Dorama olamining muxlislari Janubiy Koreya kinematografiyasi har qanday didga mos loyihalarni taqdim etishini juda yaxshi biladi. Quyida siz uchun turli janrdagi seriallar to‘plamini tayyorladik. Ularni ikki narsa birlashtiradi — qiziqarli syujet va bir xilliklardan xolilik. Bu dramalarda qoliplar mavjud, ammo ular mohirona ishlatilgan va ahmoqona yoki zerikarli tuyulmaydi.
“Yovuzlik guli” (2020)
Pek Xi Son va Chxa Ji Von bir necha yildan beri baxtli turmush qurib kelmoqda. Ayol politsiya detektivi bo‘lib ishlasa, er metall interyer buyumlari yasash bilan shug‘ullanadi. Ji Von 18 yil avval sodir etilgan qotillikka juda o‘xshash yangi ishni tergov qilishga kirishadi. U har qanday yo‘l bilan jinoyatchini qo‘lga tushirishga ahd qiladi va kutilmaganda erining bu ishga aloqasi bo‘lishi mumkinligini anglaydi. Bir paytlar Xi Sonning ismi Do Kyon Su bo‘lgan ekan. U o‘tmish hayotini yashirish uchun ko‘p vaqt sarflagan, ammo endi uning sirlari fosh bo‘lishi mumkin.
“Ko‘chamizdagi telba” (2021-yil)
No Xvi O hamkasblari bilan birga yirik giyohvand moddalar sotuvchisiga qarshi reyd uyushtiradi, biroq buni rahbariyat bilan kelishmaydi. Natijada Xvi Oning sherigi og‘ir yaralanadi, u esa jinoyatchini shafqatsizlarcha do‘pposlaydi. Giyohvand moddalar sotuvchisi qochib ketadi, uning mollari esa sirli ravishda g‘oyib bo‘ladi. Bunday katta muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng, Xvi O ishdan chetlashtiriladi va psixologga yuboriladi. Tez orada u o‘zi kabi jiddiy ruhiy muammolarga ega bo‘lgan va xuddi o‘sha psixologga qatnayotgan qiz bilan tanishib qoladi.
“Bahor kechasi” (2019)
Li Chon In bir necha yildan beri Kvon Ki Sok bilan jiddiy munosabatda bo‘lgan kutubxonachi qiz. Bu juftlik allaqachon bir-birlarini yaxshi o‘rganib olishgan, muvaffaqiyatli karyera qurishgan va endi nikoh rishtalarini bog‘lashga tayyor. Biroq bir kuni dorixonada Chon In tasodifan Yu Ji Ho ismli dorishunosga duch keladi. Yolg‘iz ota bilan uchrashish Li dunyosini ostin-ustun qilib yuboradi va u birinchi ko‘rishdayoq yangi tanishiga ko‘ngil qo‘yganini anglaydi.
“Taxminan 1%” (2016)
Li Je In aqlli, kelishgan va badavlat yigit, bundan tashqari u nihoyatda takabbur va xudbin. Aynan shu yigit kelajakda oilaviy kompaniyani boshqarishi lozim. Biroq bobosi uni qayta tarbiyalash maqsadida nabirasi uchun vazifa o‘ylab topadi. Jen 10 oy davomida bobosining hayotini qutqargan boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bilan uchrashib yurishi kerak. Yigitning bu vazifani bajarish ehtimoli aslida 0 ga teng. Balki, muhabbat manmanlik va takabburlikni yengib chiqar?
“Tabiblik hikmati” (2020)
Otasining vafotidan so‘ng, Chon Von mashhur shifoxonaning bosh shifokori lavozimini meros qilib oladi va shu tarzda uning yangi egasiga aylanadi. U butun muassasani boshqarish o‘rniga, faqat uning bitta elita bo‘limiga e’tiborini qaratishga qaror qiladi. Shuningdek, tibbiyot institutida o‘qiyotgan paytida tanishgan bir nechta do‘stlarini ham ishga taklif etadi. Biroq Chon Von eng yaxshi shifokorlarni faqat g‘arazli maqsadda to‘plamaydi — u yashirin tarzda xayriya ishlari bilan ham shug‘ullanadi.
“Kameliya gullaganda” (2019)
Ton Bek — o‘g‘lini yolg‘iz tarbiyalayotgan ayol. Olti yil avval u Onsan shahriga ko‘chib kelib, “Kameliya” nomli bar ochgan. Shu vaqt mobaynida yolg‘iz ona farzandini to‘g‘ri tarbiyalashga va biznesini saqlab qolishga harakat qilgan. Kutilmaganda shaharga detektiv Xvan Yon Shik keladi va bir qator qotilliklarni tergov qilishga kirishadi. U Ton Bekka ko‘ngil qo‘yadi, ammo ayol uning g‘amxo‘rligiga qanday munosabat bildirish kerakligini bilmaydi. Buning ustiga, atrofda qotil ham izg‘ib yuribdi.
Izoh (0)