Ma’lumki, erkaklar ayollardan o‘rtacha 13 santimetr balandroq bo‘ladi. Butun dunyo bo‘ylab jinslar o‘rtasidagi bo‘y farqlari kuzatilgan va bo‘yga genetika hamda gormonlar ta’sir qilishi allaqachon aniqlangan bo‘lsa-da, bu hodisaning zamirida yotgan mexanizmlar olimlarni hanuzgacha qiziqtirmoqda.

Bo‘y — bu ko‘plab omillarga bog‘liq bo‘lgan murakkab xususiyatdir. Odamlar o‘rtasidagi bo‘y farqlarining 80 foizi irsiyat bilan izohlanadi. Qolgan 20 foizi atrof-muhitga, asosan, bolalikdagi ovqatlanish va yashash sharoitlariga bog‘liq. Genetik tarkib ayniqsa murakkab, chunki bo‘y — bu poligen xususiyatdir. Sodda qilib aytganda, unga bitta yoki ikkita emas, balki bir vaqtning o‘zida butun genom bo‘ylab tarqalgan minglab genlar ta’sir ko‘rsatadi. Yaqinda o‘tkazilgan eng yirik tadqiqotlardan birida olimlar DNKning 12 mingdan ortiq qismini aniqladi va ularning har biri insonning bo‘yiga o‘z hissasini qo‘shishini isbotladi.

Bo‘y bilan bog‘liq asosiy genlardan biri SHOX hisoblanadi. U ham X-xromosomada, ham Y-xromosomada joylashgan bo‘lib, mutaxassislarning fikricha, erkaklar va ayollar o‘rtasidagi o‘rtacha statistik bo‘y farqining taxminan chorak qismini anglatadi. Ushbu genda mutatsiya bo‘lgan odamlarda, masalan, Leri-Veyl sindromida, bo‘yning sezilarli darajada pastligi kuzatiladi. SHOX, ayniqsa, jinslar o‘rtasidagi farqlar nuqtayi nazaridan qiziqarli, chunki ayollarda X xromosomalardan biri faol emas, ya’ni gen transkripsiyasida ishtirok etmaydi. Erkaklarda esa ikkala SHOX geni faol bo‘ladi — biri X xromosomada, ikkinchisi Y xromosomada.
So‘nggi tadqiqotlar deyarli million kishining ma’lumotlariga asoslanib, X va Y xromosomalarining turli miqdori bo‘y o‘sishiga qanday ta’sir ko‘rsatishini namoyon etmoqda. Misol uchun, qo‘shimcha Y xromosomalarning mavjudligi qo‘shimcha X xromosomalarga nisbatan ko‘proq hollarda baland bo‘y bilan bog‘liq. Bu Y xromosomasining gormonal tizimga, avvalo, testosteron darajasiga bilvosita ta’siri bilan aloqador bo‘lishi mumkin. SHOX geni o‘zi erkaklarga xos bo‘lmasa-da, uning erkaklardagi ifodalanish darajasi ayollarga qaraganda yuqori ekanligi aniq.
Foto: Hi-tech.mail.ru
Shu bilan birga, gormonlarning ahamiyatini ham unutmaslik lozim. Testosterondan tashqari, o‘sish uchun estrogen ham nihoyatda muhim. Hayratlanarli tomoni shundaki, jamiyat an’anaviy ravishda “ayollar gormoni” deb hisoblaydigan aynan shu gormon har ikki jinsda uzun suyaklarning o‘sishida hal qiluvchi rol o‘ynaydi. U avvaliga o‘sishni rag‘batlantiradi, so‘ngra ma’lum darajaga yetgach, suyaklanish jarayonini ishga tushiradi va faol o‘sish bosqichini yakunlaydi. Qizlarda estrogen darajasining cho‘qqisi ertaroq kuzatilgani bois ular o‘sishdan yigitlarga qaraganda oldinroq to‘xtaydi.
Shunday qilib, bo‘y o‘sishi genetika, gormonlar va atrof-muhitning murakkab o‘zaro ta’siri natijasidir. Bu jarayon qanchalik murakkab bo‘lmasin, olimlar hamon erkaklar va ayollar o‘rtasidagi tanish, ammo to‘liq tushunilmagan farqlarni belgilovchi mexanizmlarni yanada chuqurroq o‘rganishga imkon beruvchi kashfiyotlar qilishda davom etmoqda. Mutaxassislarning fikricha, kelajakda genlar ekspressiyasining nozik jihatlari, ya’ni turli odamlarda bir xil genlarning qay darajada faol yoki sust ishlashi o‘rganiladi va bu ekspressiyaning bo‘y o‘sishiga ta’siri to‘g‘risida yangi tushunchalar shakllanadi.
Izoh (0)