AQSH prezidenti Donald Tramp “Time” jurnali bilan suhbatda Grenlandiyani sotib olish, Kanadani AQSHning 51-shtatiga aylantirish va Panama kanali ustidan nazorat o‘rnatish haqidagi gaplari hazil emasligini ta’kidladi.

“Aslida yo‘q, men hazillashmayapman”, dedi AQSH prezidenti shu haqdagi savolga javoban.
Bundan tashqari, Tramp Grenlandiyani qo‘shib olish masalasi Qo‘shma Shtatlar uchun geosiyosiy ahamiyatga ega ekanligini va xavfsizlik manfaatlariga mos kelishini ta’kidladi.
“Menimcha, bu Grenlandiya uchun juda yaxshi imkoniyat bo‘lardi... Bu biz uchun milliy va xalqaro xavfsizlik nuqtayi nazaridan ham muhim. Siz buni “trolling bo‘lishi mumkin” dedingiz, ammo aslida men trolling qilmayapman”, - deya qo‘shimcha qildi u.
Ilgari Bloomberg agentligi Tramp Grenlandiyani sotib ololmasligini, chunki to‘lashi kerak bo‘lgan narx juda yuqori ekanligini xabar qilgandi. Nashr mualliflarining ta’kidlashicha, agar Arktika orolining 57 ming aholisining har biriga AQSH tarkibiga qo‘shilish uchun ovoz berish evaziga bir million dollar va Trampning "oltin kartasi" taklif qilinsa, bu AQSH byudjetiga trillionlab dollarga tushadi - Kongress bunday maqsadlar uchun mablag‘ ajratishdan deyarli aniq bosh tortadi.
Tramp ilgari Grenlandiya uning mamlakatiga qo‘shilishi kerakligini bir necha bor aytgan edi. U agar Daniya oroldan voz kechmasa, unga qarshi yuqori savdo bojlarini joriy qilish bilan tahdid qildi. Tramp birinchi prezidentlik muddatidayoq Grenlandiyani sotib olishni taklif qilgandi. Daniya va Grenlandiya hukumatlari bu g‘oyani qat’iyan rad etib kelmoqda.
Grenlandiya avtonom hudud sifatida Daniya tarkibiga kiradi. 1951-yilda Vashington va Kopengagen NATO bo‘yicha ittifoqchilik majburiyatlariga qo‘shimcha ravishda Grenlandiyani himoya qilish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Unga ko‘ra, AQSH orolni tashqi tajovuzdan himoya qilish majburiyatini oldi. Orolda Amerikaning Pituffik kosmik bazasi joylashgan bo‘lib, u raketa hujumidan ogohlantirish va Arktika hududini nazorat qilish tizimi vazifalarini bajaradi.
Izoh (0)