Bir yil ichida respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlari soni 27 105 taga kamaydi. Bu haqda Statistika qo‘mitasi tahlilida bayon etilgan.
-6Sy5l0NM.avif)
2024-yil 1-aprelidan joriy yilning apreligacha mamlakatdagi korxonalar soni 404 676 tadan 377 571 taga (shundan 372 887 tasi kichik bizneslar) kamaydi. Bizneslar sonining qisqarishi 2023-yilda ham sezilarli kechgandi. Yaʼni 2022-yil aprelda ishlab turgan 479 086 ta korxonadan, 12 oy o‘tib 420 759 ta qolgan.
Qo‘mita press-relizida qayd etilishicha, bugun hududlar bo‘yicha eng ko‘p faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlari Toshkent shahrida — 89 915 ta. Eng kam ko‘rsatkich Sirdaryo viloyatida — 9 241 ta.
Mamlakatda korxonalarning eng ko‘p qismi savdo tarmog‘ida ishlaydi — 144 349 ta. Keyingi o‘rindlarni sanoat (56 321 ta), qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi (31 738 ta), qurilish (27 840 ta) egallagan. Shu bilan birga, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar sohasida 27 247 ta, tashish va saqlashda 16 104 ta, axborot va aloqada 9 912 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekistonda chet el investitsiyalari ishtirokida faoliyat ko‘rsatayotgan 15 739 ta korxonadan 4 031 tasi qo‘shma, 11 708 tasi xorijiy korxonalardir. Bir yil davomida respublikada xorijiy investitsiyalar ishtirokida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 1 513 taga ko‘paygan. Bu asosan savdo sohasidagi korxonalar sonining 5 056 tadan 5 686 taga (o‘sish 630 taga), axborot va aloqa sohasida 917 tadan 1 131 taga (o‘sish 214 taga) va qurilish sohasida 956 tadan 1146 taga (o‘sish 190 taga) ortishi bilan bog‘liq.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar soni bo‘yicha yetakchi o‘rinni Xitoy egallagan (3 711 ta). Bu xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar umumiy sonining 23,6 foizini tashkil etdi. O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritgan mamlakatlar orasida Rossiya (19,3 foiz), Turkiya (12,3 foiz), Qozog‘iston (6,9 foiz) va Janubiy Koreya (4,2 foiz) ham bor.
Izoh (0)