“Bolaligimda qo‘y boqqanman, IT ortidan 18 yoshimda esa 100 ming dollar grant yutdim” deydi o‘z hikoyasida 23 yoshli Nilufar Omonova. U hozirda Samarqand shahridagi zamonaviy kasblarga ixtisoslashtirilgan o‘quv markaz rahbari. “Daryo” muxbiri samarqandlik eng yosh tadbirkor qiz bilan suhbatda bo‘ldi.
“Qo‘y boqqanim sabab shaharga intilardim”

— Jomboyda katta bog‘imiz bor. Bolaligimda o‘z qo‘llarim bilan ekin ekkanman, mol-qo‘y boqqanman. Tush vaqtlari mol boqishga qo‘limda kitob bilan borardim. Ichimda men Toshkentga ketaman, mol boqib yurishim kerakmas, degan olov bo‘lgan. Dadam Milliy universitetining Axborot xavfsizligi yo‘nalishi bor ekan, shunga kirsang, hamma joyda yo‘lingni topib ketolasan deb maslahat bergan. Shu bilan Toshkentda Milliy universitetga o‘qishga kirdim va dasturlash sohasida o‘qishni boshladim, deya o‘z hikoyasini boshladi Nilufar.
“Kovid-markazda farrosh bo‘lib ishladim”
— Dadam og‘ilxonadagi bir dona sigirni sotib, menga kompyuter olib berdi. Orada koronavirus sababli karantin boshlanib qoldi. Ota-onamga aytmay, “O‘zekspomarkaz”ning Kovid-markazida farrosh bo‘lib ish boshladim.
Uyimdagilar qo‘ng‘iroq qilib, kel, Samarqandga qaytmaysanmi, hamma joy karantinga yopildi, deyishdi. Yo‘q, yaxshi IT kompaniyada dasturchi bo‘lib ishlayapman, yaxshi pul topyapman, borolmayman, deb yolg‘on gapirdim. Lekin men ishlayotgan o‘sha kompaniya karantin sabab vaqtincha yopilgandi. Kovid-markazda kechki navbatchilikda ishlardim, shu sababli ota-onam qo‘ng‘iroq qilganda javob berolmasdim. Oxiri ular o‘sha IT kompaniya rahbariga aloqaga chiqib, barchasini bilib olishgan. Shundan so‘ng, ikki hafta farrosh bo‘lib ishlasam, yaxshi pul berishar ekan, deb ularga rostini aytdim. Shu joyda ishlab, bir so‘m pul topish qanchalik mashaqqat ekanligini bilish o‘zim uchun bir chellenj bo‘lgan, deydi u.
“Dars o‘tish uchun yerto‘ladagi xonani ijaraga olganman”

— U yerda ishimni tugatgach, somsa sotganman va bundan uyalmayman. Lekin ichimdan “Men Milliyning axborot xavfsizligi yo‘nalishida o‘qiyapman, nahotki joyim shu yerda” degan xayol o‘tardi. Halol mehnat qilsam ham, xafa bo‘lganman. Ammo baribir yo‘nalishimni ITʼga burib ketdim. Katta akademiya rahbari meni bepulga IT kursida o‘qitdi. Shundan so‘ng bir o‘quv markazning yerto‘ladagi xonasini ijaraga olib, o‘z kursimni ochdim. Hatto reklama berishga ham pulda muammo bo‘lganidan, baʼzi insonlar shu qiz yo‘lini topib ketsin, deya eʼlonlarimni tekinga chiqarib bergan. O‘sha paytda 18 yoshda edim.
O‘quvchilarim soni 70taga yetdi, avval 12 mln, keyin 15-20 mln so‘m topadigan bo‘ldim, dedi u.
“18 yoshimda 100 ming dollar grant yutdim”
— Ota-onamning xohishi bilan Samarqandga qaytdim, o‘qishimni ham u yerga ko‘chirdim. O‘sha paytdagi Samarqand hokimi tadbirkorlarning muammolarini hal qilib berayotgan videolarni ko‘rardim va negadir ishonmasdim. Bu piar, ishonish kerakmas, derdim. Shundan so‘ng dadamning qistovi bilan ularga Samarqandda IT markazi ochmoqchi ekanim va rejalarimni tushuntirganman. Qabulga kirdim. Men o‘z biznesimni boshlamoqchiman, 1 milliard pul kerak, ammo garovim yo‘q, dedim. Hokim garovsiz kredit berolmasligini, lekin shahar markazidan taʼmirlangan bino va ichidagi jihozlari bilan berishi mumkinligini aytgan. Shunday qilib, o‘quv markazimni ham ochdim.
Keyin Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan “Yoshlarning 100 ta eng ilg‘or g‘oyalari” tanlovi o‘tkazildi. Ariza topshirib, ularga maqsadlarimni tushuntirganimda menga 100 ming dollar grant mablag‘i ajratildi. 18 yoshimda qo‘limda 100 ming dollar bor edi. Shu bilan o‘quv markazim faoliyatini yanada kengaytirdim.
Hozirgi oylik daromadim o‘rtacha 5 ming dollar, 10 ming dollarga chiqqan paytlarim ham bo‘lgan. Markazdagi ustozlar esa 20 milliongacha oylik oladi, deydi yoshgina tadbirkor qiz.
“Uch oy ichida eng katta orzularimga erishdim — prezidentning qo‘lidan medal oldim”

— Bundan 3-4 yil avval, har kuni prezidentimiz bilan yuzma-yuz gaplashayotganimni tasavvur qilardim va o‘z yutuqlarim haqida oynaga qarab gapirardim. Davlat rahbari bilan ko‘rishaman desam, sen qishloqdan chiqqan oddiy qiz bo‘lsang, qanday ko‘rishasan deyishardi. Ammo men bir kun shu voqea ro‘y berishiga ishonganman.
2022-yilda Yoshlar kuni munosabati bilan meni Toshkentdagi konsertga taklif qilishdi, prezidentimiz ham kelishlarini aytishdi. Haqiqatdan konsertga keldim deb o‘ylasam, menga prezidentimiz tomonidan “Kelajak bunyodkori” medali berilgan. O‘sha paytda mendan baxtli inson yo‘q edi. “Barakalla, qizim, omad” degan gaplari hanuzgacha qulog‘im ostida jaranglaydi. Shundan keyin butun Jomboyliklar bolasini ITʼga o‘qitdi. O‘quvchilarim Dubay va boshqa ko‘plab shaharlardagi olimpiadalarda 1-o‘rinni olib kelyapti.
Undan 20 kun o‘tgach, prezidentimiz biz — IT sohasi vakillari bilan uchrashdi.
Har yili 20-avgust tadbirkorlar kuni sifatida nishonlanadi. Shu munosabat bilan eng ilg‘or tadbirkorni “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim. Uch oy davomidagi ketma-ket yutuqlar menga katta motivatsiya berdi, deydi Nilufar quvonch bilan.
“IT aslida qizlarning kasbi”
— Birinchi dasturchi ayol kishi bo‘lgan, lekin zamon o‘zgarib liderlik erkaklarga o‘tib ketgan. Qizlarga ota-onasi tikuvchi, hamshira bo‘l deydi. Lekin bu sohada birdaniga yaxshi daromad topish qiyin. Ko‘pchilik ota-ona qizini ITʼchi, tadbirkor bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bu kasb tavakkal deya, tinchgina davlat idorasiga kirib 3-4 million oylikka ishlab yuraversin deydi. Aslida, dasturchilik sohasi qizlar uchun. Soat 9dan kechki 6gacha ko‘chada ishlashni imkoni bo‘lmasa, masofadan turib ham bemalol ishlasa bo‘ladi, deydi u.
“Keyingi maqsadim — Ilon Mask bilan ishlash”

— Eng katta maqsadim, sunʼiy miya yaratib, laboratoriya tashkil qilish. Ilon Mask shu ustida ishlayapti, men ham to‘xtab qolmoqchi emasman. Tibbiyot va ITʼni birlashtirgan universitet ochish ham rejamda bor.
Avval maqsadim Samarqand markazidan ota-onamga uy sovg‘a qilish edi. Hozir esa o‘zgargan — ularga Toshkent markazidagi eng katta turar-joy majmuasidan va Dubay shahridan uy olib bermoqchiman.
Ilon Mask bilan ishlamoqchiman desam hamma kuladi, qo‘ysang-chi, deydi. Shu ishlarga 22 yoshimgacha erishdim — Tracker avtomobilim bor, sayohatlar qilaman, 20 kishidan ziyod jamoani boshqaraman, dadamga avtomobil sovg‘a qilganman. Bundan keyingisiga nega yo‘q? Albatta, amalga oshadi, bunga ishonaman, dedi bo‘lajak olima.
Komila Qalandarova suhbatlashdi.
Izoh (0)