Auto Shanghai xalqaro ko‘rgazmasi butun dunyodagi avtomobil ishlab chiqaruvchilar uchun muhim voqea hisoblanadi. U nafaqat istiqbolli modellar bilan tanishishga yordam beradi, balki yaqin yillarda avtomobil sanoati qaysi yo‘nalishda rivojlanishini trend va texnologiyalar nuqtayi nazaridan tushunishga imkon beradi.
1. Avtomobillardagi DeepSeek
Auto Shanghai 2025 ko‘rgazmasida Chat GPT’ning Xitoycha muqobili bo‘lgan DeepSeek bilan jihozlangan ko‘plab avtomobillar namoyish etilmoqda.
Masalan, ushbu texnologiya BMW konsernining Xitoy bozori uchun mo‘ljallangan barcha yangi modellarida qo‘llanadi. Nemis brendi rahbari Oliver Zipse Shanxaydagi avtoko‘rgazmada SI integratsiyasi 2025-yilning ikkinchi yarmidayoq amalga oshirilishini tasdiqladi.
DeepSeek boshqa mashhur avtomobil brendlari — neyron tarmoq texnologiyalarini qo‘llaydigan Hongqi, shuningdek, Nissan va Honda mahsulotlarida ham mavjud.
Avtomobillarda neyron tarmoqlarning keng qo‘llanishi avtosanoat rivojlanishidagi yangi bosqichdir. DeepSeek ovozli yordamchidan tashqari, aqlli tizimlarning keng doirasini boshqaradi: ko‘plab funksiyalarni nazorat qilish (ularni faollashtirish va o‘chirishdan tortib yo‘nalishni rejalashtirishgacha), interfeysni ma’lum foydalanuvchining odatlariga moslash, bulutli xizmatlar orqali o‘rganish va o‘z-o‘zini yangilash, xavfsizlikni ta’minlash va yarim avtonom haydash tizimlarini qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi.
Geely esa bundan ham ilgarilab, DeepSeek asosida qisman avtonom haydashni ta’minlay oladigan Xingrui nomli o‘z sun’iy intellekt tizimini yaratdi.
2. Avtomobil gidrolokatori
Auto Shanghai 2025 ko‘rgazmasining haqiqiy kashfiyoti Galaxy Battleship yo‘ltanlamasi bo‘ldi. U nafaqat “tank” kabi burilish, “qisqichbaqasimon” yurishi va joyida aylanish kabi funksiyalarga ega, shuningdek, u suvda ham yura oladi.
Bu avtomobilning sun’iy intellekti harakatlanishni maksimal darajada qulay qilish uchun “aqlli” to‘liq uzatmani boshqaradi. Model ko‘plab texnologik yangiliklarga ega — “raqamli shassi”dan tortib chidamli va o‘ta xavfsiz Golden Short Blade batareyasigacha. Gibrid quvvat tizimi uzluksiz ishlaydi: turli algoritmlar orasidagi o‘tish ko‘plab omillarga, jumladan, yo‘l qoplamasiga bog‘liq.
Geely Galaxy Battleship uchun 80 sm chuqurlikkacha bo‘lgan kechuvlar to‘siq emas. Ammo eng ajoyib xususiyati — avtomobilning ikki soatgacha suvda tura olishi va hatto suzish paytida besh uzel (9,26 km/soat) tezlikka erishishidir. Avtomobilda birinchi marta gidrolokator qo‘llangan, uzatmalar qutisi selektori esa yaxta dastagi shaklida yasalgan. Bortda avto sayohatchilar orzu qiladigan deyarli hamma narsa, hatto sun’iy yo‘ldosh aloqasigacha mavjud.
3. To‘liq qamrovli multimedia
Shanxay avtosalonida namoyish etilgan Mercedes-Benz Vision V konsepti kelajakda nemis brendining yangi V-Class’iga aylanadi. Model hashamatni ifodalab, o‘z segmentidagi modellarni Maybach’ga tenglashtirishga loyiq bo‘lgan mutlaqo yangi, o‘ta hashamatli darajaga ko‘taradi.
Bugungi kunda ergonomik o‘rindiqlar va o‘rindiqlar qatori orasidagi shishali elektroxrom to‘siq hech kimni hayratga solmaydi. Mercedes-Benz Vision V’ning eng ajoyib jihati — displeylar va dinamiklarning g‘ayrioddiy to‘plamiga ega ilg‘or multimedia tizimidir.
Ushbu VIP shatteldagi “xususiy xona” konsepsiyasi o‘yin boshqaruvchisi va Dolby Atmos fazoviy ovozini qo‘llab-quvvatlaydigan 42 ta audiotizim nurlatgichlari bilan boyitilgan. Polda split-ekran funksiyasiga ega va 4K o‘lchamli 65 dyuymli suriluvchi ekran yashiringan bo‘lib, tasvir yettita proyektor yordamida uzatiladi. Tasvir mashinaning yon oynalariga ham tushiriladi, bu esa 360 darajali ko‘rinish bilan to‘liq sho‘ng‘ish muhitini yaratadi. Yettita immersiv rejim mavjud — ishdan va o‘yinlardan tortib xarid qilish va karaokegacha. Oldingi o‘rindiqdagi yo‘lovchi va haydovchi ham e’tibordan chetda qolmagan — ular uchun uch ekranli Superscreen klasteri bor.
4. Batareyalarni 100 soniyada almashtirish
Hozirgi kunda elektromobillar faol ravishda benzinli avtomobillarni siqib chiqarishda davom etmoqda. Biroq ularning ichki yonuv dvigatelli avtomobillar ustidan to‘liq g‘alabasiga to‘sqinlik qiluvchi omillardan biri uzoq quvvatlantirish vaqti bo‘lib qolmoqda: benzin yoki dizelga ancha kam vaqt ketadi. Bu muammoni yangi turdagi batareyalarni joriy etish va avtomobil platformalarini yuqori kuchlanishli arxitekturaga o‘tkazish orqali yoki batareyalarning o‘zini tezda almashtirish usuli bilan hal qilish mumkin.
Auto Shanghai 2025 ko‘rgazmasida akkumulyatorlar yetkazib beruvchi CATL kompaniyasi bir vaqtning o‘zida akkumulyatorlarni tez almashtirish tizimiga ega turli brendlarning to‘qqizta elektromobilini namoyish etdi. Bu jarayon taxminan ikki daqiqadan kamroq vaqt talab qiladi.
FAW, Changan, BAIC, Chery va GAC brendlari bilan hamkorlik allaqachon Choco-SEB akkumulyatorlarini tezda almashtirish texnologiyasini joriy etish imkonini berdi. FAW Hongqi EH7, Changan Qiyuan A05 va A07, Deepal SL03, BAIC kompaniyasining Arcfox rusumi, Chery kompaniyasining iCAR V23 va GAC kompaniyasining Aion V Tyrannosaurus yo‘ltanlamasi ham qo‘shilgan butun Aion modellar qatorini bir narsa birlashtiradi: ulardagi quvvati tugagan batareyani avtomatlashtirilgan stansiyalarda deyarli zudlik bilan quvvatlangan batareya bilan almashtirish mumkin.
Texnologiyaning mohiyati oddiy. Elektromobillarga standartlashtirilgan akkumulyator to‘plamlari o‘rnatiladi va ularni almashtirish 100 soniya ichida amalga oshiriladi. Batareyalar turli xil bo‘lishi mumkin — LFP (litiy-temir-fosfat) yoki NMC (nikel-kobalt) — bu 600 kilometrgacha masofani bosib o‘tish imkonini beradi.
Choco-SEB akkumulyator almashtirish shoxobchalari 30 tagacha batareya uchun bo‘limga ega bo‘ladi va har bir shoxobcha kuniga 822 marta akkumulyator almashtirishni amalga oshira oladi. Faqatgina 2025-yilning o‘zida Xitoyda 1000 ta shoxobchadan iborat tarmoq yaratiladi, keyinchalik ularning soni 30 000 taga yetkaziladi. Bu xizmatdan obuna asosida foydalanish imkoniyati mavjud bo‘ladi.
5. “Kosmik” eVTOL
Auto Shanghai 2025 da vertikal uchish va qo‘nish imkoniyatiga ega eVTOL’ni taqdim etgan Hongqi kompaniyasi yangilik yaratmagan bo‘lsa-da, uning Tiannian 1 konsepti ommaviy ishlab chiqarishga juda yaqin. Birinchi sinov parvozi shu yilning o‘zida amalga oshirilishi kutilmoqda. Aytgancha, bu Hongqining aeromobil sohasidagi ilk tajribasi hisoblanadi.
Yerda Tiannian 1 hashamatli elektromobil bo‘lsa, osmonda undan kam bo‘lmagan hashamatli havo transporti vazifasini bajaradi. Aslida eVTOL g‘ildirakli arava va undan ajralib chiqishi mumkin bo‘lgan kapsula-kabinadan iborat. Havoda model 150 km/soat tezlikda 200 km masofagacha uchishi mumkin. Boshqaruv asosan ovozli va vizual interfeys orqali amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, Tiannian 1 hashamat darajasi bo‘yicha Hongqi’ning boshqa modellaridan qolishmaydi, shuningdek, ham yerda, ham havoda xavfsizlik standartlariga to‘liq muvofiq keladi.
Izoh (0)