O‘zbekistonga Qozog‘iston orqali yetkaziladigan Rossiya gazining yillik hajmini 2038-yilgacha 11 milliard kub metrgacha oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston energetika vaziri Yerlan Akkenjenov ma’lum qildi.

Rossiya gazining O‘zbekistonga tranziti 2023-yil oktyabr oyida yo‘lga qo‘yilgan. Shu yili 1,28 milliard kub metr gaz yetkazib berilgan.
2024-yilda 5,6 milliard kub metr, 2025-yilda 7,3 milliard kub metrga yetkazish va 2038-yilga borib 11 milliard kub metrga oshirish rejalashtirilgan, dedi Akkenjenov.
Ko‘rsatilgan hajmlar “Gazprom” va Qozog‘iston hukumati o‘rtasidagi strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitimda nazarda tutilgan. Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida hajmlarni oshirish bo‘yicha shartnoma hali tuzilmagan.
Akkenjenovning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilda Qozog‘iston Xitoyga 36,2 milliard kub metr o‘zbek va turkman gazining tranzitini ta’minlaydi, bu o‘tgan yilgi darajaga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekistonga Rossiyadan gaz importi
2023-yil 7-oktyabrdan O‘zbekiston Qozog‘iston hududi orqali “Markaziy Osiyo—Markaz” gaz quvurida Rossiyadan gaz importini boshlagan edi. UzGasTrade va “Gazprom eksport” MCHJ o‘rtasidagi ikki yillik shartnomaga ko‘ra, kuniga 9 million kub metr yoki yiliga qariyb 2,8 milliard kub metr gaz yetkazib berish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston hukumatining “2024-yil I choragiga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2024—2030-yillarda magistral gaz quvurlarini modernizatsiya qilish dasturi birinchi bosqichida 500 million dollar ajratish rejalashtirilgan. Shu orqali tabiiy gaz qabul qilishni kuniga 32 million kub metrgacha oshirish ko‘zda tutilgan edi.
Izoh (0)