27-iyun Tojikistonda fuqarolar urushi tugaganining 23 yilligi nishonlandi. Shu munosabat bilan “Daryo” qo‘shni mamlakatda minglab insonlarning bevaqt o‘limiga sabab bo‘lgan voqea tafsilotlari haqida hikoya qiladi.
“Fuqarolar urushi uchun yulduzcha olishni xohlamayman”, – Lev Yakovlevich Roxlin, 1994-yilda Checheniston poytaxti Grozniy shahrini ishg‘ol qilgan general leytenantlardan biri. “Vlast” (Hokimiyat) nashri jurnalistining tasdiqlashicha general leytenant Lev Yakovlevich Roxlin Chechenistondagi urush harakatlarida ishtirok etgani uchun Rossiya Federatsiyasining Qahramoni unvonini olishga nomzodi ko‘rsatilgan, ammo Roxlin o‘z mamlakati hududidagi harbiy amaliyotlarda ishtirok etganini ta’kidlab, Rossiya Qahramoni unvonini olishdan voz kechgan.
Bundan 23 yil muqaddam Sovet Ittifoqining bir qismi bo‘lgan Tojikistonda mustaqillik uchun intilishga urinish mamlakatning aholisi boshiga eng murakkab davrlarga guvoh bo‘lishdek voqelikni yozg‘irdi. 1992-yilda milliy va hududiy farqlarga ega bo‘lgan mamlakatda fuqarolar urushi boshlanib ketdi. Ayrim manbalarda mazkur urushda 50 ming inson hayotdan ko‘z yumgan, jabr ko‘rgan deb yozilsa, ayrim manbalar bu urush 80 minglab insonlarning yostig‘ini quritgani haqida yozadi.
27-iyun 1997-yil sanasida rasmiy Kreml rahnamoligida Moskvada Tojikiston hukumati va Birlashgan tojik muxolifati o‘rtasida tinchlik bitimi imzolanadi va 5 yildan ko‘proq davom etgan Tojikistondagi fuqarolar urushi nihoyasiga yetadi. Bu bitim sobiq sovet davlatida fuqarolar urushi yakunlanganidan dalolat edi. Mazkur fuqarolar urushini ayollar, bolalar, keksalarga va milliy mansublikka qarshi qaratilgan qatliom deb atash mumkin. Qonli to‘qnashuv o‘zining salbiy jihatlarini hattoki urush tugaganidan so‘ng ham bir necha bor namoyish qildi.
Urush qanday boshlangan edi?
Sobiq Qizillar imperiyasi parchalanib ketgach, Tojikistondagi voqealar ham Boku, Tbilisi, Vilnyus kabi shaharlarda 1989–1990-yillarda yuz bergan to‘qnashuvlar ssenariysi bo‘yicha rivojlandi. Frayburg universiteti professori Tim Epkenxans nazarida esa Tojikistonda yuzaga kelgan fuqarolar urushining sabablari haqida turlicha fikr va mulohazalar mavjud.Ayrimlar endigina mustaqillikka erishgan tojik o‘lkasidagi qonli mojarolarga Tog‘li Qorabog‘dan ko‘chirilgan armanlarga Dushanbeda yangi uy joylarning topshirilishi ortidan milliy kelishmovchiliklar boshlangan deb fikr bildirsa, boshqa birlar Islom jangarilari hukumatni qo‘lga olish maqsadida armanlar bilan bog‘liq vaziyatdan foydalangan deyishadi, uchinchi bir guruh vakillari esa Tojikistondagi fuqarolar urushi ortida chet eldagi qora kuchlar turganini aytadi.
Aslida esa qo‘shni o‘lkadagi qonli mojaroning sabablari ko‘p. Qochoq armanlarning Tojikistonga ko‘chirilishi 1990-yilda “Bahmanmohi xunin” – “Qonli fevral” voqealariga bir sabab edi. Haqiqatda esa tojik jamiyatidagi ijtimoiy muhit iqtisodiy tanazzul, qashshoqlik natijasida ancha keskinlashgandi. Qayta qurish, “Glasnost” (Oshkoralik ) deb nom olgan siyosat natijasida Tojikistonda jinoiy to‘dalarning faolligi kuzatildi. Amaldagi hukumat esa oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajara olmay qoldi. O‘sha davrlardagi KGB (Davlat xavfsizligi qo‘mitasi) va Ichki ishlar vazirligi vaziyatni boshqarishga urindi. Dushanbeda harakat qilgan Rauf Soliyev guruhi voqealar rivojida yaxshigina hissa qo‘shdi.
O‘tmishni unutish ba’zida yaxshi emas
Qayta qurish paytida tojik jamiyatida demokratik Islom uyg‘onish harakati partiyasi va Tojikiston demokratik partiyasi amaldagi kommunistik partiyaning muxolifatchisi sifatida o‘zini namoyon qila boshladi. Mazkur guruhlar o‘rtasidagi siyosiy janjal tobora siyosiy kurashdan etnik mansublikka asoslangan ixtilofga aylandi. Sovet davrida aksar markazdagi rahbariyat Leninobodlik (hozirgi Xo‘jand) guruh vakillaridan tayinlanardi. Leninobodliklarning hokimiyatini mahkam tutishida Ko‘lobdan huquqni muhofaza qilishga tayinlangan guruh vakillari o‘ziga xos ittifoqchilikni tashkil qilgandi.Sovet Ittifoqi parchalangach tojik jamiyatidagi badaxshonliklar, xisorliklar va Surxob daryosining o‘ng qirg‘og‘ida istiqomat qiladigan g‘armliklar hokimiyatda kuchlar mutanosibligini ta’minlashda ishtirok etish niyatlarini bildira boshladi. Nizoning debochasi sifatida esa 1990-yilning fevral oyida Dushanbeda Tojikiston kommunistik partiyasining bosh kotibi va noyabr oyidagi saylovlar natijasida Tojikistonning birinchi prezidenti etib saylangan Qahhor Mahkamovning iste’fosini talab qilgan ommaviy norozilik namoyishlari boshlab berdi.
Ommaviy tartibsizliklarning boshlanishida 1985-yilda sovetlarga qarshi keskin fikrlari sababli Tojikiston kommunistik partiyasining birinchi kotibligidan olib tashlangan Rahmon Nabiyevning ishtiroki bo‘ldi. Sobiq rahbar o‘tmishdagi holat uchun amaldagi prezident Qahhor Mahkamovning prinsipsizligi va sovetlarga yon bosishga urinishida aybladi. Norozilik namoyishlari natijasida Moskvadagi Favqulodda holat davlat qo‘mitasini yoqlagan Mahkamov hokimiyatdan ketishga majbur bo‘ladi.
Ammo Moskvadan kelgan bo‘lg‘usi isyonchi GKChP a’zosi Boris Pugo Mahkamovning iste’fosi uchun tojikistonlik rahbarlarni izza qiladi va ular noto‘g‘ri yo‘l tutganini ta’kidlaydi hamda Mahkamov va uning bosh vaziri Izzatillo Hayoyevning iste’fosini qabul qilmaydi. Norozilik yanada kuchayadi. Mamlakatda saylovlar o‘tkaziladi va hokimiyat tepasiga 1991-yilning 24-noyabr sanasida 56 foiz ovoz to‘plagan Rahmon Nabiyev keladi. Tojikiston demokratik partiyasi, Islom uyg‘onish partiyasi va “Rastoxez” milliy demokratik harakati qo‘llagan Davlat Xudonazarov saylovlar natijasi soxtalashtirilganini iddao qiladi va Rahmon Nabiyevni mazkur holatda aybdor qiladi. Shunga qaramasdan Tojikistonda bir oz muddat urushdan oldingi sukunat davri kuzatiladi.
Fuqarolar urushining boshlanishi
1991-yil Sovet Ittifoqi parchalanib ketgan davrlar. Razvedka Bosh Boshqarmasining 15-brigadasini yangi O‘zbekistonga “sovg‘a qilishdi”. Mayor unvonini O‘zbekiston Respublikasining mudofaa vazirining buyrug‘i bilan qabul qilib oldim. 1992-yilning yozida Tojikistonda fuqarolar urushi boshlanib ketdi. O‘zbekiston Respublikasining mudofaa vaziri Rustam Ahmedov bizga “Tojikistondagi konstitutsiyaviy tuzumni o‘rnatish ” borasida topshiriq berdi.1992-yilning bahorida prezident Rahmon Nabiyev g‘armlik va pomirliklar hamda Ko‘lob va leninobodlik guruhlar o‘rtasida ittifoqchi hukumat tuzishga harakat qiladi. Ammo uning harakatlari besamar tugaydi. Natijada, hokimiyatda yuqori mansabga intilayotgan kuchlar o‘rtasida haqiqiy kurash boshlanadi. Sentabr oyida prezident Rahmon Nabiyev poytaxt Dushanbedan Xo‘jandga qochib ketishga urinadi, ammo muxolifatchilar uning poytaxtdan chiqib ketishiga yo‘l berishmaydi.Oqibatda, maxsus vakolatga ega bo‘lgan razvedka otryadi tashkil qilindi. Men esa mazkur otryadning boshlig‘i bo‘ldim. Guruhda yuzga yaqin harbiylar bo‘lib, ularning aksari “Afg‘on urushi”ni boshidan o‘tkazgan edi. Aytgancha, bizning qo‘mondonimiz Chubaysga suiqasd uyushtirgan Vladimir Kvachkov edi.
Afg‘on urushidan Chechenistondagi qonli voqealarga guvoh bo‘lgan harbiy ofitser Aleksandr Musik xotiralaridan.
Tojikistondagi turli guruhlar mamlakatni fuqarolar urushi girdobiga tashlab bo‘lgandi. Nabiyev prezidentlik lavozimidan iste’foga chiqqach, Oliy Kengash raisi Safarali Kenjayev Ko‘lobga qochib ketadi va shu yerda ko‘lobliklardan iborat jangovar bo‘linma tashkil qiladi. Ko‘lob va hisorliklarning koalitsiyasi asosida Tojikiston xalq fronti harakati tashkil qilinadi. Mazkur harakat o‘z oldiga Tojikistondagi konstitutsiyaviy tuzumni qayta tashkil qilishni maqsad qilib oladi.
Tojikiston xalq frontining yetakchisi sifatida sobiq jinoyatchi avtoritet Sangak Safarov keladi. Shu davrdan boshlab rus harbiylarining, O‘zbekistonning moliyaviy va harbiy yordamida Tojikiston xalq fronti askarlari Qo‘rg‘ontepa, Ko‘lob, G‘arm, tog‘li Badaxshon hududlarida islomiy tashkilotning jangari bo‘linmalari bilan janglarga kirishib ketadi. Janglarda birin-ketin mag‘lubiyatga uchrayotgan islomiy jangarilar boy berilgan hududlardan chiqib ketar ekan mahalliy aholini, xususan, o‘zbek va rus aholisini qirg‘in qilar, Tojikiston xalq fronti harakatidan o‘zlaricha qasd olishga urinardi.
1992-yilning sentabr oyida Tojikiston xalq fronti qo‘shinlari Hisor vodiysini qo‘lga kiritadi va aynan shu yerda konstitutsiyaviy tuzum uchun kurash olib boruvchi yangi Hisor-Tursunzoda guruhi tashkil qilinadi. Bu esa Tojikiston xalq frontiga muhim strategik yutuq beradi: temiryo‘l aloqasini uzib qo‘yish, Dushanbe, G‘arm va Pomirga tutash rayonlarni qamal qilish imkoni tug‘iladi. Dushanbe, G‘arm va Pomirni nazorat qilayotgan Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi a’zolari Panj daryosi orqali qo‘shni Afg‘onistondan afg‘on jangarilarining madad kuchlari kelishiga umid qiladi.
Lekin ularning bu umidi chippakka chiqadi. Tojikiston xalq frontiga yordam berish maqsadida Farg‘odan harbiy havo desanti harbiy bo‘linmasi tashlanadi. Mazkur guruh rus harbiylari bilan birgalikda Afg‘onistondan Tojikistonga afg‘on jangari to‘dalarini o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik edi. 1992-yilning oktyabr oyida Tojikistondagi fuqarolar urushi o‘zining cho‘qqisiga chiqadi. Urush harakatlari natijasida 20 ming odam halok bo‘lgan, 100 minglab tinch aholi mamlakatni tark etishga ulgurgandi.
Mamlakat sanoati va qishloq xo‘jaligi izdan chiqqandi. 10-noyabr sanasida Tojikiston Oliy Kengashi raisi o‘zining vakolatlarini topshiradi. 16-noyabrdan 2-dekabr sanasigacha Oliy Kengashning yangi yig‘ilishi chaqiriladi va sessiyada prezident Rahmon Nabiyev iste’foga chiqadi. Oliy Kengashning yangi raisi sifatida ko‘loblik Imomali Rahmonov saylanadi. Shu davrda Tojikiston hukumati qo‘shni Qozog‘iston, O‘zbekiston, Rossiyadan mamlakatdagi urush sababli Tojikistonga tinchlik kuchlarini yuborishini so‘rab murojaat qiladi.
15-maxsus harbiy bo‘linmada xizmat qilgan general-mayor Aleksandr Chubarov o‘z xotiralarida “Qo‘rg‘ontepadagi janglar shafqatsiz kechgani, keksalar-u, ayollarning, bolalarning murdalari ariqlarda qolib ketganligi-yu, nizolashuvchi taraflar murdalarning jasadlarini kesib olib, qo‘rquv uyg‘otish uchun qishloqma-qishloq tarqatib yurishgani”ni esga oladi.
Muzokaralar davom etar ekan, yangi sessiyada hech qanday davlat mansabi tegmagan sobiq Oliy Kengash raisi Safarali Kenjayev bundan norozi bo‘ladi va o‘z harbiy otryadi yordamida Dushanbega muvaffaqiyatsiz yurish boshlaydi. Shu tariqa Tojikistonda fuqarolar urushining yangi jabhasi boshlanib ketadi. 10-dekabr sanasiga borib Dushanbe shahri batamom Tojikiston xalq fronti nazoratiga o‘tadi. Tojikiston xalq fronti poytaxtda yashovchi pomirliklar va qorateginliklarga nisbatan terrorni boshlab yuboradi.
1993-yildan boshlab Tojikistondagi urush harakatlari G‘arm, Romit va Darvoz hududlariga ko‘chadi. 1993-yilda Tojikiston Oliy Kengashi mamlakatdagi muxolifatchi partiyalar “Rastoxez” xalq harakati, “Lali Badaxshon” jamiyati, Islom uyg‘onish partiyasi va Tojikiston demokratik partiyasining faoliyatini taqiqlab, qo‘yadi. Natijada, mazkur to‘rt siyosiy kuch yetakchilari Birlashgan tojik muxolifati harakatini tuzganini va amaldagi hukumatga qarshi janglarni davom ettirajagini bildiradi.
Bu paytda Tojikiston va Afg‘oniston chegara hududidagi vaziyat ham afg‘on jangarilarining tojik chegara postlariga hujumlari ko‘payib qoladi. 13-iyul sanasida bir guruh afg‘on jangarilari Tojikistonga bostirib kiradi va 12-chegara postidagi rus harbiylari bilan qurolli to‘qnashuv yuz beradi. Kechga yaqin chegara hududiga rus harbiylarining 201-moto o‘qchi diviziyasi yetib keladi va chegaralar butunligini ta’minlashga yordam beradi.
Birlashgan Tojikiston muxolifati guruhi a’zolari orasida ixtiloflar yuzaga keladi va ularning hujumlari ham qisqarib boradi. O‘zbekiston hukumati tomonidan qo‘llanayotgan Tojikiston xalq fronti kuchlari bu paytda o‘z harbiy salohiyatini ancha kuchaytirib oladi. Rus chegarachilari esa tojik-afg‘on chegarasini mustahkamlab, afg‘on mujohidlarini Tojikistonga o‘tishiga to‘siq qo‘yadi.
1994-yilda muxolifatchi guruhlarning harbiy amaliyotlari muvaffaqiyatsiz yakunlanadi. Tojikistonning aksar qismi hukumat qo‘l ostiga o‘tgan, muxolifatchilar hukumat nazorati o‘rnatilmagan tog‘li hududlardan amalga oshirila boshlanadi. Ayni shu davrda Tojikiston xalq fronti a’zolari orasida asosan ko‘lobliklar va hisorliklar orasida hokimiyatda yetakchi mavqega ega bo‘lish borasida nizo kelib chiqadi. 1995-yilning aprel oyida Moskvada Tojikiston hukumati va muxolifat a’zolari o‘rtasida oliy darajadagi uchrashuv bo‘lib o‘tadi.
Uchrashuv davomida bir oy muddatga harbiy amaliyotlarni to‘xtatish va sulh tuzishga erishiladi. Imomali Rahmonning Afg‘oniston poytaxti Kobul shahrida muxolifat yetakchisi Said Abdullo Nuri bilan o‘tkazgan uchrashuvi natijasida sulh muddati yana uch oyga cho‘ziladi. Umuman olganda, 1994-yildan 1997-yil may oyiga qadar BMTning tashabbusi ostida Tojikiston hukumati va muxolifatchi guruh yetakchilari o‘rtasida o‘ndan oshiq uchrashuv va muloqotlar bo‘lib o‘tadi.
Bunday uchrashuvlarning ko‘p o‘tkazilganiga sabab muxolifatchilar orasida hamfikrlikning yo‘qligi, maqsadlarning aniq emasligini ko‘rsatish mumkin. Sababi ayrim muxolifat yetakchilari tinchlik bitimi imzolanishini va hukumatda o‘rin olishini iddao qilsa, ayrim klanlarning yetakchilari urushni so‘nggi nafasgacha davom ettirishni iddao qiladi. Bu esa mamlakatga tinchlik olib kelish muddatini cho‘zib yubordi.
1996-yilning 23-dekabrida Imomali Rahmon va muxolifat yetakchisi Said Abdullo Nuriy muzokaralari chog‘ida bir guruh muxolifatchilar hukumat tarkibiga kiritiladi va besh ming nafarga yaqin qurollangan guruhlar Tojikiston armiyasi safiga qo‘shib olinadi. 1997-yilning iyun oyida nihoyat mamlakatga tinchlik olib kelgan sulhi imzolanadi. Tinchlik bitimi natijasida, muxolifatchilarning hokimiyatni tashkil qilishdagi ishtiroki ta’minlanadi, muxolifatchi guruhlarning harbiy tuzilmalari Tojikiston armiyasiga kiritiladi. 1998-yilning 27-iyun sanasidan boshlab Tojikistonda mazkur kun “Milliy birlashuv kuni” sifatida nishonlana boshlanadi.
Tojikiston borasida Islom Karimov siyosati
Islom Karimov boshqaruvidagi O‘zbekiston Tojikistondagi fuqarolar urushining tinchlik kelishuvi bilan yakunlashida salmoqli hissa qo‘shdi. Siyosiy tahlilchi va jurnalist Arkadiy Dubnov nazarida, “agarda Karimov Tojikiston xalq fronti harakatini qo‘llab-quvvatlamaganda, hozirgi paytdagi Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning hokimiyat tepasiga kelishini” tasavvur qilib bo‘lmasdi. Nega O‘zbekiston hukumati Tojikistondagi xalq frontini qo‘llab-quvvatladi, degan savol tug‘iladi.Birinchidan, 1992-yillarda O‘zbekistondagi vaziyat ham ancha qaltis, ustiga ustak Afg‘onistonda ko‘p yillardan beri davom etib kelayotgan hokimiyat uchun kurash O‘zbekiston hududiga tarqalmasligining oldini olishga qaratilgan edi. Shu paytda to‘satdan Tojikistondagi fuqarolar urushining boshlanib ketishi ham O‘zbekistonda, ham Tojikistonda radikallashgan islomiy guruhlarning faollashishiga olib keldi. Ikkinchidan, tojik-afg‘on chegarasidagi nizolar afg‘on mujohidlarining jang qilish maydonini kengaytirishi mumkin edi.
Agarda konstitutsiyaviy tartib himoya qilinmasa, Tojikistondagi urushning O‘zbekistonga ham yoyilishi borasida O‘zbekiston rahbariyatida xavotirlar bor edi. Shu sabablarga ko‘ra, Islom Karimov qo‘shni mamlakatdagi siyosiy inqirozni imkon qadar tez tugatishga qaror qiladi. Bundan tashqari, siyosiy nizolar maydoniga aylangan Tojikistondagi siyosiy elita Karimovning shaxsiga Markaziy Osiyo siyosatining oqsoqoli, elitasi sifatida ham qarardi, deb yozadi qozog‘istonlik siyosatshunos Do‘sim Satpayev. Aynan shu omillar tufayli ham Tojikistonda 27-iyun sanasida erishilgan tinchlik bitimining imzolanishida rasmiy Toshkentning pozitsiyasi rasmiy Moskva tutgan siyosat bilan bir darajada yodga olinadi.
Fuqarolar urushining oqibatlari
Urush ko‘plab oilalarni bir-biridan ayirdi, erlar ayollaridan, farzandlar ota-onalaridan yulib olindi. Qancha ismlar urush girdobining to‘fonlarida bedarak, benom, beiz ketdi. Urush haqida gap ketganda ko‘pchilik jang-u jadallarda erkaklar qurbon bo‘ladi deyishadi. Ammo bu urushda ko‘plab ojizalarning iztiroblari ham bir doston. To‘g‘ri, ayrim ayollar mujohidlar safiga ham qo‘shilgan, lekin bunday ayollarning sanog‘i oz. Tojikistonlik ota-onalar o‘z qizaloqlarini yashirish uchun bor kuchini, jasoratini va matonatini ko‘rsatishadi. Lekin saqlab qolingan qizlar va izsiz ketgan ayollar soni haqida hozirgacha faqat taxminiy raqamlardagina gapiriladi.Tojikistondagi urush natijasida 100 mingdan ortiq insonlar halok bo‘ldi, 600 mingga yaqin tojikistonliklar qo‘shni mamlakatlardagi qochoqlarga aylandi, mamlakat ichkarisida bir millionga yaqin ishsizlar soni paydo bo‘ldi. Urush Tojikiston iqtisodiyotiga yetti milliard dollar zarar keltirdi. Atoqli olimlar, malakali shifokor, injener, o‘qituvchilar mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi (Rossiya fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti “Rossiya va musulmon dunyosi” almanaxidan olindi). Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Oliy Kengashning 16-sessiyasi 25 yilligi yubileyida nutq so‘zlar ekan, Tojikistondagi fuqarolar urushi mamlakat iqtisodiyotiga 10 milliard dollar miqdorida zarar keltirganini ochiqladi.
Bugun Tojikiston xalqi bir necha yildan beri tinch, osuda hayot kechirib kelmoqda, biroq besh yil mobaynida davom etgan urushning oqibatlari hozirda ham tojikistonliklarning iqtisodiy va ijtimoiy hayotiga ta’sir o‘tkazib kelmoqda.
Jahongir Ergashev tayyorladi.
Izoh (0)