Haj va umra ziyoratlariga yuborish bilan aldab mablag‘larni o‘zlashtirish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda firibgarlik yo‘li bilan talab qilingan pullarni olayotgan gumonlanuvchilar ushlandi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Andijon viloyati IIB tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1986-yilda tug‘ilgan shaxs qo‘lga olindi. U tur firma orqali 2025-yilgi haj ziyoratiga fuqarolarni yuborish bo‘yicha, har bir ziyoratchi uchun 5 ming dollardan narx belgilagan.
Unga murojaat qilgan mijozning 3 nafar qarindoshlarini hajga yuborish uchun jami 15 ming dollar qilib berishini aytib, kelishilgan pullardan jami 6 ming dollarni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik juda ko‘p miqdorda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Toshkent shahrida yashovchi 1997-yilda tug‘ilgan ayol arizachi va uning 2 nafar tanishlarini haj va umra ziyoratiga olib borish evaziga har bir fuqaro uchun 4850 dollardan talab qilgan.
U Sergeli tumanida kimyoviy ishlov berilgan 14 550 dollarni olgan vaqtida ushlangan.
Ichki ishlar vaziri nomiga ariza bilan murojaat qilgan fuqaro Yakkasaroy tumanida faoliyat yurituvchi tur firma direktori umra ziyoratiga yuborgan fuqarolarning Madinadagi mehmonxonaga to‘lashi uchun 850 dollarni unga to‘latishga erishib, shu kunga qadar pullarni qaytarmaganligini maʼlum qilgan.
Bundan tashqari, xuddi shu MCHJ direktori umraga borish uchun 70 nafar fuqarolarning umumiy qiymati 42 ming 625 dollariga teng bo‘lgan aviachiptalarni olib ketib, pullarini shu kunga qadar bermasdan kelgan.
Holat yuzasidan jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a”, “b” bandlari (firibgarlik juda ko‘p miqdorda; o‘ta xavfli retsidivist tomonidan) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayni vaqtda mazkur MCHJdan zarar ko‘rgan fuqarolarning soni 101 nafar ekanligi aniqlangan.
Jamiyat direktori qamoqqa olinib ayni vaqtda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Aprel oyining o‘rtalarida Toshkentda to‘rt kishini hajga jo‘natish uchun 23,6 ming dollar olgan shaxs ushlangandi. Shuningdek, poytaxtda o‘tkazilgan tezkor tadbirda soxta sayyohlik firmalari faoliyatiga chek qo‘yilgandi.
O‘zbekistonda 2025-yil 1-sentyabrgacha “Haj va umra yagona portali” hamda uning mobil ilovasini ishlab chiqiladi. Bu orqali fuqarolarning ibodatlar va diniy rasm-rusumlarni amalga oshirishi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, haj va umra ziyoratlariga borishi bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatish jarayonida ortiqcha byurokratik tartibotlarni bartaraf etish maqsad qilingan.
Izoh (0)