AQSHning Shimoliy Karolina shtatida istiqomat qiluvchi homilador ayol sog‘lig‘ida noxush alomatni sezdi va ChatGPT’dan o‘zidagi simptomlar haqida so‘radi. Sun’iy intellekt bergan tavsiyalari esa uning va farzandining hayotini saqlab qoldi. Bu haqda Motherly nashriga tayanib “Pravila jizni” xabar bermoqda.

Nataliya Terriyen o‘sha vaqtda homiladorligining uchinchi trimestri — sakkizinchi oyida edi. Bir payt u jag‘ mushaklarining taranglashib qolganini his qildi va ChatGPT’dan “nega jag‘imni qimirlata olmayapman?” deb so‘radi. Ayol ushbu holat jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini hatto tasavvur ham qilmagan edi.
Chat-bot Nataliyaga qon bosimini tekshirishni maslahat berdi va ayol bunga amal qildi. Qon bosimi ko‘rsatkichlari esa juda yuqori bo‘lib chiqdi, shundan so‘ng sun’iy intellekt unga zudlik bilan tez yordam chaqirishni tavsiya qildi.
Homilador ayolning qon bosimi kasalxonada 200/146 darajagacha ko‘tarildi. Shifokorlar bu holatni xavfli deb topib, chaqaloqni muddatidan oldin tug‘dirishga qaror qildi. Tibbiyot xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, Tarriyen o‘sha kuni uyquga yotganida, u qaytib uyg‘onmasligi mumkin edi.
Hozirda ona va bola sog‘-salomat. Bu voqea bilan yosh ona Instagram posti orqali bo‘lishdi va uning hikoyasi ijtimoiy tarmoqlarda tez tarqalib, million ko‘rishlar va layklar to‘pladi. Nataliya postida: “ChatGPT hayotimni saqlab qoldi”, deya yozgan.
Izoh (0)