Ijtimoiy tarmoqlarda bog‘cha tarbiyachisi bolaning oyog‘ini kuydirib qo‘ygani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani izoh berdi.

Maʼlum qilinishicha, 23-aprel kuni Namangan viloyati Pop tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro R.M. (1994-yilda tug‘ilgan ayol) voyaga yetmagan farzandi R.S. (2023-yil noyabrda tug‘ilgan qiz bola)ni vaqtincha parvarish uchun S.S.ga topshirgan.
Ma’lum vaqtdan so‘ng farzandini olgani kelganida bolaning oyog‘i kuyganidan xabar topgan.
Ayol bolani shifokorga olib borib, kuygan payti zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatilmagani ma’lum bo‘lgan. Shu tufayli ona va S.S. o‘rtasida nizo yuzaga kelgan.
Hozirda bola kuygani holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
So‘nggi oylarda bog‘chalarda bolalarga nisbatan qilingan qo‘pol munosabatlar
2025-yil 3-aprel kuni Samarqand viloyati Payariq tumanidagi bog‘chada bolalarga qo‘pol munosabatda bo‘lgan tarbiyachi ishdan olingani ma’lum qilindi. 27-mart kuni Toshkent viloyatidagi bog‘chada ham bolalarga qo‘pollik qilib kelgan tarbiyachi ishdan olingandi. 14-fevral kuni Samarqandning Jomboy tumanidagi bog‘chada tarbiyachi bolalarni urib, ularni haqoratlagani uchun jarimaga tortilib, ishdan ketgandi.
28-fevral kuni Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi bog‘chada tarbiyachi bolalarning qulog‘idan tortib, yuz va bosh qismlariga bir necha marotaba urgani aniqlandi. 21-fevralda Toshkentdagi bog‘chada bola stulga skotchlab qo‘yilgani ortidan tarbiyachi va uning yordamchisi ishdan bo‘shatildi. 6-fevral kuni Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi bog‘chada 6 yoshli bolaning tanasiga igna sanchib, tahdid qilingani aniqlandi.
6-yanvarda Toshkent viloyatidagi bog‘chada tarbiyachi bolalarning qulog‘idan tortib, bir necha marotaba urgani aniqlanib, ishdan olindi.
Izoh (0)