BMTning Nyu Yorkdagi bosh qarorgohida BMT Bosh assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan 29-aprelni Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni deb e‘lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Hujjatga dunyoning barcha mintaqalaridan 80 dan ortiq davlat hammualliflik qilgan.
Rezolyutsiya O‘zbekiston prezidentining zilzila qurbonlariga hurmat ko‘rsatish va bu borada xalqaro hamkorlik zarurligini eslatish maqsadida xotira va birdamlik kunini ta‘sis etish to‘g‘risidagi tashabbusiga asoslangan.
2023-yil 16-mart kuni bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida O‘zbekiston yetakchisi tomonidan favqulodda vaziyatlar bo‘yicha ixtisoslashgan xalqaro tuzilmalar bilan amaliy hamkorlikni kuchaytirish zarurligiga alohida e‘tibor qaratilgandi.
Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni ilk bor 2026-yil 29-aprel kuni nishonlanadi. Bu sana 1966-yilda Toshkent shahrida sodir bo‘lgan vayronkor zilzilaning 60 yilligi munosabati bilan belgilandi.
Rezolyutsiya BMTga a‘zo davlatlar, BMT tizimidagi muassasalar va boshqa xalqaro tashkilotlarni Xalqaro kunni nishonlashga, xususan, aholini xabardorligini oshirish, favqulodda vaziyatlarga chidamlilik va tayyorgarlikni kuchaytirishga qaratilgan axborot-targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish orqali ko‘maklashishga chaqiradi.
Izoh (0)