Oxirgi paytlari “tarqab ketgan to‘qson olti urug‘”ga o‘xshab boryapmiz. Aqllar oqimi, “intellektlar bo‘roni” yopirilishi o‘rniga, aksincha, tobora chetga – orzuyimizdagidek yashash imkonini beradigan manzillarga oshiqyapmiz. Olim-u oqilning uzoqlashgani bugun bilinmasa-da, ertaga zarar-ziyonimiz hozirgidan ko‘proq chiqishi aniq. Ehtimol, kun kelib, bari o‘rniga tushar, umidlar ushalar, ammo buning achchiq ichakdek cho‘zilgani yomon.
Tarixchi-sharqshunos, xitoyshunos, ko‘plab grant dasturlar sohibasi, olima Dilnoza Duturayeva bilan fanda ayollar o‘rni, gumanitar fanlar kelajagi, manfaat-tamaga qorilgan ilm va og‘riqli muammolarimiz haqida suhbatlashdik.
– “Ilmni Chindan bo‘lsa ham borib o‘rganing” da’vati sira eskirmaydi. Sizning misolingizda bu takroran isbotlandi. Ilm yo‘li – taqdiringiz ekaniga qachon ishongansiz? Muayyan sabablar bo‘lganmi yoki bolalikdagi havas keyinchalik asosiy faoliyatga aylandimi?– Bolaligimda professor Indiana Jons haqidagi filmlarni ko‘rib katta bo‘lganman. Albatta, bu to‘qima obraz, ammo tarixchi-arxeologning hayoti shunday qiziqarli sayohatlar va sarguzashtlarga boy bo‘ladi, deb o‘ylaganman. O‘quvchiligimda turli ilmiy kashfiyotlar qilgan shaxslarning biografiyasini o‘rganishga qiziqardim. Masalan, afsonaviy Troya shahrini izlab topgan Genrix Shliman, yoki qadimgi Misr yozuvi sirlarini yechgan Jan-Fransua Shampolon va boshqalar. Biroq men o‘qigan kitoblarda yirik kashfiyot qilgan olimlar orasida ayollar soni negadir kam edi. Tarix fani darslarida ham ayollar o‘rni masalasi chetda qolardi. Bu esa adoqsiz savollarga yo‘l ochaverardi. Ehtimol, shularga javob topish uchunam tarix sohasini tanlagandirman...
– Ikki yillik grantni yutib, qo‘shimchasiga fransuz tilini o‘rganib (bu sakkizinchi tilingiz ekan!), hozir Parijda ilmiy ishingizni davom ettirayapsiz. Fransiyada ilmiy ish qilish, tadqiqot o‘tkazish ko‘pchilikning orzusi bo‘lsa kerak. Tadqiqot tugul, shundoq borib-qaytishning o‘zi serzavq. Siz esa o‘tgan yildan beri shu o‘lkadasiz.– Fransiyadagi loyiham bevosita Germaniyada Bonn universiteti sinologiya, ya’ni xitoyshunoslik bo‘limida olib borgan ilmiy ishim bilan bog‘liq. Ayni kunlarda Qoraxoniylar davrida Buyuk Ipak yo‘li tarixiga bag‘ishlangan ilmiy monografiya ustida ishlayapman. Parijda kitobimni yakunlab kelishim kerak. Aksarimiz Qoraxoniylar sulolasi haqida ham yaxshi ma’lumotga egamiz, deb o‘ylaymiz. Biroq Qoraxoniylar davri tarixini o‘rgangan har qanday tadqiqotchi manbalarning kamligi va ulardagi ma’lumotlarning qisqaligidan yozg‘iradi.
Qoraxoniylar sulolasi IX asr o‘rtalaridan XIII asr boshigacha bo‘lgan davr oralig‘ida hukmronlik qilib, eng yuksalgan davrida hozirgi Eronning shimolidan Xitoyning g‘arbiy yerlarigacha bo‘lgan ulkan hududni boshqargan. Bu tariximizda oxirgi yillari tez-tez “Birinchi renessans” atamasi bilan ataydigan ilm-fan, san’at va shaharsozlikning rivojlangan davriga to‘g‘ri keladi. Qoraxoniylar davrida qad rostlagan binolarni oling, ularda iqtisodiy jihatdan kuchli davlat izi yaqqol bilinadi. Har qanday iqtisodiyotning asosini esa bugun ham xalqaro savdo tashkil etadi. Lekin biz sulolaning tashqi siyosati, xalqaro savdo munosabatlari, Buyuk Ipak yo‘lidagi faoliyati, Xitoy bilan aloqalari kabi masalalarni arab va fors tilidagi manbalardan foydalanib o‘rgana olmaymiz. Sababi, ularda ma’lumot juda kam. Sharqshunoslik sohasidagi an’analar esa Markaziy Osiyoning islom davri tarixini faqat arab va fors manbalari asosida o‘rganadigan mutaxassislarni yetishtirgan. Natijada, Markaziy Osiyoning o‘rta asrlar davri tarixini o‘rganishda xitoy tilidagi manbalarga deyarli murojaat qilinmaydi. Xitoyshunoslik sohasida tayyorlanadigan kadrlar esa arab-fors manbalari haqida ma’lumotga ega emas. Kamiga, O‘zbekistondagi sinologiya sohasi faqat zamonaviy xitoy tilini o‘rgatish bilan cheklanib qolgan. Qadimgi xitoy tili va manbalarini biladigan mutaxassislar yo‘q hisobi. Shu sabablar birlashib, aspiranturadan keyin Xitoyga, qadimgi xitoy tilini o‘rganishga ketishimga turtki bo‘ldi. Hozirgi ilmiy ishimni Qoraxoniylar davriga oid arab va fors tilidagi manbalar qatorida, qadimgi xitoy tilidagi manbalarni o‘rganib, davom ettiryapman.
Qoraxoniylarning Xitoydagi diplomatik va savdo faoliyatiga oid bir qator ma’lumotlarni (shu choqqacha bizga noma’lum edi) tiklashga erishdim. Ilmiy ishimning asosiy maqsadi — Qoraxoniylar davrida Buyuk Ipak yo‘lining rivoji va Xitoy bilan bog‘lovchi yangi tarmoqlarning paydo bo‘lganini ko‘rsatib berish. Manbalardagi ma’lumotlar kamligi va ba’zi tarixiy geopolitik jarayonlar tufayli xalqaro ilmiy jamiyatda Qoraxoniylar davrida transkontinental Buyuk Ipak yo‘li inqirozga uchragan, degan qarash ustun. Qo‘limdagi hujjat va manbalar esa bu qarashni butunlay inkor etadi.
Ko‘pchilik: “Bizning tariximiz Germaniya va Fransiyaga nima uchun qiziq?” – deb so‘raydi. Men tadqiqot olib borayotgan soha bo‘yicha O‘zbekistonda mutaxassis yo‘q, ammo Yevropada bor. Bunga sabab hozirgi zamonaviy tarix fanida “bizning” va “boshqalarning” tarixi degan tushunchadan voz kechilayotganida. Barcha xalqlarning tarixi – biz yashayotgan dunyo tarixidir. Markaziy Osiyo xalqlari tarixi ham global kontekstda kishilik tarixining bir bo‘lagi sifatida o‘rganiladi.
– Ilm izlab ko‘p davlatlarda bo‘lgansiz. Nomdor universitet kutubxonalarining eshigi siz uchun ochib berilgan. Qimmatli manbalar, adabiyotlar bilan ishlash jarayoni ham qiziq, ham sermashaqqat bo‘lsa kerak?– To‘g‘ri aytasiz, qadimgi yozma manbalar va ilmiy adabiyotlar bilan ishlash uchun tadqiqotchidan, nafaqat, zarur bilim va ko‘nikma, yana ulkan sabr va qattiq intizom ham so‘raladi. Uzoq vaqt talab etiladigan ilmiy izlanishlar har doim ham kutgan natijani beravermaydi. Bunga tayyor bo‘lish kerak. Biroq manbalar ichida shu paytgacha fanga noma’lum biror ma’lumotni topsangiz, bo‘ldi – o‘zingizni yirik kashfiyotchidek his qilasiz.
Germaniyada ishlaganimda Bonn universiteti sinologiya bo‘limidagi ish kabinetimni yaxshi ko‘rar edim. Negaki, kutubxonadagi kitoblar ilmiy xodimlarning xonalarida mavzu va davriga qarab joylashtirib chiqilgan edi. Bu ilmiy xodim uchun okean oldida turishdek gap. Parijda esa Fransuz milliy kutubxonasining Rishele korpusida ishlashni yoqtiraman. O‘tmishda mazkur binoda fransuz qirollarining kutubxonasi joylashgan bo‘lib, hozirgi kunda g‘arb va sharq tillaridagi qo‘lyozmalar fondi bilan dunyoga mashhur.
– Keling, endi o‘zimizdagi ilmiy faoliyatga to‘xtalsak. O‘zbekistonda ilmiy ish boshlagan yosh tadqiqotchi ko‘pincha adabiyotlarning kamligi, dissertatsiyalarning elektron katalogi to‘liq shakllanmaganidan yozg‘iradi. “Ziyonet.uz”, “Natlib.uz”lardagi dissertatsiyalarning hammasidan ham to‘liq foydalana olmaysiz. Bunday omillar tadqiqotchining shashtini so‘ndirib, ishining cho‘zilishi yoki puxta chiqishiga to‘siq emasmi?– Haqiqatdanam, bizda ilm-fanni raqamlashtirish sohasi tegishli ravishda ishga tushirilmagan. Xorijiy ilm-fan yutuqlari naryoqda tursin, o‘zimizda amalga oshirilayotgan ilmiy ishlardan ham erkin foydalana olmaymiz. Har bir tadqiqotchi o‘z kabineti, laboratoriyasi yoki uyida o‘tirib, hech bo‘lmaganda bir qator yirik ilmiy ma’lumotlar ba’zasidan foydalanishi kerak. Tadqiqotlar samaradorligi va ilm-fan rivoji uchun ham bu masalani jiddiy ko‘rish kerakmikan... Ayniqsa, pandemiya davri bizga ko‘p sohalarda ortda qolayotganimizni yaqqol ko‘rsatdi.
Masalan, raqamli tarix sohasini olaylik. O‘zbekistonda bu yo‘nalish umuman mavjud emas. O‘zini zamonaviy tarixchiman degan nafaqat, an’anaviy tarixiy usullardan, yana raqamli texnologiyalardan foydalanib ishlashi shart. Bizda raqamli tarix yoki tarixiy informatika sohasidagi mutaxassislarga ehtiyoj katta. Bu soha avval tarix fakultetlari o‘quv dasturiga kiritilib, keyinchalik alohida mutaxassislik sifatida ochilsa, tez fursatda samarasini beradi, menimcha.
Raqamli tarix tarixiy tahlilni matstatistika orqali amalga oshirishga, tarixiy obidalarimizning 3D vizualizatsiyasini, tarixiy voqealarning kompyuter modellarini va eng muhimi tarixiy manbalar va hujjatlarning ma’lumotlar bazasini yaratishga imkon beradi. Masalan, Germaniyada sharq tarixi va madaniyati bo‘yicha yaxlit “CrossAsia” onlayn platformasi mavjud. Ushbu platformaga nafaqat Germaniyaning ilmiy resurslari, balki boshqa davlatlarning ilmiy ma’lumotlar bazasi ham kiritilgan. Ya’ni, tadqiqotchi Germaniyada ishlab turib, Xitoyning ilmiy jurnallari, adabiyotlari va qadimgi yozma manbalarning raqamli nusxalaridan bemalol foydalanishi mumkin. Xitoy tilidagi tarixiy yozma manbalarni raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarni e’tirof etaman. Ulardan eng yirigi “Scripta Sinica” loyihasi bo‘lib, 1984-yildan shu kungacha loyiha doirasida jami, taxminan, 750 mln iyeroglifdan iborat 1300 dan ortiq yozma manbaning raqamli nusxasi yaratilgan va bu jarayon davom etmoqda.
Ilm-fanda ochiqlik va bilimlardan erkin foydalanish prinsiplariga rioya qilish muhimdir. Biz, ko‘pincha, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan qo‘lyozmalar fondi bilan faxrlanamiz. Lekin ularni o‘rganish uchun mutaxassislar yetarli emas, deb noliymiz. Bu qo‘lyozmalardan faqat O‘zbekiston olimlari emas, butun dunyo ilm ahli foydalanishi ham kerak. Qo‘lyozmalarni raqamlashtirish loyihasi orqali tariximizni tadqiq etishda yangi natijalarga erishamiz, qo‘shimchasiga, noyob merosimizni avlodlarga ham yetkazgan bo‘lamiz. Albatta, bunday yaxlit bazani yaratish oson va qisqa muddatli ish emas. Sharqshunoslik instituti xorijiy jamg‘armalardan olgan grantlar hisobiga bu jarayonni boshlashga uringan. Biroq bu loyiha tegishli tashkilotlar tomonidan markazlashgan holda amalga oshirilishi zarur. Innovatsion rivojlanish vazirligi tarix va sharqshunoslik sohasidagi loyihalarga maxsus grantlar ajratsa, mutaxassislar tadqiqot mavzusi doirasida har bir loyihada to‘plagan manba va hujjatlarning ma’lumotlar bazasini yaratib borsa, keyinchalik bu materiallar O‘zbekistonning raqamli tarix platformasiga aylanishi mumkin. Biroq bu ishni boshlashdan avval tegishli institutlarni texnologik uskunalar va personal bilan ta’minlash, yosh tadqiqotchilarni raqamli tarix (Digital History), raqamli gumanitar fanlar (Digital Humanities) kabi yo‘nalishlar bo‘yicha xorijga o‘qish va stajirovkaga jo‘natish kerak.
– Ilm-fanda chinakam rag‘bat ko‘rsatish, jamiyatga, xalqqa nafi yetadigan ishlarni qilish uchun nimalarga e’tibor qaratilgani, qanday yo‘llardan yurilgani ma’qul?– Birinchi navbatda xilma-xillikni ta’minlash kerak. Ya’ni, ilm qilish faqatgina bir toifa odamlar uchun yoki bir yo‘nalishdagi fanlar uchun qulayroq bo‘lmasligi kerak. Afsuski, hozir ma’lum fanlarga “yangi va istiqbolli yo‘nalishlar” nomi berilib, ularga ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Fundamental fanlar, jumladan, gumanitar fan yo‘nalishlari ko‘p holatda chetda qolayotir. Chunki bu yo‘nalishlardan keladigan foyda uzoq vaqtdan keyin bilinadi-da! Biroq innovatsion texnologik rivojlanishga bo‘lgan ehtiyojimiz gumanitar fanlarning qiymati va jamiyat uchun ahamiyatini anglashimizga ta’sir qilmasligi shart. Shu o‘rinda gumanitar fanlar bizga nima beradi degan savol o‘rniga gumanitar fanlar bo‘lmasa biz nima yuqotamiz, degan masala ustida o‘ylab ko‘rsak muammoning mohiyatini yaxshiroq tushunamiz. Umumiy aytganda, gumanitar fanlar bo‘lmasa, biz tanqidiy fikrlash imkoniyatini yo‘qotamiz. Tanqidsiz ilm bo‘lmaydi. Ya’ni gumanitar fanlar bo‘lmasa, boshqa fanlar ham bo‘lmaydi. Universitetlar tashkil topish tarixiga nazar tashlasak ham, ular aynan tanqid, ya’ni biror masalani tahlil va muhokama qilish uchun paydo bo‘lganini ko‘ramiz. Tasavvur qiling-da, universitetlardan tarix, falsafa va boshqa gumanitar fanlarni olib tashlasak, bu maskanlar endi universitet maqomiga ega bo‘lolmaydi va shunchaki texnik mashg‘ulotlar markaziga aylanadi. Har qanday universitet yoki ilmiy-tadqiqot instituti tanqid markazi bo‘lishi kerak, ya’ni, gumanitar fanlar taqdiri boshqalarni ham chuqur o‘yga solishi lozim. Negaki, gumanitar fanlar yo‘q bo‘lgan kun, biz bilgan universitetlar va ilm-fan o‘lgan kundir.
Bundan tashqari, so‘nggi yillari avj olgan Scopus va Web of Science kabi xalqaro ilmiy bazalarining ko‘rsatkichiga hamda “Hirsh indeksi”ga asoslanib ish tutish foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirishini anglamayapmiz, nazarimda. Hozirgi sharoitda, bizda mazkur bazalarda ilmiy maqolangiz bo‘lmasa va eng muhimi, u so‘nggi uch-besh yilda nashr qilinmagan bo‘lsa, grant olish imkoniyatingiz cheklanadi. Natijada, pul evaziga sifatsiz maqolalarni nashr etishga tayyor “talovchi jurnallar” biznesi rivojlanyapti. Eng qizig‘i, “Hirsh indeksi” gumanitar fanlar sohasiga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Negaki, “Hirsh indeksi” nazariy fizika sohasi olimlari uchun ishlab chiqilgan bo‘lib, uning ko‘rsatkichi bir sohadagi mutaxassislar soni bilan uzviy bog‘liq. Ya’ni, bir olim ishlayotgan mavzu bo‘yicha boshqa olimlar soni qancha ko‘p bo‘lsa, uning ishiga keltirilgan iqtiboslar soni ham shuncha ko‘p bo‘ladi va “Hirsh indeksi” oshib boraveradi.
Fikrimni noyob tarixiy manba ustida ishlayotgan tarixchi misolida ochiqlay. Aytaylik, u so‘g‘dshunos bo‘lsin. Bugun dunyo miqyosida bunday mutaxassislar sanoqli. Birinchidan, uning tadqiqoti bir necha yil davom etishi mumkin. Ikkinchidan, tadqiqoti nashr qilingach, faqatgina bir necha tor doiradagi mutaxassislar unga iqtibos keltirishi mumkin. Biroq bu bilan uning ishi ilm-fan uchun ahamiyatini yo‘qotmaydi. Shundan kelib chiqib, “Hirsh indeksi”ning ko‘rsatkichini barcha fanlarga nisbatan qo‘llash to‘g‘ri emas. Negaki, “Hirsh indeksi”ning ortidan quvish kelajakda qadimgi va o‘rta asrlar davri tarixi, o‘lik tillar, manbashunoslik kabi sohalar bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislarning kamayishiga olib keladi.
Afsuski, hozir ilmiy ishlar originalligi yoki saviyasiga qarab emas, balki soniga qarab baholanmoqda. Ilmiy bilimlar bozorga chiqarilganidek, moddiy foyda bilan o‘lchanmoqda. Natijada, ilmiy prinsiplarga sodiq olimlarimiz bilimlar hurmat qilinadigan davlatlarga ketib, o‘sha yerda ishlashni afzal ko‘rmoqdalar. Aytgancha, Germaniya va Fransiya ilmiy tashkilotlarining grant dasturlariga loyiha topshirish shartlarida bunday talab yo‘q. Shaxsan men, hech qayerda Scopus, Web of Science, “Hirsh indeksi” kabi iboralarni uchratmaganman. Odatda, tadqiqotchining tajribasiga qarab taqrizdan o‘tadigan nufuzli xalqaro jurnal va akademik nashriyotlarda chop etilgan ilmiy ishlar talab qilinadi.
Shu bilan birga, gumanitar fanlar sohasida jurnaldagi maqoladan ko‘ra, ko‘proq ilmiy monografiya yoki kollektiv nashrda maqola chop etish odatiy holdir. Bundan tashqari, tarix sohasidagi nufuzli ilmiy jurnallarning hammasi ham yuqoridagi xalqaro bazalarga kirmaydi yoki kirishni istamaydi. Masalan, bir necha yil oldin Germaniya ilmiy-tadqiqot institutlari Yelsevier tashkiloti bilan barcha munosabatlarni bekor qildi va Germaniyada chiqadigan ko‘plab ilmiy jurnallar unga qarashli Scopus bazasidan chiqib ketishni ma’qul ko‘rdi. Sababi, Elsevier tashkiloti daromad ilinjida ilm-fanda ochiqlik prinsipiga to‘sqinlik qilmoqda. Shu bilan birga Yevropaning boshqa bir qator davlatlari tomonidan ham Elsevier xizmatlari uchun bo‘lgan a’zolik to‘lovlari nihoyatda baland bo‘lishiga qaramasdan, ishlarning umumiy ilmiy saviyasi yetarli darajada yuqori yemas, deb qabul qilingan. Jumladan, Buyuk Britaniyalik paleontolog Jon Tennant The Guardian nashrida chiqqan maqolasida Elsevier tashkiloti ilgari surayotgan buzg‘unchi g‘oyalarni qattiq qoralaydi. Ilm-fanni bir tashkilot tomonidan boshqarishga bo‘lgan intilish xuddi, aytaylik, McDonald’s kabi yirik korporatsiya tomonidan barcha odamlarning ovqatlanish odatlarini nazorat qilishdek bema’ni, deb ta’kidlaydi. Bizda-chi, bu tashkilot bilan hamkor hamon bardavom.
O‘zbekistonda akademik tarix fani sohasiga keladigan bo‘lsak, 17-martda regulation.gov.uz saytida “O‘zbekiston Respublikasida tarix fani sohasini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Loyihadagi bir jihat diqqatimni tortdi. Konsepsiyaga ko‘ra, tarix fanini rivojlantirish bo‘yicha tayanch ilmiy muassasa etib Fanlar akademiyasining Tarix institutini belgilash va mazkur institut qoshida Tarix fani sohasidagi ilmiy faoliyatni muvofiqlashtirish Respublika kengashini tuzish ko‘zlangan. Bu kengash tomonidan esa 2021—2030-yillarda tarix fani sohasida tadqiq etiladigan bosh ilmiy yo‘nalishlar va mavzularni belgilash hamda barcha ilmiy va moliyaviy imkonlarni ularni amalga oshirishga yo‘naltirish rejalashtirilgan. Demak, butun bir fan sohasi bir guruh tomonidan boshqarilishi taklif qilinmoqda. Ya’ni, tarixchilarimiz faqat kengash tomonidan tasdiqlangan yo‘nalish va mavzular ustida ishlashlari mumkin bo‘ladi. Biroq ilm-fanda erkinlik va xilma-xillik prinsiplari joriy qilinmas ekan, rivojlanish bo‘lmasligini unutmasligimiz kerak. Bu konsepsiya asosida ish tutilsa, tarixchilarimiz faqat xorijda erkin ilm qilish imkoniga ega bo‘ladilar.
– Aksar qizlarimiz (albatta, O‘zbekistonda) ilm ortidan ergashishga negadir cho‘chiydi. Eplay olamanmi, yo‘qmi deb ikkilanadi. Oilaviy muammolardan qutulolmayotganlari esa ilm qilishni o‘ylashga ham qo‘rqadi. Ikkinchi tarafdan, ilmiy ish yozayotganining ko‘pi yo nufuz (status) ilinjida, yoki vaziyat taqazosi sabab boshqa bilimlining o‘rnini egallab turadi. Ilmni qulay vaziyat, mo‘may daromad, diplom yoki unvonga bog‘lash nechog‘lik to‘g‘ri?– Ilm qilish hamma yerda ham ayol kishi uchun oson bo‘lmagan. Ingliz tilida “to have it all”, ya’ni “hamma narsaga ega bo‘lmoq” iborasi muvaffaqiyatli ilmiy karera qilgan va baxtli ona bo‘la olgan ayollarga nisbatan ko‘p ishlatiladi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ayollar ikkovini ham uddalashi mumkin, lekin bir vaqtning o‘zida emas. Bizda qizlar, odatda, erta turmushga uzatiladi. Ya’ni, ilm yo‘lidagi birinchi qadamlari oila qurish bilan baqamti qo‘yiladi. Agar yosh olimaning oila a’zolari, yaqinlari uning salohiyatini to‘g‘ri baholab, madad bo‘lsa, qiyinchiliklar bilinmaydi. Biroq jamiyatimizda bunga o‘xshash holat kam uchraydi. Qo‘shimchasiga, ilm-fan sohasida ayollar oldida ko‘rinmas to‘siqlar talay. Bugun O‘zbekistonda yosh ayol tadqiqotchilarni astoydil qo‘llab-quvvatlashyapti. Ba’zan ayol bo‘lganing ham qo‘l keladi. Ammo bu gap keyingi ilmiy bosqichlarga tegishli emas.
Masalan, gumanitar fanlar yo‘nalishida ko‘proq qizlar o‘qiydi. Ilm qilaman deganining soni doktoranturada yigitlar bilan baravar bo‘ladi. PhD’ni himoya qilishga kelganda, tenglik pasayadi, doktorlik ishida avvalgidan-da ozchilik qoladi. Keyin-chi, gumanitar sohaning yuqori lavozimlarini asosan erkaklar egallaydi. Ilm-fan sohasi bo‘yicha qaror chiqaruvchi organlarda bir-ikki ayol topilsa-da, afsuski, bu vaziyatni o‘zgartirmaydi. Glass-ceiling — “Shisha shift” fenomeni O‘zbekiston ilm-fanida ham mavjud. Bu atama, aslida xalqaro ilmiy adabiyot va rasmiy hujjatlarda majoziy ma’noda ayollarning rahbarlik lavozimlariga erishishga imkoniyat bermaydigan ko‘rinmas to‘siqlarga nisbatan ishlatiladi. Ba’zi hamkasblarim bu “shift” O‘zbekistonda shishadan emas, balki temirdan yasalgan, deydi. Bunday muammolar yosh qizlarimizni qo‘rqitishi tabiiy. Agar ilm-fanda ulkan yutuqlarga erishgan ayollar soni ortaversa, jamiyatdagi kayfiyat, munosabat o‘zgaradi. Qizlarning o‘qishi va ilm olish darajasi oshadi.
Bir qator davlatlarda ilm-fan boshqaruvida gender muvozanatni saqlab turish uchun maxsus dasturlar orqali iqtidorli yësh olimalar aniqlanib, ulardan rahbar kadrlar taĭërlanib boriladi. Ajablanarlisi, zarur hollarda, xorijdan ham yësh olimalar jalb etiladi. Germaniyaning Maks Plank jamiyatining xalqaro Liza Maytner nomidagi dasturi bunga misoldir. Bu dastur asosida yosh olimalar o‘zi tuzgan ilmiy guruhga bosh bo‘lib, qisqa muddatda doimiy professorlik hamda ilmiy-tekshirish institutlarning rahbarlik lavozimlariga tayinlanishlari mumkin.
Shu yili Innovatsion rivojlanish vazirligi “Olima ayollar grantlari” tanlovini e’lon qildi. Juda quvondim. Ammo tanlov shartiga ko‘ra loyiha ijrochilari faqat xotin-qizlardan iborat bo‘lishi kerak. Bu esa ilm-fandagi xilma-xillik prinsipiga mutlaqo zid. Yaxshisi, olimalarga o‘z ilmiy guruhini tuzish imkonini beraylik. Ular esa ilmiy guruhga tadqiqotchilarni faqat ularning ilmiy salohiyatiga asoslanib jalb etishsin.
– Ilmiy ish qilayotgan bir qancha dugonalarim hamon qog‘ozbozlik, keraksiz tadbirlardan noliydi. Dissertatsiyasini yumaloq yostiq qilib yozib, tezda “olim”lik rutbasiga erishmoqchi bo‘lganlarning-ku son-sanog‘i yo‘q. Ilmga qora ko‘zoynak taqib qarayverganimizdan, uning mazmun-mag‘zini manfaatga qorishtirib qo‘ydik. Qachon bunday illatlarimizdan qutularkinmiz?– Men ishlaydigan sohada nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, doktorlik darajasini olmagan olimlar ko‘p. Biroq ularning har bir ilmiy tadqiqoti va monografiyasi bir necha doktorlik dissertatsiyaga teng keladi. Avval buning sababini tushunmasdim. Menimcha, himoya bilan bog‘liq ortiqcha qog‘ozbozlik va tadbirlardan charchagan ilm odami behuda ishlarga qimmatli vaqtini qizg‘anadi. Yana himoyadan o‘tayotgan ayrim ilmiy ishlarning saviyasi bu jarayondan xiyla uzoqroq turishga undasa kerak. Hozirgi kunda ma’lum ilmiy yutuqlarga erishgan tadqiqotchi dissertatsiyani himoya qilmay ham ilmiy daraja olishi mumkin. Balki bu vaziyatni o‘zgartirishga xizmat qilar.
Germaniya va Fransiyada oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim ikki bosqichdan iborat: doktorantura va habilitatsiya. 2017-yildan biz ham ikki bosqichli oliĭ ŭquv yurtidan keĭingi ta’limga qaĭta ŭtdik. Ushbu ikki bosqichga, tayanch doktorantura va doktorantura, deb nom berildi. Aslida shu ikki atamaning o‘zi ko‘p savollarni uyg‘otadi. Chunki “tayanch doktorantura” degan tushuncha boshqa davlatlarda yo‘q. Mayli, muhimi bu emasdir. Tayanch doktorantura va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun talab qilinadigan shartlar antiqa. Hali dissertatsiya himoya qilmagan yosh tadqiqotchidan ilmiy jurnallarda maqola nashr etish talabiga nima deysiz?! Ilm-fan rivojlangan aksariyat davlatlarda PhD dissertatsiyasini himoya qilmay turib, maqola chiqarishi shart emas. Bunda eng muhimi, tadqiqotchining dissertatsiyasi va uning himoyasi. Germaniyada, odatda, dissertatsiya yakunlangach, ilmiy rahbar va bir-ikki tashqi taqrizchining xulosasi yetarli bo‘ladi. Keyin bir necha mutaxassisdan iborat ilmiy kengash komissiyasi tuzilib, himoya kuni belgilanadi. Himoyadan so‘ng bir necha yil ichida dissertatsiyaning ilmiy natijalari, ayniqsa, gumanitar fanlar sohasida monografiya shaklda nashr etiladi.
Bizda-chi, yosh olim ilmiĭ daraja, ya’ni PhD’ni olgach, ilmiĭ izlanishlarini davom ettirishga, dissertatsiyasini monografiya shaklida nashr etishga na vaqt, na mablag‘ topa oladi. Ya’ni tayanch doktorantura va doktorantura tizimlari ŭrtasidagi oraliq davrda yësh olimlarni qŭllab-quvvatlash va rag‘batlantirish uchun maxsus mexanizm ishlab chiqilmagan. Shu tufayli, ikkinchi ilmiy daraja – fan doktorini (Doctor of Science) olayotgan yosh olimlar, ayniqsa, yosh olimalar ko‘p emas. Xorijda, ushbu davr post-doktorantura (doktoranturadan keyingi boshlang‘ich yillar) shaklida alohida stipendiya va grant dasturlari bilan moliyalashtiriladi. Bu grantlar, asosan, individual tadqiqotlar uchun beriladi. Gumanitar fanlar yoki matematika sohasida ilmiy ish qilayotgan tadqiqotchilar uchun bu ayni muddao. Sababi, ushbu fanlardagi ilmiy ishlarni, odatda, bir kishi amalga oshiradi.O‘zim ham shunday dasturlar orqali Xitoy va Germaniya universitetlarida tadqiqotlarimni davom ettirganman. Bunday dasturlarga bizning yosh olimlarimiz va ilm-fanimiz muhtoj. Post-doktorantlar, ya’ni falsafa doktori ilmiy darajasini endigina olgan yosh olimlar bir-ikki yil mobaynida xorijiy universitet va ilmiy markazlarda ishlab, yangi bilim va ilg‘or tadqiqot usullarini o‘rganishlari zarur. Bu olimlarimizning ham ilmiy o‘sishi, ham mamlakatimiz ilmiy salohiyati uchun muhim. Biroq, hammasidan avval yosh tadqiqotchilarning ish o‘rnini himoya qiladigan qonunchilik bazasini ishlab chiqish kerak. Aksar hollarda grant asosida uzoq muddatga ilmiy stajirovkaga ketayotgan yosh olimlardan ishdan bo‘shab ketish talab etiladi.
Germaniyada ikkinchi bosqich bo‘lmish habilitatsiyaga, ya’ni bizdagi doktoranturaga muqobil bo‘la oladigan boshqa tizimlar ham mavjud. Habilitatsiya qilmay ham professor maqomiga erishish mumkin. Buning uchun “yosh professura” dasturi joriy etilgan. Bundan tashqari, ilmiy guruhlarga rahbarlik qilgan tadqiqotchining tajribasi ham habilitatsiyaga tenglashtiriladi. Shu asnoda dissertatsiya va himoya bilan bog‘liq bo‘lgan ortiqcha ishlar o‘z-o‘zidan yo‘qoladi.
– Mana, siz grant dasturlari asosida juda ko‘p o‘lkalarda bo‘lgansiz. Biroq aksar yosh tadqiqotchilarimiz xalqaro tadqiqotlarda negadir kam qatnashadi. Ijodiy quvvati, salohiyati yetsa ham, yo yo‘lini topolmaydi, yo turfa ovora-sarsonlikdan hafsalasi o‘lib, qo‘l siltaydi-ketadi. Bunday yoshlarni qo‘llab-quvvatlaydigan biror jamg‘arma, ko‘proq grant dasturlari kerakmikan?– Yosh tadqiqotchilarni xorijda qo‘llab-quvvatlaydigan xalqaro jamg‘arma va tashkilotlar ko‘p. Til bilsangiz va ilm olishga intilsangiz, albatta, yo‘lingizni topasiz. O‘zimizda ham iqtidorli yoshlar uchun xorijda o‘qish imkonini beradigan “El-yurt umidi” jamg‘armasi bor. Afsuski, mazkur jamg‘armaning stipendiya va grantlari ma’lum bir fanlar bo‘yicha tadqiqot olib borayotgan yosh olimlarga mo‘ljallangan. Masalan, bu yilgi e’londa “mamlakat ilmiy-innovatsion salohiyatining eng muhim va tayanch bilimlarini yaratuvchi fanlar — matematika, kimyo, biologiya va geologiya yo‘nalishlarida” izlanayotgan yosh tadqiqotchilarga stipendiya ajratilishi qayd etilgan. Bundan tashqari, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi tomonidan moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanadigan loyihalar asosan yangi texnologiyalarni ishlab chiqarish, bozor va tadbirkorlik, innovatsion xizmat ko‘rsatish turlari kabi masalalarga qaratilgan. Bunday bir tomonlama yondashuv ilm-fan va jamiyat rivojiga zarar keltirishi aniqroq. Natijada, bilimli, biroq “yangi va istiqbolli yo‘nalishlar” yoki “eng muhim va tayanch bilimlarni yaratuvchi fanlar” qatoriga kirmaydigan sohalarda ilmiy faoliyat olib borayotgan yoshlar yo‘l chetida qoladi yoki ilm-fanning barcha sohalari birdek qadrlanadigan yurtlardan najot qidiradi.
O‘zimizda ilmiy tadqiqot olib borish uchun yosh olimlarga mo‘ljallangan grant dasturlarining talabi tushunarsiz. Masalan, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan e’lon qilingan yosh olimlarning loyiha tanlovida ishtirokchilar, albatta, Yoshlar akademiyasiga a’zo bo‘lishi kerak, deb shart qo‘yilgan. Yuqorida mazkur akademiya doirasida gumanitar fanlar sohasi deyarli qamrab olinmaganini ta’kidlab o‘tdim.
Yana bir muammo – yosh olimlar yoshiga qo‘yiladigan cheklovlar bilan bog‘liq. Bizda yosh olimlar 35—40 dan oshmasligi talab etiladi. Biroq ilm-fanga kimdir universitetni bitirishi bilan kirib kelsa, kimdir ilmiy faoliyatini ayrim sabablarga ko‘ra kechroq boshlaydi. Aytaylik, tadqiqotchi PhD’ni 25—27 yoshida himoya qildi. U ilmiy faoliyatini 10 yildan beri davom ettirsa-da, “yosh olim” hisoblanadi. Biroq, odatda, PhD’ni himoya qilish, ayniqsa, gumanitar fanlar sohasida o‘rtacha 35—40 yosh oralig‘ida kuzatiladi. Ya’ni dissertatsiyani endi himoya qilgan tadqiqotchi “yosh olim” maqomidan mahrum bo‘ladi va yosh olimlar uchun mo‘ljallangan loyihalar tanlovida qatnasholmaydi. Xorijda “yosh olim” iborasi o‘rniga “ilk bosqich tadqiqotchisi” (early stage researcher, early career researcher) iborasi qo‘llaniladi hamda tadqiqotchining tug‘ilgan yili emas, balki PhD’ni himoya qilgan yili hisobga olinadi.
– Oxirgi paytlari kitobxonlik haqida ko‘p, hatto me’yoridan-da ortiq gapirdik, turli targ‘ibot tadbirlarini o‘ylab topdik (mashina berishgacha bordik) va... maqsadimizga erisholmadik. Kishi o‘zi istab, ichki ehtiyojini to‘g‘ri anglab qo‘liga kitob olmas ekan, ommaviy ravishda, majburlab, tashviqot bilan haqiqiy kitobxonlarni “yaratish” qiyin masala. Qachon (haqiqiy) kitobxon xalqqa aylanamiz?– Bu savolga javob berish qiyin. Balki targ‘ibot tadbirlari uchun ajratilgan mablag‘larni jahon adabiyoti durdonalarini sifatli tarjima qilishga yo‘naltirish kerakmikan... Internetda ba’zi guruhlarning beg‘araz tarjima loyihalari tahsinga sazovor. Shunday loyiha va tashabbuslar moliyaviy rag‘batlantirilsa, ayni muddao.
– Siz umume’tirof etilgan olimalardan birisiz. Ilm yo‘liga kirmoqchi, lekin hanuz ikkilanib, hadiksirab yoki mavridini topolmayotgan yoshlarga maslahatlaringiz.– Ilm bilan shug‘ullanish qiyinchiliklardan tashqari o‘ziga yarasha “bonus”lariga ham ega. Shulardan eng muhimlarini sanab o‘taman.
Erkinlik va mustaqillik. Ayniqsa, ilmiy-tadqiqot institutida ishlasangiz, ilmiy ish mavzusini tanlashdan boshlab, ish vaqtingizni taqsimlashgacha bo‘lgan masalalarda erkinsiz. Ilmiy-tadqiqot granti asosida ishlasangiz, butunlay mustaqil ravishda faoliyat olib borasiz.
Ikkinchisi, siz uchun muhim bo‘lgan masala ustida ishlash sharoiti. Mavzu tanlashda berilgan erkinlik tufayli siz o‘zingiz muhim deb hisoblaydigan ish bilan shug‘ullanasiz va yana evaziga maosh olasiz.
Xorijga sayohat qilish va xalqaro ilmiy markazlarda ishlash imkoniyati. Ilmiy ishingiz orqali siz turli davlatlarda bo‘lib o‘tadigan konferensiya va simpoziumlarda ishtirok etasiz. Xorijiy universitetlarda o‘qish yoki ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish imkoniga ega bo‘lasiz.
To‘rtinchisi, dunyo bilimlarini rivojlantirishga xizmat qilish. Sizning ilmiy tadqiqotingiz qaysi mavzuda bo‘lishidan qat’iy nazar, dunyo bilimlarini boyitishga xizmat qiladi. Umuman olganda, ilmiy natijalaringiz ko‘zingizga kichik bo‘lib ko‘rinsa-da, sohangiz rivoji uchun ulkan xizmat qilgan bo‘lasiz. Ilm orqali bu dunyoni oz bo‘lsa-da, yaxshi tomonga o‘zgartirishni his etish biram yoqimli...
Charos Nizomiddinova suhbatlashdi
Ma’lumot uchun
Dilnoza Duturayeva
Tarixchi-sharqshunos, ilmiy izlanuvchi, turli madaniyat hamda tillarga chanqoq sayohatchi. Mediyevistika va sinologiya sohasida, jumladan, Xitoy va Markaziy Osiyo xalqlari o‘rtasidagi munosabatlar, Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab xalqaro savdo, diplomatiya, migratsiya va madaniy aloqalar tarixi mavzusida ilmiy tadqiqotlar olib boradi.
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetini tamomlagan;
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti aspiranturasida tahsil olib, 2011-yili nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan va 2020-yilga qadar mazkur institutning o‘rta asrlar davri tarixi bo‘limida katta ilmiy xodim lavozimida ishlab kelgan;
Germaniyaning Halle-Vittenberg universiteti va AQShning Viskonsin-Medison universitetida xalqaro stipendiya dasturlari asosida ta’lim olgan;
Xalqaro ilmiy-tadqiqot grant dasturlari bo‘yicha 2012—2013-yillari Xitoyning Nankin universitetida va 2015—2018-yillari Germaniyaning Bonn universitetida post-doktorant sifatida ilmiy tadqiqot olib borgan;
Hozirgi kunda Parijdagi Fransiya ijtimoiy fanlar oliy maktabida ilmiy faoliyatini davom ettirmoqda.
Izoh (0)