Ijtimoiy tarmoqlarda “O‘g‘il onasini shafqatsizlarcha kaltaklamoqda” sarlavhasi ostida xabarlar tarqalgan edi. Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Unda aytilishicha, video bo‘yicha Davlatobod tuman ichki ishlar bo‘limi, tuman hokimligi, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamda mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan.
Aniqlanishicha, holat Davlatobod tumanidagi 80-umumta’lim maktabi o‘quvchisi ishtirokida sodir bo‘lgan. O‘quvchining onasi va buvisi tomonidan unga nisbatan qilingan qo‘pol harakat va haqoratlarga bardosh bera olmasdan, stress ta’sirida kuch ishlatishga yo‘l qo‘ygan.
“Bu kun” dasturida xabar berilishicha, hodisaga telefon sabab bo‘lgan. Ona farzandining telefoni ishlamay qolgach, tuzatmasdan axlatga tashlab yuborgan. Bundan esa bolaning jahli chiqqan.
Ona va voyaga yetmagan shaxs bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, tomonlar yarashtirildi. Ularga nisbatan ogohlantirish choralari ko‘rilib, kelgusida bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi. Tegishli mutasaddi organlar tomonidan doimiy nazorat o‘rnatilgan.
Bundan avval Toshkentda 15 yoshli bolaning jinoyatchilikni orzu qilishini aytgan videosiga munosabat bildirilgan edi.
Izoh (0)