Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan voyaga yetmagan qiz Turkiyadan O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasiga kelib tushgan ma’lumotlar asosida xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan voyaga yetmagan qizni vatanga qaytarish chora-tadbirlari boshlangan.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi va O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasining sa’y-harakatlari natijasida voyaga yetmagan qiz 15-aprel kuni Toshkent xalqaro aeroportida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligining mas’ul xodimlari tomonidan kutib olindi.
Hozirda u Toshkent shahar voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga vaqtincha joylashtirildi. Joylashtirishning muqobil shakli belgilangunga qadar qizga ushbu markazda zarur ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish rejalashtirilgan.
Voyaga yetmagan bolalarning doimiy ro‘yxatdan o‘tgan joyidagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari olib kelinayotgan bolalarni oilaviy muhitga qaytarish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rmoqda.
Xorijdan O‘zbekistonga qaytarilgan bolalar
2024-yil avgust—sentyabr oylarida xorijda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 34 nafar bola O‘zbekistonga qaytarilgandi. Oktyabr oyida Rossiyada qarovsiz qolgan 8 oylik chaqaloq O‘zbekistonga, ota-onasi bag‘riga qaytarildi. Moskvadagi voyaga yetmagan huquqbuzarlarni vaqtincha saqlash markazidan 4 nafar bola O‘zbekistonga olib kelindi. O‘sha oyda Turkiyada ota-onasining qarovisiz qolib ketgan uch nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga qaytarildi. Noyabrda Dubayni tark etish taqiqlangan o‘zbekistonlik bolaga vatanga qaytishiga yordam berildi. Dekabrda Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan 15 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi.
Shuningdek, Rossiyaning Tiva Respublikasi Oq Dovurak shahrida vaqtincha ishlayotgan va hujjatlarini yo‘qotgan to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarilgandi.
- Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan 16 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi
- Rossiyada oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan o‘zbekistonlik ayolga yordam berildi
- Rossiyada mushkul ahvolda qolgan oila O‘zbekistonga qaytarildi
- Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan 11 nafar o‘zbekistonlik bola vatanga olib kelindi
- Xorijda ota-ona qaramog‘isiz qolgan 30 nafar bola O‘zbekistonga qaytariladi
Izoh (0)