Joriy yil 1-choragida mamlakatdan chet elga ko‘chib ketganlar soni 2024-yil mos davridagidan kamaydi. Bu haqda Statistika qo‘mitasi maʼlumot berdi.

2025-yil yanvar—mart oylarida O‘zbekistondan xorijiy davlatlarga 2 371 kishi doimiy yashash uchun ko‘chib ketgan.
Qo‘mitaning bu galgi tahlilida fuqarolar qaysi davlatlarga ko‘proq ko‘chib ketayotgani to‘g‘risida raqamlar keltirilmagan. Masalan, 2024-yil birinchi chorakda 2 586 kishi chet elga ko‘chgan. Shundan 2 125 nafari Rossiyani tanlagan. Keyingi o‘rinda Qozog‘istonga boruvchilar ulushi nisbatan ko‘proq bo‘lgan (357 kishi).
Oxirgi 15 yilda fuqarolar eng ko‘p ko‘chib ketgan davlatlar Rossiya va Qozog‘iston bo‘lgan.
Qo‘mita tahliliga qaraganda, 2021-yil ilk choragida O‘zbekistondan 4 094 kishi, 2022-yil mos davrida 1 137 kishi, 2023-yil yanvar—martida 4 053 kishi xorijga ko‘chgan.
So‘ngi yillarda aholi orasida chet elga ko‘chib ketuvchilar ulushi qisqarib bormoqda. Masalan, 2010-yilda mamlakatdan qariyb 44 420 kishi chet elga ko‘chgandi. Oradan bir yil o‘tib (2011-yilda), bu raqam yanada kattalashgan va 50 816 nafarga yetgan. 2015-yilgacha chet elga ko‘chganlar soni 30 000 nafardan ortiq bo‘lgan. Keyingi davrda mazkur ko‘rsatkich kamayib bordi:
- 2016-yilda — 28 069 kishi;
- 2017-yilda — 20 772 kishi;
- 2018-yilda — 19 006 kishi;
- 2019-yilda — 13 229 kishi;
- 2020-yilda 13 648 kishi chet davlatlarga doimiy yashash istagida ko‘chib ketgan.
2023-yilda 17 336 nafar, 2024-yilda 10 842 nafar o‘zbekistonlik xorijga doimiy istiqomat qilish uchun ko‘chgan. O‘tgan yili chetga ko‘chganlarning asosiy qismi — 81,1 foizi Qozog‘iston, 14,8 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan. Umumiy olganda, oxirgi 15-yil ichida 405 ming nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarolari xorijiy davlatlarga doimiy yashash maqsadida ko‘chib ketgan.
Izoh (0)