Qozog‘iston Rossiya bilan urushga tayyorlanayotgani haqida ayrim ommaviy axborot vositalarida xabarlar tarqaldi. Respublika Mudofaa vazirligi mazkur xabarlarga munosabat bildirdi. Bu haqda “Stopfake.kz” xabar berdi.

Tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Qozog‘iston go‘yoki Rossiya bilan chegarada “mojaro yuz berishi ehtimoliga” hududiy mudofaa brigadalarini joylashtirmoqda. Mudofaa vazirligi rasmiy tushuntirish berib, “Hududiy mudofaa to‘g‘risida”gi qonun loyihasi faqat Qozog‘iston ichki xavfsizligini mustahkamlashga qaratilganini aytdi.
Hududiy mudofaa to‘g‘risidagi qonun loyihasi Qozog‘iston milliy xavfsizlik tizimini modernizatsiya qilish doirasida ishlab chiqilgan. Uning maqsadi — ichki barqarorlikni ta’minlash, harbiy holat yoki boshqa favqulodda vaziyatlar sharoitida aholini, infratuzilma obyektlarini va hududiy yaxlitlikni himoya qilish.
Hududiy mudofaa brigadalarini joylashtirish tashqi tahdidlarga javoban emas, balki hududlarning logistika, geografik va demografik xususiyatlarini hisobga olgan holda amalga oshirilmoqda, deya izoh berdi vazirlik.

Qozog‘iston Mudofaa vazirligi qonun loyihasi hech qanday davlatga qarshi qaratilmagani va harbiy tahdidlarga munosabat nuqtayi nazaridan qabul qilinmasligi kerakligini aytdi.
24-aprel kuni prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev Xavfsizlik kengashi sessiyasida Rossiya Qozog‘istonning asosiy strategik sherigi va ishonchli ittifoqchisi bo‘lib qolayotganini alohida ta’kidladi. Prezident, shuningdek, Qozog‘istonda millatlararo totuvlikka putur yetkazishga qaratilgan har qanday provokatsiya va ig‘volarga qat’iy chek qo‘yish zarurligini aytdi.
Izoh (0)