Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning may oyidagi uch kunlik sulh taklifini rad etdi. Bu haqda u o‘zining Telegram kanalida maʼlum qilgan.

Zelenskiy taklifni manipulyatsiya deb baholab, uch kunlik emas, balki 30 kunlik sulh zarurligini ta’kidladi.
Biz Ukrainada bu urushning bir lahzasini ham istamagandik va doimo tinchlikni o‘rnatish hamda xavfsizlikni ta’minlashga yordam bera oladigan barcha hamkorlar bilan iloji boricha tezroq ishlashga tayyorligimizni aytib kelmoqdamiz. Rossiya esa bularning barchasini muntazam ravishda rad etib, dunyoni chalg‘itmoqda va Qo‘shma Shtatlarni aldashga urinmoqda.
Hozir yana bir bor manipulyatsiya qilishga urinish: negadir hamma 8-mayni kutib, shundagina Putinning parad vaqtidagi sukunatini ta’minlash uchun o‘t ochishni to‘xtatishi kerak ekan. 8-mayni kutishga hech qanday asos yo‘q. O‘t ochishni bir necha kunga emas, balki darhol, to‘liq va so‘zsiz to‘xtatish kerak va bu kamida 30 kun davom etishi lozim, dedi Vladimir Zelenskiy.
Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan uch kunlik vaqtinchalik sulh e’lon qildi. Unga ko‘ra, 7-maydan 8-mayga o‘tar kechasi soat 00:00 dan 10-maydan 11-mayga o‘tar kechasi soat 00:00 gacha Rossiya tomonidan barcha jangovar harakatlar to‘xtatilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, xabarda agar Ukraina tomoni tinchlikni buzsa, Rossiya harbiy kuchlari “munosib va samarali javob” berishini bildirib, shu tariqa Rossiya Ukraina inqirozining asl sabablarini bartaraf etishga qaratilgan dastlabki shartlarsiz tinchlik muzokaralariga tayyorligini ma’lum qilgan.
19-aprel kuni Putin jangovar to‘qnashuv chizig‘ida 30 soatlik Pasxa tinchligini e’lon qilgan edi. O‘shanda u bu qaror insonparvarlik nuqtayi nazaridan qabul qilinganini ta’kidlagandi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy “Pasxa sulhi” e’lon qilinishi bilan darhol taklifni rad etgandi. Biroq uch soatdan so‘ng, u yana bir bayonot berib, Ukraina vaqtinchalik tinchlik doirasida jangovar harakatlarni to‘xtatishga rozi ekanligini ma’lum qilgandi.
Rossiya Mudofaa vazirligi 21-aprel kuni maxsus operatsiyani qayta boshlaganini ma’lum qildi. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, tinchlik davrida Rossiya tinchlik shartlarining 4900 marta buzilganini qayd etgan. Vladimir Zelenskiy esa o‘z navbatida Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiyning hisobotiga tayanib Rossiya tomonidan 2935 ta qoidabuzarlik sodir etilgani haqida xabar berdi.
25-aprel kuni Vladimir Putin AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan uchrashdi. Unda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni qayta boshlash imkoniyati muhokama qilindi. Bu Uitkoffning so‘nggi uch oy ichida Rossiyaga to‘rtinchi tashrifi va AQSH prezidentining maxsus vakili va Putin o‘rtasidagi uchinchi uchrashuv hisoblanadi.
11-aprel kuni Sankt Peterburgda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Uitkoff va Putin Ukrainadagi mojaroni hal qilish masalalarini muhokama qilgan edi. O‘shanda Rossiya prezidenti AQSHdan doimiy tinchlikni ta’minlashni so‘ragandi.
Izoh (0)