Donald Trampning Oq uyga qaytishi munosabati bilan AQSH va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi fonida Xitoy kompaniyalari Amerika suyultirilgan tabiiy gazini (STG) xarid qilishni to‘xtatdi. Bu haqda Financial Times xabar bermoqda.

AQSH suyultirilgan gazi yuklangan so‘nggi tanker 6-fevral kuni Xitoy portiga yetib kelgan. 10-fevralgacha (AQSHdan gaz importi uchun 15 foizlik bojlar kuchga kirgan sana) yukni tushirishga ulgurmagan yana bir tanker Bangladeshga yo‘naltirilgan. O‘sha paytda XXR bojlari 49 foizga yetgani sababli AQSHdan gaz sotib olish xitoylik iste’molchilar uchun foydasiz bo‘lib qoldi.
O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, Xitoy importida AQSH suyultirilgan gazi ulushi atigi olti foizni tashkil etgani bois bu yo‘qotishlar har ikki tomon uchun ham jiddiy zarba bo‘lmadi. Bundan tashqari, Trampning avvalgi prezidentlik muddati davomida Xitoy AQSHdan gaz importini bir yildan ortiq vaqtga to‘xtatib qo‘ygan edi.
Shunga qaramay, bu safar cheklovlar yanada jiddiyroq oqibatlarga olib kelishi mumkinligini mutaxassislar ta’kidlamoqda. Kpler ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyning PetroChina va Sinopec kompaniyalari AQSHda suyultirilgan gaz sotib olish bo‘yicha 13 ta uzoq muddatli shartnomaga ega bo‘lib, ular doirasida AQSH va Meksikada terminallarni kengaytirish loyihalari ishlab chiqilgan. XXR kompaniyalarining bu talabdan voz kechishi ularning iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Bundan tashqari, Energy Aspects energetika maslahat kompaniyasi vakili Richard Bronzning ogohlantirishicha, hozirda Xitoy bu yo‘nalishda sezilarli qadamlar qo‘ymayotgan bo‘lsa-da, bunday vaziyat Pekin va Moskva o‘rtasidagi energetika aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, Trampning AQSH prezidenti lavozimiga kelishi bilan Xitoyga Amerika neftini yetkazib berish o‘n barobarga qisqargan, endilikda Kanada bu yo‘nalishda ikki barobar ko‘proq xomashyo eksport qilmoqda.
Trampning savdo urushi
2-aprel kuni AQSH prezidenti Donald Tramp barcha davlatlar uchun 10 foizlik asosiy tariflarni joriy qildi. Ular qatorida O‘zbekiston ham bor. Ammo bojlar har bir davlatning savdo balansiga qarab o‘zgardi. Xitoy bilan savdoda yirik defitsit mavjudligi bois AQSH bu mamlakat uchun tariflarni ancha yuqori darajaga ko‘tarib, 34 foizga yetkazdi.
Bunga javoban Pekin ham shuncha miqdorda Amerika tovarlariga bojlar soldi. Shundan so‘ng Tramp agar Pekin javob choralaridan voz kechmasa, bojlarni 50 foizgacha oshirish bilan tahdid qildi. Shu sababli bojlar 104 foizga oshdi.
Natijada Xitoy Amerika mahsulotlari uchun bojlarni 84 foizga oshirishini e’lon qildi. Mazkur e’lon ortidan Tramp Pekin uchun tariflar 125 foizga chiqishini aytdi, keyinchalik buni 145 foizga oshirdi. Xitoy mazkur tariflarga javoban stavkani 125 foizga ko‘tardi. Oq uy mazkur harakatni “qasoskorona choralar” deb atab, Xitoydan olib kelinadigan mahsulotlarga boj tariflari 245 foizgacha ko‘tarilishini bildirdi.
Xitoy AQSHni “o‘zaro bojlar”ni bekor qilishga va o‘zining noto‘g‘ri amaliyotini tuzatishga chaqirdi. XXR raisi Si Szinpin hech bir davlat “boj urushi”dan yutmasligini qayd etdi.
Izoh (0)