AQSH Ukraina bilan minerallar bo‘yicha kelishuv bilan birga yana ikkita hujjat imzolamoqchi. Ammo Kiyev ularni o‘rganish uchun qo‘shimcha vaqt so‘ramoqda. Bu haqda Reyter agentligi xabardor manbalarga tayanib ma’lum qildi.

“Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv bilan birga yana ikkita qo‘shimcha hujjat imzolanishini istaydi. Kiyev esa bu ikki qo‘shimcha hujjat ustida yana ishlash kerak deb hisoblamoqda”, deyiladi agentlik xabarida.
30-aprel kuni Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal yaqin kunlar ichida Ukraina va AQSH o‘rtasida minerallar bo‘yicha kelishuv imzolanishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv Ukrainada boshqaruv va mablag‘larni tomonlar o‘rtasida teng taqsimlaydigan investitsiya jamg‘armasini tashkil etishni nazarda tutadi.
Financial Times gazetasi Ukraina rasmiylariga tayanib, Vashington va Kiyev shu haftaning o‘zida Ukrainaning barcha mineral resurslari, shuningdek, yirik energetika aktivlariga oid umumiy bitimni imzolashi mumkinligi haqida xabar bergan edi.
Shmigalning 27-aprel kungi AQSH moliya vaziri Skott Bessent bilan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha aytishicha, Kiyev va Vashington ilgari taqdim etilgan Amerika moliyaviy yordami yer osti boyliklari to‘g‘risidagi kelishuvda qarz majburiyati sifatida ko‘rsatilmasligi bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Nodir metallar bo‘yicha bitim imzolanishi fevral oyi oxirida, Vladimir Zelenskiyning Vashingtonga tashrif buyurganida barbod bo‘ldi. AQSH prezidenti Donald Tramp Zelenskiyni hurmatsizlik uchun koyidi, vitse-prezident Jey Di Vens kiyevlik mehmonni demokratlar uchun qadrsiz targ‘ibotchi deb atadi. Zelenskiydan janjal chiqqanidan so‘ng Oq uyni tark etish so‘raldi.
Izoh (0)