, Lada Granta ishlab chiqarishdan asta-sekin voz kechiladi va 19-aprel kuni Tolyattida seriyali ishlab chiqarilishi boshlangan Lada Iskra ishlab chiqarish hajmini oshiriladi. Hozircha AvtoVAZ Lada Granta modeliga talab mavjudligini hisobga olib, uni ishlab chiqarishni davom ettiraveradi.
O‘zbekistonda Lada avtomobillari
O‘zbekistonda 2020-yilda Roodell dilerlik tarmog‘i orqali 5 mingdan ortiq Lada avtomobillari sotilgan. Lada avtomobillarini seriyali ishlab chiqarish 2021-yilda boshlangandi. Mahalliy bozor uchun uchta model — Vesta, Largus, XRay avtomobillarni yig‘ish ishlari Jizzax erkin iqtisodiy zonasida joylashgan ADM Jizzakh avtomobil zavodida yo‘lga qo‘yilgandi.
2022-yilda O‘zbekistonda Lada avtomobillarini ishlab chiqarishning to‘liq siklini yo‘lga qo‘yish loyihasi ustida ishlanayotgani ma’lum qilindi. Konsern Jizzaxda yiliga 30 mingtagacha avtomobil ishlab chiqarishni rejalashtirgandi.
2023-yil aprelida AvtoVAZ rahbari Maksim Sokolov O‘zbekistonda Lada Vesta yangi modelini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejasini e’lon qildi. O‘sha yilning sentyabrida AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi AvtoVAZni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi.
Izoh (0)