O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar kapitali ishtirokidagi korxonalar sonida Afg‘oniston ulushi oshdi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilishicha, 2025-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 15 739 ta chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxona va tashkilotlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ulardan 4 031 tasi qo‘shma korxonalar va 11 708 tasi xorijiy korxonalar hisobiga to‘g‘ri kelgan. Bunday korxonalar soni mart oyidagi ko‘rsatkich bilan taqqoslaganda 236 taga yoki 1,5 foizga oshdi.
Afg‘oniston ilk bor xorijiy davlatlar kapitali ishtirokida korxonalar soni bo‘yicha top beshlikka kirdi. Ayni paytda O‘zbekistonda Afg‘oniston investitsiyasi ishtirokida 672 korxona va tashkilot faoliyat yuritmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil yanvar—fevral oylarida O‘zbekiston eksportida yuqori ulushga ega bo‘lgan davlatlar orasida Afg‘oniston uchinchi o‘rinda bo‘ldi (209 million dollar). 2024-yilda O‘zbekiston eksportida yuqori ulushga ega bo‘lgan davlatlar orasida Afg‘oniston Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston va Turkiyadan keyin beshinchi o‘rinda qayd etilgan (1,1 milliard dollar).
2024-yilning avgustida “Termiz” xalqaro savdo markazi ochilgandi. Mazkur erkin savdo zonasi Surxondaryo viloyati Termiz tumanida, O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasida joylashgan bo‘lib, qiymati 70 million dollarni, umumiy maydoni 36 gektarni tashkil etadi.
Mart oyining boshlarida Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida O‘zbekiston savdo uyi ochildi. Ushbu savdo uyi 220 kvadrat metr maydonda joylashgan bo‘lib, tadbirkorlarga mahsulotlarini Afg‘oniston bozoriga chiqarish, hamkorlar topish va eksportni kengaytirish uchun qulay platforma yaratadi. Unda farmatsevtika, elektrotexnika va qurilish materiallari uchun doimiy faoliyat yurituvchi shourum va omborxona mavjud. Kobul shahrida O‘zbekiston qurilish materiallari uchun savdo uyi ham ochildi.
O‘zbekiston prezidenti 4-aprel kuni “Markaziy Osiyo—Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitida so‘zlagan nutqida afg‘on tomonini mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga, jumladan, investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, ijtimoiy sohani qayta tiklash yo‘li bilan faol jalb etish zarurligini ta’kidlagandi.
O‘zbekiston va Afg‘oniston savdo aloqalari
Mart otida ikki davlat o‘zaro savdo hajmini 3 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. 2024-yil oktyabridan O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida imtiyozli savdo kelishuv bitimi ishga tushgan. Bitim doirasida kelishilgan qator mahsulotlarga, shu jumladan, Afg‘onistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, gilamlarga, ayrim qurilish materiallariga import bojlari bekor qilingan.
Bosh vazir Abdulla Aripov 2024-yil avgustida Kobulga tashrifi davomida o‘tkazilgan muzokaralarda Afg‘oniston bilan savdo aloqalarini rivojlantirish, energetika sohasidagi samarali hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, mis, temir, neft-gaz konlarini birgalikda o‘zlashtirish loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, transport-logistika, qishloq va suv xo‘jaligi, ta’lim, hududlararo munosabatlarni yanada chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashilgandi.
2025-yil fevralida Abdulla Aripov “Tolibon” bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish, savdo-iqtisodiy, energetika, transport va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashgandi.
Izoh (0)