Ota-ona qaramog‘isiz qolgan 3 nafar bola Rossiyadan O‘zbekistonga qaytarildi, deb xabar bermoqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi.

Qayd etilishicha, 2025-yil 29-aprel kuni Moskva shahridagi “Altufyevo” ijtimoiy-reabilitatsiya markazi xodimlari hamrohligida O‘zbekistonga uch nafar voyaga yetmagan fuqaro qaytarildi.
Ushbu tashabbus Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi o‘rtasidagi muvofiqlashtirilgan hamkorlik natijasida amalga oshirildi.
Toshkent shahar IIBB huzuridagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida bolalar uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va psixologik yordam ko‘rsatish ishlari tezkor tarzda yo‘lga qo‘yildi.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan bolalarning yaqin qarindoshlari aniqlab, ularni oila bag‘riga qaytarish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.
Ma’lumot uchun: 2024–yildan hozirgi vaqtga qadar 40 nafardan ortiq voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarolari respublikaga olib kelinib, oilaviy muhitga qaytarildi.
Xorijdan O‘zbekistonga qaytarilgan bolalar
2024-yil avgust—sentyabr oylarida xorijda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 34 nafar bola O‘zbekistonga qaytarilgandi. Oktyabr oyida Rossiyada qarovsiz qolgan 8 oylik chaqaloq O‘zbekistonga, ota-onasi bag‘riga qaytarildi. Moskvadagi voyaga yetmagan huquqbuzarlarni vaqtincha saqlash markazidan 4 nafar bola O‘zbekistonga olib kelindi. O‘sha oyda Turkiyada ota-onasining qarovisiz qolib ketgan uch nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga qaytarildi. Noyabrda Dubayni tark etish taqiqlangan o‘zbekistonlik bolaga vatanga qaytishiga yordam berildi. Dekabrda Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan 15 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi.
Shuningdek, Rossiyaning Tiva Respublikasi Oq Dovurak shahrida vaqtincha ishlayotgan va hujjatlarini yo‘qotgan to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarilgandi.
- Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan 16 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi
- Rossiyada oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan o‘zbekistonlik ayolga yordam berildi
- Rossiyada mushkul ahvolda qolgan oila O‘zbekistonga qaytarildi
- Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan 11 nafar o‘zbekistonlik bola vatanga olib kelindi
- Xorijda ota-ona qaramog‘isiz qolgan 30 nafar bola O‘zbekistonga qaytariladi
Izoh (0)