Ilm-fanda o‘rni, yo‘lini izlayotgan, kelajagini tanlagan sohasiga bog‘lagan ayollarga doim ham oson bo‘lmagan. Oila, ish, farzand tarbiyasi va boshqa vazifalar bir kishiga og‘irlik qiladi. Yo unisi, yo bunisini tanlash sharti qo‘yilsa, ko‘pincha, orzulardan, ilmdan voz kechiladi. Balki, shu sabab oramizda chin olimalar, professor xonimlar kamdir... Xitoyda doktoranturada o‘qib, Markaziy millatlar universitetida o‘qituvchi bo‘lib ishlayotgan vatandoshimiz Dilsora Mirzaahmedova bilan og‘riqli muammolarimiz – unutilayotgan ilmiy davralar, muallim obro‘si, tadqiqot yozish talablari, nega fanda olg‘a siljimasligimiz va tinib-tinchimas xitoyliklarning foydali odatlari haqida suhbatlashdik.
– Biz ko‘pincha fandagi yangilik, kashfiyot-u tadqiqotlardan ko‘ra yengil-yelpi, tumtaroq, mag‘zi puch voqealarga, “ko‘pik gap”larga o‘ch bo‘lib boryapmiz. Ilm-fanga tegishli suhbat-rejalar, yangiliklar faqat tor doirada – ilm egalari orasida tilga ko‘chayapti, xolos. To‘g‘ri, ilmiy bahslar har doim ham ommalashib, ko‘pning og‘zida birdek aylanaveradigan mavzu emas. Ammo taraqqiyot uchun mana shunday davralar zarurligini vaqt tasdiqlagan. Sizningcha, ilm-fanga rag‘bat, chinakam olimlar avlodi qanday muhitda shakllanadi?
– Qadim zamonlardan beri ilmiy muhit, avvalo, saroyda, keyin saroy atrofidagi boy-zodagonlar xonadonida, ularning farzandlari o‘qib-o‘rganadigan maktablarda, hech shubhasiz, davlat rahbarlari, amaldorlar qo‘llovi ta’sirida rivojlangan. Bugunam zamon ming o‘zgarmasin, ahvol baribir shunday. Ilm ortidan ergashgan, tadqiqot o‘tkazayotgan, fanda yangilik qilaman deganni sal suyab, ko‘mak berilsagina, jonlanish bo‘ladi. Sekin-asta vaqt o‘tib, siz aytayotgan muhit shakllanadi. Tadqiqotchi yoki olim ming urinib-chiranmasin davlatning moddiy-ma’naviy yordamiga hamisha muhtoj. Aytaylik, bo‘lajak yosh professorning moddiy tarafdan ta’minoti maromida, oilasini boqish tashvishidan qutulgan bo‘lsa, unga umid bog‘lash mumkin. Ikkinchidan, ilmiy manbalarga ehtiyoj, kerakli va qimmat adabiyotlarni vaqtida topolmaslik yoki biror to‘siq ham yo‘lning yarmidan qaytaradi. Ko‘z o‘ngingizda qaysi davlat rivojlanayotgan, faqat oldinga shiddat bilan ketayotgan bo‘lsa, bilingki, aynan o‘sha davlatda ilm-fan, ta’lim va inson qadriga e’tibor ayricha.
Siz aytayotgan muhit yaralishiga yana bir g‘ov bor: bizda ilm-fanga rag‘bat va qo‘llov turli-tuman, bema’ni shoulardan-da past. Dunyo ravishini o‘zgartirgan, fanga munosib hissa qo‘shgan olim bilan futbolchi, bokschining daromadini solishtiring-a! Tarozi pallalari noteng keladi.
To‘g‘ri, kamchilik-oqsashlar qatorida yutuqlarimiz yo‘q emas. Lekin juda kam. Barmoqlar ortib qoladi. Muammolarimizni bitta-ikkita-uchta qilib emas, tizimli yondashuv bilan hal etish kerak. Bu faqat bir soha, yo‘nalishga tegishli gap emas. Ilmiy izlanishlar islohoti – ta’lim islohoti, demak. Ta’lim bo‘shlig‘i to‘ldirilib, isloh etildimi – poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik ildizi qirqiladi. Hammasi uzviy bog‘langan – xuddi zanjirdek. O‘zgartirishni esa avval o‘zimizdan boshlashimiz shart.
– Xitoyda 10 yildan beri yashaysiz. Shu o‘lkada o‘qib-o‘rganish, ishlash, farzand o‘stirish ham baxt, ham sermashaqqat yo‘l degani. Xitoyda ilm qilish-ku haqiqiy sinov bo‘lsa, universitetda dars berish, o‘qituvchilik rutbasini olish ikki karra mas’uliyat. Keling, Chin diyoridagi ilmiy jarayon, muallimalik haqida gaplashsak...
– “Xitoyda ilmiy tadqiqot qilish oson. Shuning uchun hamma borib qilaveradi” – degan o‘zbekistonlik hamkasbimning o‘zi ham kelib, ish boshladi-yu, bir yilga qolmay tashladi-ketdi. Xitoyda ilmiy izlanishning oson va qiyin tomonlari bor, albatta. Qulay taraflarini sanasam:
Elektron manbalardan bemalol foydalanish mumkin. Jamiki ilmiy dissertatsiya, tadqiqot ishlari “cnki.cn” saytiga kiritiladi. Kalit so‘zlar orqali internetdan hamma ma’lumotni olishingiz mumkin. Yangi va ahamiyatli materiallar pulli, lekin ko‘p universitetlar o‘z talaba-yu o‘qituvchilariga manbalardan tekin foydalanish imkonini yaratib bergan. Xitoy davlat kutubxonasi adabiyotlari bilan ham bemalol tanishish mumkin. Kutubxona 37 milliondan ziyod xazinaga ega. Elektron kitoblardan masofaviy foydalanish tizimi juda yaxshi ishlaydi.
Ilmiy rahbarlarning beminnat, cheksiz yordami. Albatta, hamma ustoz ham yordam berib, yo‘l ko‘rsatavermaydi, lekin men bilgan doktoranturada o‘qiganlarning deyarli hammasi ilmiy rahbaridan mamnun. Ilmiy rahbar sizga nafaqat ilmiy izlanishda, balki o‘sha muhitda yashab, faoliyat olib borishingizda ham ko‘mak beradi. Mana, o‘zimam juda yaxshi ilmiy rahbar qo‘l ostida tadqiqot o‘tkazdim. Ustozim, professor Vu Yinghui mashhur xitoyshunos olim. Aynan xalqaro xitoy tili ta’limi sohasiga oid juda ko‘p ilmiy nazariya va ilmiy tadqiqot uslublari, bir nechta kitoblar muallifi. Qattiqqo‘l, talabchan, lekin juda mehribon inson. Ko‘p marta xonalaridan chiqib, yig‘lab yuborar, hadeb bezovta qilishga ham botinolmasdim. Bugun aynan u kishi uchun alohida, yangi fakultet ochib, Xitoyning chet elliklarga ta’lim berishda birinchi o‘rinda turadigan Pekin xorijiy tillar va madaniyat universitetiga dekan qilib olib ketishdi.
Doktoranturaga qabul qilinishimizda ham shu insonning hissasi katta. Birinchi marta xat yozganimdan keyin yarim soat ichida aloqaga chiqib, Skype’da video suhbat qildik. Keyin “Turmush o‘rtog‘ingni ham chaqir. Sizlarning madaniyatni yaxshi tushunaman, biring u yerda, biring bu yerda o‘qishing qiyin bo‘ladi. Bittang yaxshi mutaxassis bo‘lishingga ko‘zim yetyapti. U esa senga yordam bersin. Sen va farzandingga Pekinda g‘amxo‘rlik qiladi”, deb ikkalamizni ham doktoranturaga qabul qildilar. Davlat granti asosida.
Xitoyga birinchi borgan yilimiz farzandimga viza tayyorlash qiyin bo‘ldi. Viza uchun mas’ul o‘qituvchi taklifnoma tayyorlab berishga unamadi. Yo‘lakda er-xotin g‘amgin yurib ketayotsak, ustoz ro‘paramizdan chiqib qoldilar. Xafaligim sababini so‘radilar. “Qani, buyoqqa yur-chi”, deb ofisga yo‘l boshladilar. “Farzandiga viza qilib beringlar! Nima degan gap bu? Bolasi hali kichkina, ota-onasi bilan bo‘lishi kerak”, deb chiqib ketdilar. Mas’ul o‘qituvchi ovoziniyam chiqarolmadi. Ustozning gapi qonun edi-da!
Nufuzli joydan ishga taklif qilishayotganini ustozimga aytdim. O‘n daqiqada uyimiz oldiga kelib: “Pastga tush”, deb xabar yozdilar. “O‘qishing qolib ketadi, ishlashingga rozimasman!” dermikanlar degan gumonda tushdim. “Qancha maosh taklif qildi?” deb so‘radilar. Aytdim. “Kam! Buncha oylikka haftasiga shuncha para dars ekan. Kam! Fakultet dekaniga aytaman. Yana qo‘shib beradi. Eplaysan, faqat o‘qishni, bolani tashlab qo‘yma!” dedilar. Rahmat aytdim.
Bugun Xitoyda ta’lim va xorijiy til ta’limi borasida urf bo‘lgan mavzu bor. San jiao wenti (三教问题) deyiladi. Ya’ni “uchta o‘quv masalasi” – o‘qituvchi, ta’lim uslubi, ta’lim darsligi. O‘qituvchi ta’limning eng muhim nuqtasi. U sifatga ham, natijaga ham ta’sir qiladi. Tasavvur qiling, o‘quv quroli, darslik yo‘q, o‘qitish uslublari aniq belgilanmagan bo‘lsin. Mana shunday sharoitda ham o‘qituvchi bilimli va kuchli bo‘lsa, sifatli ta’lim berilishi mumkin. Bu yerda muallim bilimi sifati va shart-sharoitga alohida e’tibor beriladi. Ijtimoiy himoya ham juda yaxshi. O‘qituvchiga hurmat qadimdan meros. Azaldan martabali kishilarga “ustoz” deb murojaat qilingan. O‘n talabadan yetti nafari o‘qituvchi bo‘laman, deydi. O‘zim sanab ko‘rganman.
Universitet, maktablarda tashkiliy ishlar, ya’ni qog‘ozbozlik uchun boshqa, ta’lim uchun boshqa o‘qituvchi faoliyat yuritadi. Shu bois, o‘qituvchi oldiga faqat sifatli ta’lim va namuna bo‘la oladigan axloq talabi qo‘yiladi.
O‘qituvchi yaratilgan sharoitlarga javoban o‘z ustida tinmay ishlaydi, deyarli har yili malaka oshiradi. Malaka oshirishga majburiyat deb emas, o‘zini rivojlantirish masalasi deb qaraydi.
– O‘quvchilarning ustoziga muomala-munosabati, ota-onaning ta’lim ishiga aralashishi (bu ko‘proq bizda uchrasa kerak) ko‘p kuzatgandirsiz. O‘zbekistondagi holat bilan taqqoslansa, yer bilan osmoncha farq kuzatilishi aniq. Shunday emasmi?
– O, bu masala Xitoy ta’limining eng qiziq va achinarli jihatlaridan biri bo‘lsa kerak. Qizim Sabinaning bog‘cha guruhida 30 nafar bola bor edi. Lekin ota-onalarning WeChat ijtimoiy tarmog‘idagi guruhga 75 dan ko‘p odam qo‘shilgan. Har bir bolaning ota-onasidan tashqari bobo-buvilari ham bolaning olayotgan ta’limi, kundalik mashg‘ulotlariga qiziqib, guruhga qo‘shilib olishgan. Maktabda ham shu ahvol. Bolaning o‘qishiga ota-onagina emas, ikki buvi va ikki bobo ham aralashadi. Negaki ota-onalarning ko‘pi yolg‘iz farzand. Yagona nabira esa hammaning ovunchog‘i. Aslida, ota-ona ta’limga hadeb aralashishi, bolaning kunlik faoliyatini qattiq nazoratga olishi kerak deb o‘ylayman. Ammo juda beparvolik ham noo‘rin. Har ishda me’yor bo‘lgani yaxshi.
– Ilmiy tadqiqot jarayonida ayollar erkaklardan ko‘ra abjirroq va boshlagan ishiniyam jinsiga xos yutuq-kamchiliklar bilan bajaradi, deyishadi. Lekin shunda ham ayollar soni kam. Professor, fan doktorlarining juda ko‘pini erkaklar tashkil etadi. Bunga sabab nima?
– Xitoyda ilmiy izlanish koni mashaqqat. Fakultetimizdagi ayol o‘qituvchilarning ko‘pi aynan shu yerda ilmiy ishini qilgan. Ularning aksari negadir turmush qurmagan, yo farzandsiz, yoki ajrashgan. Doktorantlar o‘zaro: “Dekanimiz fakultet rivojiga hissa qo‘shsin deb oila muammolariga chalg‘imaydiganlarni ishga olgan” – derdik. Lekin bu haqiqat. Oila, ish va ilmiy tadqiqotni baravar eplash Xitoyda judayam qiyin. Yo unisi, yo bunisidan voz kechiladi, odatda.
– Kecha qiziq voqea ustidan chiqdim. Nufuzli ta’lim dargohida PhD darajasini olmoqchi bo‘lganlarni masofaviy – onlayn imtihon qilinayotgan ekan. Tadqiqotchilar professor-o‘qituvchilarning 3-4 savoliga javob berarkan, ayrimlarining o‘z mavzusini tuzukroq bilmasligi, bir gapni tutvolib, hadeb qaytaraverishi, ba’zi savollarga umuman javob berolmayotganini ko‘rib, ajablandim, ham hafsalam o‘ldi. Eng qizig‘i, ular eson-omon yoqlab ham oladi. Dissertatsiyasini yumaloq yostiq qilib yozadi-da, darajaga ham ega chiqadi. Bunday holatda ilmiy muhit, kuchli olimlar avlodi haqidagi orzular orzuligicha qolaveradi-ku!
– Siz kuzatgan-ko‘rgan holat, endi, ilm emas. Xitoyda yozilgan har bir tadqiqot o‘ta sinchkovlik bilan antiplagiat tekshiruvidan o‘tkaziladi. Aynan “cnki.cn” sayti ilmiy ishlar sifatini nazorat qilish uchun maxsus dastur yaratgan. Dastur ko‘chirmakashlikni nuqta-verguligacha aniqlab beradi. Boshqa manba bilan o‘xshashligi (ko‘chirilganligi emas) 10–15 % bo‘lishi mumkin. Renmin universitetining bir turkiyalik doktoranti ishida qo‘llagan ma’lumotlarning ko‘pini turk tilidagi asardan olgani dissertatsiyasini himoya qilgandan keyin aniqlanadi. Tezda PhD darajasi bekor qilinadi, ilmiy rahbaridan doktorantlarni tayyorlash huquqi olinadi. Bu Xitoy uchun sharmandali holat. Shuning uchun antiplagiat tekshiruvigacha ilmiy ish ustida astoydil ter to‘kiladi.
Ikkinchi bosqichda aynan doktorlik ishlari tashqi taqriz uchun uch anonim mutaxassisga yuboriladi. Mutaxassislar kimligini hecham bilolmaysiz. Ilmiy ish muqovasidagi tadqiqotchi ismi, ilmiy rahbar ism-familiyasi ham olib tashlanadi. Buni ta’lim vazirligi nazorat qiladi. A, B, C, D kabi baholar qo‘yiladi. Uchta C va bitta D baho olsangiz ham jarayondan o‘tolmaysiz. Yana bir marta to‘g‘rilab, topshirish mumkin. Shunda ham qoniqarsiz baholar qo‘yilsa, shuncha yillik mehnat havoga uchadi. Men aynan shu bosqichda qiynaldim. A, A va D baho oldim. Yana to‘g‘riladim, topshirdim, oxiri o‘tdim.
Ilmiy maqolalar chiqarish keyingi bosqich talabi. Maqolalar XXR ta’lim vazirligi yoki universitet tan olgan sayt va jurnallarda chop etilishi shart.
Har bir universitet, hatto fakultet doktorantlarga o‘z qonunicha talab qo‘ya oladi. AQShda o‘qigan bir o‘qituvchimiz taklifi bilan 1-bosqich oxirida 100 ta adabiyot va o‘tilgan 16 ta fan imtihonini topshirdik. Berilgan adabiyotlar ilmiy, o‘qib-tushunish sal murakkab edi. Astoydil tayyorlandik. Lekin birinchi urinishda xorijdan kelgan doktorantlar imtihondan o‘tolmadik. Yiqildik. Ikkinchi imkonda ko‘zimiz ochilib, a’lo natija ko‘rsatdik.
Bu yerda ilmiy tadqiqot mavzusini tanlash ham muhim, ham qiyin. U sizning kelgusidagi ishingiz va davlatingiz bilan bog‘liq bo‘lishi kerak. Shuningdek, ilmiy tadqiqotning yangiligiga talab kuchli. Mabodo, sizdan avval kimdir ishlagan bo‘lsa, yondashuvni o‘zgartirishingiz shart.
Ilmiy tadqiqot yakunlangunicha ming chig‘iriqdan – bosqichlardan o‘tadi. Avval “Mavzuni ochiqlash hisoboti” imtihon shaklida topshiriladi. Undan keyin antiplagiat tekshiruvi, so‘ng anonim taqriz. To‘rtinchisi “himoya oldi himoyasi” deyiladi. Xuddi dissertatsiya himoyasidek o‘tadigan jarayon ko‘ngildagidek nihoyalansa, kelgusi bosqichlarga ruxsat beriladi. Eng oxiri – himoya. Shu jarayon davomida xatolarni yuz martalab tuzatish, qo‘shimcha kiritish mumkin.
– Yana bir xunuk holat. Ayrim dugonalarim ko‘zi yonib, g‘ayrati toshib ahli ilm orasiga qo‘shiladi-yu, oradan ma’lum vaqt o‘tib, hafsalasi o‘lganini aytadi. Negaligini so‘rasam, turli to‘siqlar – qog‘ozbozlik, ilmiy rahbarning noo‘rin talablari, o‘zaro kelisholmaydigan professorlar ortidan tadqiqotchining jabr tortishi, ishining cho‘zilishi, himoyasining kechikishi, xullas, bir talay muammolarini sanaydi. Buni eshitib, ilm qilishga cho‘chibam qolarkansan. Bizda ilmga bunday munosabat (ayniqsa, tarafkashlik, ustozning nizosini deb talaba jabr tortishi) qachon barham toparkin?
– Ilmiy izlanish qilish uchun, albatta, yaxshi ustoz, kuchli ilmiy rahbar tanlash muhim. Lekin men negadir bu haqda o‘ylab ham ko‘rmagan ekanman. Chunki doim dunyoning eng yaxshi, eng aqlli o‘qituvchilaridan ilm olganman. Xitoyda ham Liu Kun va doktoranturadagi ilmiy rahbarim professor Vu Yinghui, yana O‘zbekistonda xitoy tilini o‘rgatgan Tyu Txi Kim Zung, jurnalistika fakultetidagi muallimlarim Akbar Nurmatov, Nazira Toshpo‘latova shular jumlasidan. Lekin ustozlarimni sanasam ikki-uch kun ketsa kerak.
Ilmiy rahbar bilan kelisholmaslik, ilmiy rahbarning haddan ortiq talabi faqat O‘zbekistondagi muammo emas. Butun dunyoda bor. Ikki yil oldin Xitoyda xuddi shunday muammo jamoatchilik e’tiboriga tushdi. Magistraturaga kirgan yigitni o‘qituvchisi xizmatkordek ishlatadi, kun-tun undan foydalanadi, turli bosimlar o‘tkazadi. Bosimga chiday olmagan yigit magistraturadan ham ketolmaydi, chunki u oilasining, ota-onasining yagona umidi, kambag‘allikdan chiqish chorasi. Shuning uchun joniga qasd qiladi, o‘qituvchi esa jazosini oladi.
Xo‘sh, bunday vaziyatlarda nima qilish kerak?- Ilmiy rahbar bilan kelisholmayapsizmi, ustozni almashtiring;
- Ilmiy izlanishga qiynalyapsizmi, tashlang. Bunday faoliyatga hayotiy zarurat deb qarash xato. Insonning hayoti ilmiy izlanishsiz ham go‘zal, mazmunli o‘tishi mumkin. Bu haqiqatni doktoranturani tugatibgina angladim.
– Qiz bola o‘qishi, oliy ma’lumotli, o‘zi sevgan kasb egasi bo‘lishi, nazarimda, shart. Ota-onaning umri davomida qiladigan eng muhim vazifasi ham qizini o‘qitish bo‘lsa kerak. Ammo oilaviy stereotiplardan chiqib ketolmay, aksar ota-ona (ba’zan jamiyat ham) ilm ayollarning ishi emas (!) deya hukm chiqaradi. Bugun qizini o‘qitmagan ota-ona millat tarbiyachisini yo‘qotayotganini bilmaydiyam.
– Rivojlangan davlatlardan misol keltirishni yaxshi ko‘ramiz. Menam an’anani buzmayman. Hech qaysi davlatda, Xitoy, AQSh yo Yevropa bo‘lsin, o‘qish borasida o‘g‘il qizdan ustun qo‘yilmaydi. Farzandning hammasi birdek o‘qishi, izlanishi uchun sharoit yaratiladi. Buni chet ellik do‘stlarim bilan ko‘p muhokama qilganmiz.
Qadimda bizda ham shunday bo‘lgan. Har bir yetuk allomamizni o‘qimishli, oqila ona tarbiya qilgan. Yoki Ibn Sino, Xorazmiy, Imom-al Buxoriy, Amir Temurni harf tanimagan ona tarbiya qilgan deb o‘ylaysizmi? Men bunday deb o‘ylamayman. Oliy ma’lumoti bo‘lmasa ham fahm-farosatli, aqlli, dunyoqarashi keng, ilmi bor onagina shunday farzandni voyaga yetkaza oladi. Ota esa “ko‘chaniki”.
Lekin bizda, afsuski, bugun bunday o‘ylaydiganlar kam. “Qiz bola birovning xasmi, turmushga chiqib ketadi-yu, oilasiga zig‘irchayam foydasi tegmaydi. Shuning uchun uni o‘qitish shart emas!”. XXI asrda ham qishloqlarimizda 8–9-sinfdan maktabni tugatar-tugatmas kelin bo‘layotgan qizlarimiz borligi achinarli. Hali ham qizlarini farzand, shaxs o‘rnida emas, “birovning mulki” o‘rnida ko‘rayotgan ota-onalar talay. Shundaylar kasriga jamiyatimizda ayollarning tahqirlanishi, xo‘rlanishi bilan bog‘liq muammolar urchib boraveradi. Oilamning, nabiralarimning kelajagi go‘zal bo‘lsin, yana muammolari bilan bosh og‘rig‘i bo‘lmasin desangiz, qizlaringizni o‘qiting. O‘qiting deganda oliy ta’limni nazarda tutmayapman, hech bo‘lmaganda, hunar o‘rgatib turmushga uzating.
Endi qanday qilib xotin-qizlar o‘qishiga yordam berish mumkin degan savol tug‘iladi. Eng oddiy va oson yo‘li – o‘rnak, namuna bo‘lib. Maqtanishga yo‘ymaysiz, bir misol aytaman. Xitoyda tanishimning boshiga tashvish tushdi. Undan qutulish uchun ancha “yugurish” kerak. Ular bilan muammosi hal bo‘lgunicha birga yurdim. Xitoy tili, qonunlarini biroz bilganimga tashvishi tezda hal bo‘ldi. Shunda o‘ta konservativ qarashlarga ega ota: “Kelajakda qizimni o‘qitsammi-yo‘qmi, deb o‘ylayotgandim. Endiyam o‘qitaman! Sizga o‘xshab odamlarga yordami tegsin”, dedi. Xursand bo‘ldim. Eshitishimcha, qizlarini chet tiliga ixtisoslashgan litsey va qo‘shimcha darslarga berishibdi. Mana shu yutug‘im. Maqsadimga erishdim.
– Xitoyda nima bilan mashg‘ulsiz? O‘sha yerda yashash, ishlash, kelajak rejalarini tuzish serzavq, albatta. Ammo kun kelib ortga qaytish zarurati tug‘ilsa, hafsalangiz o‘lmaydimi, tushkunlikka tushmaysizmi?
– Uzoq yillar Markaziy millatlar universitetida Xalqaro xitoy tili ta’limi yo‘nalishida doktoranturada o‘qidim. Shu yil 9-mayda dissertatsiyamni himoya qildim. Bundan tashqari, shu universitetning Rus-Markaziy Osiyo tillari fakultetida o‘zbek tili, madaniyatshunoslik fanlaridan dars beraman. Yozma va sinxron tarjimonlik ham qilaman. Farzandim ham o‘sha yerda o‘qiydi, turmush o‘rtog‘imning ish faoliyati ham Xitoy bilan uzviy bog‘liq. Chet elda o‘qish, yashash, ishlash qiziq, lekin kelajakda qaytib qolsangiz-chi, deyapsiz. Menimcha, hech narsa o‘zgarmaydi. Doimgidek tetik ruhda ishlayveraman. Xalqaro tajribam yetarli, uyga qaytib, xitoy tilidan dars berib, tarjimonlik qilaveraman. Bundan zarracha tashvishlanmayman. Aksincha, kelajakda ulg‘ayib, tajriba orttirganimizdan keyin, baribir, Vatanga qaytishimiz kerak, deb o‘ylayman.
– Xitoyliklarning mehnatsevarligi, shijoati, zakiyligiga havas qilamiz. Kitobxonlik bobida ham ular ancha-munchasini ortda qoldirishiga guvoh bo‘lgandim. Siz tanigan-bilgan xitoylik bir kunda necha soatini o‘qib-o‘rganishga, mutolaaga ajratadi?
– Xitoyliklarning kitobxonligi alohida, katta mavzu. Qizim bog‘chaga borganida uyga vazifa sifatida juda ko‘p bolalar adabiyoti o‘qib kelishni tayinlashar, yana har hafta bog‘cha kutubxonasidan 1 ta kitobni berib, birgalashib o‘qib, keyingi hafta boshqasiga almashtirib kelishimiz kerak edi. Birinchi sinfga borganda 100 ta kitobdan iborat ro‘yxatni tutqazishdi. O‘qituvchisidan bu boshlang‘ich sinflar (1–3-sinflar)ga mo‘ljallangan ro‘yxatmi, deb so‘radim. “Yo‘o‘o‘q!”, – dedi o‘qituvchi, “Bu 1-sinf yozgi ta’tilgacha o‘qishi shart badiiy kitoblar. Yozgi ta’tilga alohida beramiz”. Bergan savolimdan uyalib ketdim. 9-sinfgacha bolalar 100 dan ortiq kitobni o‘qib tugatadilar.
Maktab, universitet, doktoranturada ham har hafta “du shu hui” (读书会) ya’ni mutolaa majlisi bo‘ladi. Majlisda darslardan tashqari berilgan adabiyotlar bo‘yicha fikr almashinadi, taassurotlar aytiladi, tahlil qilinadi. Pekin taksilarida ko‘p kuzataman. Haydovchilar hamisha audio-kitob eshitib yurishadi.
– Ta’lim-tarbiya, bolalar kamolotida xitoyliklar nimalarga suyanishadi, qaysi vositalardan ko‘proq foydalanishadi?
– Keling, avval ta’lim tizimi haqida gapirib beray. Shunda ko‘p narsa oydinlashadi. Xitoyda ta’lim bog‘chadan boshlanadi. Chunki xitoyliklar bog‘chaga ta’limning bir qismi, uzvi deb qarashadi. “Farzandingiz bog‘chaga bordimi?” degani “O‘qishga bordimi?” qabilida tushuniladi. Bog‘chada oliy ma’lumotli o‘qituvchilar ishlaydi, ularning maqomi tarbiyachi emas, o‘qituvchi. Aynan “o‘qituvchi”, “ustoz” deb murojaat qilinadi. Majburiy ta’lim 9-sinfgacha. Avval 3 yil boshlang‘ich, keyin 6 yil o‘rta sinfda o‘qiladi. 9-sinfdan keyin eng muhim jarayon – hunar o‘rganish uchun kasb-hunar kollejlari yoki bizning akademik litseylarga o‘xshash fanlarni chuqurlashtirib o‘rgatuvchi “gaojong” boshlanadi. Ushbu jarayonda bolalar kelajak uchun muhim imtihon – “gaokao”ga tayyorlanadilar. “Gaokao”da olingan ballarga qarab universitetlar bolalarni talabalikka qabul qiladilar.
Ta’lim-tarbiyada xitoyliklar ko‘p sharq mamlakatlari kabi asriy an’analarga, millatning diniy va falsafiy qarashlariga tayanishadi. Farzand tarbiyasida ota va ustozning o‘rni baland. Konfutsiylik ta’limotiga asosan qadimda o‘ta qattiq tartib-intizom asosida bolaga tarbiya va ta’lim berilgan. Bu ta’lim uslubi bugungi kunda AQShga ko‘chib borgan muhojirlar tomonidan qo‘llangan va “Yo‘lbars ona” (虎妈) deb nomlangan. Qattiqqo‘llikka asoslangan metodda jamiki e’tibor bolaning o‘qishiga qaratiladi. Ammo bu rivojlangan davlatlarning keskin tanqidlariga sabab bo‘ldi.
Bugungi Xitoyda ham “Yo‘lbars ona” borgan sari kam qo‘llanilyapti. Ota-ona farzandi istagiga ko‘proq e’tibor berib, gohi haddan oshirib yuboradi. Ortiqcha e’tibor, g‘amxo‘rlik ta’sirida erkalanish hislari rivojlanib ketadi. Endi bunga qarshi kurash boshlangan. Globallashuv Xitoyga sezilarli ta’sir qilgan. Bolaga ism qo‘yishdan tortib ta’limigacha “xalqarolashib” boryapti. Bir ma’ruzada ustozim ko‘chada “Piter” ismli bolani ko‘rgani va bunga mutlaqo qarshi ekanini aytgandi. Har bir inson o‘z millati an’analariga asoslanib bolasiga ism qo‘yishi, bolasini shunday ruhda tarbiyalashi kerak deb hisoblarkan ustozim. Menam shunday fikrdaman. Qiyin bo‘lsa ham, milliylikni saqlab qolishga harakat qilish kerak.
Xullas, ayolning nozik yelkalariga o‘qish, ish, oila, bola tarbiyasi va boshqa mas’uliyatlar yuklanarkan, bunda u faqat o‘zining g‘amini yemaydi. Avvalo, kelajagiga zamin hozirlasa, keyin jamiyatning bir zanjirini ulayotgan, o‘rtadagi bo‘shliqni to‘ldirishga urinayotgan bo‘ladi. Shuning uchun ayolni hamisha qo‘llash, tanlovlarini hurmat qilish, to‘g‘ri munosabatda bo‘lish hammasidan muhim. Biz ayollarga bundan ortig‘ining keragi ham yo‘q.
Charos Nizomiddinova suhbatlashdi
Dilsora Mirzaahmedova1987-yili tug‘ilgan;Oilali, bir farzandning onasi;O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan;Shanxi pedagogika universitetida magistraturani, Xitoy Markaziy millatlar universitetida doktoranturani o‘qib tugatgan;Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti qoshidagi Konfutsiy nomidagi o‘zbek-xitoy instituti, O‘zDJTUda dars bergan;Hozirda Xitoy Markaziy millatlar universitetida o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi.
Izoh (0)